Xoʻjayev Porso, Porso Xoʻja Hasan (1867-yil, Buxoro — 1937-yil 25-oktabr, Toshkent) — Buxorodagi jadidchilik harakatining namoyandalaridan biri, Buxoro XSR va Oʻzbekiston SSR davlat va jamoat arbobi, pedagog.

Hayoti va faoliyati Porso Xoʻjayev 1867-yil Buxoro amirligining poytaxti Buxoro shahrida tavallud topgan. Buxoroda madrasa tahsilini olgan. 1890-yillardan jadidchilik gʻoyalariga qiziqa boshlagan. 1905-yildan Buxorodagi jadidchilik va „Yosh buxoroliklar“ safida yangi usul maktablari ochish va jadid gazetalarini chiqarish, koʻplab qiroatxona va kutubxonalar tashkil etishda faol qatnashgan. 1918-yil martdan Samarqand, Shahrisabz, Qarshi, Buxoroda amirlik tuzumiga qarshi kurashda ishtirok etgan.

Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) tuzilgach, Xatirchi va Karmana viloyatlari inqilobiy qoʻmitasi raisi (1920—1921-yillar), BXSR dehqonchilik noziri va nozir oʻrinbosari (1921-yil), Buxoro markaziy kasaba ittifoqi raisi (1922-yil), BXSR Markaziy Ijroiya Qoʻmitasi raisi (1922-yil avgust — 1924-yil noyabr) sifatida faoliay olib borgan. 1925-yildan Buxoro shahar ijroiya qoʻmitasi raisining oʻrinbosari, Buxoro okrugida yer islohoti boʻyicha komissiya raisi boʻlib, 1929-yildan Toshkentda koʻchib oʻtgan. Vafoti Porso Xoʻjayev BXSRning rahbar arboblari bilan birgalikda millatchilik va sovet davlatchiligiga qarshi harakatlarda ayblanib, 1937-yil 14-oktyabrda otishga hukm qilingan va shu yilning 25-oktabrida, 70 yoshida Toshkentda otib oʻldirilgan. 1962-yil 26-noyabrda oqlangan. Mukofotlari Porso Xoʻjayev Buxoro Xalq Sovet Respublikasining 1-darajali Qizil yulduz ordeni bilan taqdirlangan.

Manbalar

Turkum: Buxoro amirligida tugʻilganlar Turkum:Toshkentda vafot etganlar Turkum:Buxoro amirligi davlat arboblari Turkum:Buxoroda tugʻilganlar Turkum:Buxoro amirligi kishilari Turkum:Buxorolik kishilar Turkum:Buxoro madrasalarida tahsil olganlar Turkum:Jadidlar Turkum:Qatagʻon qurbonlari Turkum:Yosh buxoroliklar Turkum:Qizil Yulduz ordeni sohiblari Turkum:Buxoro Xalq Sovet Respublikasining 1-darajali Qizil Yulduz ordeni sohiblari Turkum:Oʻzbekiston inqilobchilari Turkum:SSSRda qatagʻonga uchragan davlat organlari rahbarlari Turkum:Oʻzbekiston SSRda qatl etilganlar Turkum:Sovet Ittifoqida vafotidan keyin oqlanganlar Turkum:KPSS safidan chiqarilganlar