„Nega unday qilding sen?“ — „Bolalar“ oʻzbek pop-rok guruhi ijro etgan qoʻshiq. Guruhning 1990-yil chiqarilgan „1-albom“ nomli studiyaviy albomiga toʻrtinchi trek oʻlaroq kiritilgan. 1992-yil „Melodiya“ leybli bilan Toshmuhamedov nomidagi Toshkent grammofon zavodida chiqarilgan „Bolalar“ plastinkasiga ham kiritilgan. Qoʻshiq matnini ham, kuyini ham guruh aʼzosi Husan Sodiqov yozgan, ammo 1992-yilgi plastinkada unga kiritilgan barcha ashulaning soʻzi va kuyini guruh solisti Tohir Sodiqov yozgani eʼtirof etilgan.

„Nega unday qilding sen?“ qoʻshigʻi „Bolalar“ repertuaridagi eng keng tanilgan taronalarning biri boʻlib, guruh Oʻzbekistonda hamda qoʻshni mamlakatlarda shuhrat qozonishga hissa qoʻshgan. Qoʻshiqda muallif oʻzgaga turmushga chiqqan yoriga murojaat qiladi.

Qoʻshiqning bir necha versiyasi mavjud. „Bolalar“ guruhining 1998-yil eʼlon qilingan va asosan remikslardan iborat „8-albom“ nomli albomiga „Nega unday qilding sen?“ qoʻshigʻining remiksi uchinchi trek oʻlaroq kiritilgan. Shuningdek, taronaning sekinroq tempda ijro etilgan versiyasi ham bor.

Manbalar

Havolalar

Turkum:Bolalar guruhi qoʻshiqlari Turkum:1990-yil qoʻshiqlari Turkum:Oʻzbek tilidagi qoʻshiqlar Turkum:Husan Sodiqov yozgan qoʻshiqlar