Wanda Maximoff () Marvel kinematografiya koinoti (MKK) mediafranshizasidagi xayoliy qahramondir. Marvel Comics komikslaridagi ayni nomli qahramonga asoslangan. MKK filmlarida u Elizabeth Olsen tomonidan gavdalantirilgan. Filmlarga koʻra, Wanda va uning akasi Pietro sokoviyalik qochoqlar boʻlishib, ular ustida Hydra tadqiqot boʻlinmasi tomonidan tajriba oʻtkaziladi. U buyumlarni fikr yordamida boshqara olish qobiliyatiga sohibdir. Avvalboshda Qasoskorlar jamoasi bilan ziddiyatlari toʻqnashadi, ammo keyin jamoaga qoʻshiladi va jamoaning eng qudratli aʼzolaridan biriga aylanadi.

Wanda Visionni yoqtirib qoladi. Visionning vafoti va Thanos cheksizlik toshlari yordamida borliqning teng yarmini yoʻq qilgandan keyin u ruhiy tushkunlikka tushib qoladi va buning natijasida Westview shahrida anomaliya yaratib, shahar aholisi ongini nazorat qiladi, shahardagi obyektlarni esa molekulyar darajada oʻzgartiadi. Oxir-oqibat, u S.W.O.R.D. Agentligi va jodugar Agatha Harkness bilan toʻqnash kelib, shahar aholisi ongini ozod etadi. Keyinchalik, Wanda oʻzida yashirin kuch-qobiliyatlarini kashf etib, Scarlet Witchga aylanadi. Bundan tashqari, u Westview shahrida yaratgan Billy va Tommy ismli bolalari bilan birga boʻlish uchun Darkhold kitobidan foydalanadi. U ushbu kitob yordamida olamlararo sayohat qilish qobiliyatiga sohib boʻlgan America Chavez ismli qizni taʼqib etadi, bu esa Stephen Strange bilan ziddiyatga olib keladi.

Olsen tomonidan jonlantirilgan Wanda personaji ilk bor Birinchi qasoskor: Qish askari filmida koʻrinish berib, 2022-yilga qadar MKKning oltita filmida qatnashgan. Olsenning ijrosi koʻpchilik tomonidan ijobiy baholandi va unga koʻplab yutuqlarni, jumladan 2021-yilda Primetime Emmy Award, 2022-yilda Oltin globusni olib keldi.

Manbalar

Havolalar Wanda Maximoff Marvel Cinematic Universe Wiki saytida Wanda Maximoff Marvel.com saytida

Turkum:Filmlardagi ayol obrazlar Turkum:Marvel Comics ayol super qahramonlari