„Torn“ () – amerikalik musiqachilar Scott Cutler va Anne Preven hamda angliyalik musiqachi Phil Thornalley yozgan qoʻshiq. Qoʻshiq dastlab Preven uchun solo qoʻshiq oʻlaroq yozilgan. Boshida Cutler va Preven tuzgan „Ednaswap“ rok guruhi qoʻshiqni jonli ijro etgan ammo, uni studiyada yozmagan.

„Torn“ qoʻshigʻi ilk bor 1993-yil daniyalik qoʻshiqchi Lis Sørensen tomonidan „Brændt“ („Yongan“) nomi bilan studiyada yozib olingan. Dan tilidagi matnni Elisabeth Gjerluff Nielsen yozgan. 1994-yil „Ednaswap“ guruhi ham qoʻshiqni studiyada yozgan. 1996-yil esa norvegiyalik-amerikalik qoʻshiqchi Trine Rein ham qoʻshiqning kaverini kuylagan.

„Torn“ avstraliyalik qoʻshiqchi Natalie Imbruglia 1997-yil ijro etganidan keyin global miqyosda tanildi. Imbruglia versiyasini Thornalley hozirlagan. Imbruglia ijrosidagi kaver London shahrida yozib olingan. Uni yozishda David Munday (solo-gitara), Thornalley (bas-gitara, ritm-gitara), Chuck Sabo (barabanlar), Henry Binns, Sam Hardaker (barabanlarni dasturlash) hamda Katrina Leskanichlar (bek-vokal) ishtirok etishgan. Imbruglia versiyasini Nigel Godrich miks qilgan.

Imbruglia ijrosidagi kaver Belgiya, Kanada, Daniya, Islandiya, Ispaniya va Shvetsiya xit-paradlarida, shuningdek, AQShda chop etiladigan „Billboard“ jurnali yuritadigan uch xit-paradda birinchi pogʻonaga koʻtarildi. Imbruglia ijro etgan kaverning jahon boʻylab toʻrt milliondan oshiq nusxasi sotildi. 2013-yilda „Q“ jurnalining „Eng sara 1001 qoʻshiq“ () deb nomlangan maxsus nashri uchun tuzilgan roʻyxatlarning birida „Torn“ qoʻshigʻi „Eng yaxshi pop qoʻshiq“ deb topildi. 2009-yilda „News.com.au“ nashri „Torn“ Avstraliya radiolarida 1990-yildan beri eng koʻp ijro etilgan qoʻshiq ekanini xabar qildi. Nashrga koʻra, qoʻshiq 1997-yilda eʼlon qilinganidan 2009-yilga qadar 300,500 martadan koʻproq radioda eshittirilgan, yaʼni kuniga oʻrta hisobda 75 marta efirga uzatilgan. Imbruglia versiyasini „Bolalar“ oʻzbek guruhi „Sogʻindim, ishon“ nomi bilan oʻzbek tilida kuylagan.

Sogʻindim, ishon „Torn“ qoʻshigʻining Natalie Imbruglia ijrosidagi versiyasini 1998-yil „Bolalar“ oʻzbek guruhi „Sogʻindim, ishon“ nomi bilan oʻzbek tilida kuylagan. Oʻzbekcha kaver matnini guruh qoʻshiqchisi Tohir Sodiqov yozgan. Imbruglia ijrosidagi kaver fa-major tonalligida, „Bolalar“ ijrosidagi kaver esa mi-major tonalligida ijro etilgan.

„Sogʻindim, ishon“ „Bolalar“ guruhining eng taniqli qoʻshiqlaridan biridir. 2024-yil kompozitsiyani „Ovoz“ dasturi qatnashchisi Xurshid Rustamov kuylagan. Rustamov hakamlar orasida oʻtirgan Sodiqov jamoasini tanlagan.

Manbalar

Havolalar

Turkum:Ednaswap qoʻshiqlari Turkum:Natalie Imbruglia qoʻshiqlari Turkum:Bolalar guruhi qoʻshiqlari Turkum:1993-yil qoʻshiqlari Turkum:Ingliz tilidagi qoʻshiqlar Turkum:Oʻzbek tilidagi qoʻshiqlar Turkum:Alifbo boʻyicha qoʻshiqlar