link=//upload.wikimedia.org/wikipedia/commons/thumb/9/9f/Female_inmates_in_a_classroom.jpg/300px-Female_inmates_in_a_classroom.jpg|alt=Four female prisoners in beige uniforms seated at desks . A teacher is supervising one of them.|thumb|300x300px| AQShda federal mahbuslar uchun taʼlim sinfi Qamoqxona taʼlimi — qamoqxonada yoʻlga qoʻyilgan har qanday taʼlim faoliyati. Kurslar bazaviy savodxonlik, oʻrta maktab ekvivalentlik dasturlarini, kasb-hunar taʼlimi va oliy taʼlimni oʻz ichiga olishi mumkin. Reabilitatsiya dasturlari, jismoniy tarbiya, sanʼat va hunarmandchilik dasturlari kabi boshqa tadbirlar ham qamoqxona taʼlimining bir shakli sifatida koʻrib chiqilishi mumkin. Dasturlar odatda qamoqxona tizimi tomonidan taqdim etiladi, boshqariladi va moliyalashtiriladi, shuningdek, masofaviy taʼlim dasturlari uchun mahbuslardan haq toʻlash talab qilinishi mumkin. Turli mamlakatlarda qamoqxona taʼlimining tarixi va joriy amaliyotlari farq qiladi.
Butun dunyo boʻylab qamoqxonaga tushganlarning taʼlim darajasi umumiy aholi koʻrsatkichlariga qaraganda oʻrtachadan pastroq. Qamoqxona taʼlimi koʻpincha mahbusni ozodlikka chiqqanidan keyin ish bilan taʼminlashga qaratilgan boʻladi. Qamoqxonalardagi taʼlim dasturlarini boshqarish va ularga qatnashish qiyin boʻlishi mumkin. Xodimlar va byudjet taqchilligi, taʼlim resurslari va kompyuterlarning yetishmasligi, mahkumlarni muassasalar oʻrtasida koʻchirish qayd etiladigan asosiy toʻsiqlardir. Mahkumlar darslarda ishtirok etishni istamasliklari mumkin va bu koʻp hollarda oʻtmishdagi taʼlim bilan bogʻliq muvaffaqiyatsizliklar yoki motivatsiyaning yetishmasligi tufayli sodir boʻladi.
Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, qamoqxonada taʼlim olish retsidiv jinoyatlarini kamaytirishning samarali usuli boʻlib, kelajakdagi qamoq jazolari xarajatlarini tejaydi. Birlashgan Qirollikda qamoqxonada taʼlim olish uchun sarflangan har bir funt ikki funtdan koʻproq kelajak harajatlarini tejaydi, AQShda esa har bir sarflangan dollar uchun stavka 4-5 dollarni tejaydi. Bunday taʼlim dasturlarining afzalliklariga qaramay, koʻplab mamlakatlarda qamoqxona taʼlimi darajasi pastligicha qolmoqda va qamoqxonalardagi taʼlimni moliyalashtirishni oshirishga urinishlarga qarshi boʻlgan. Muxoliflar qamoqxonadagi taʼlim pulni behuda sarflashini va mahbuslar imtiyozga loyiq emasligini taʼkidlaydilar.
Tarixi
Yevropa Yevropada qamoqxona taʼlimining tarixi va mavjudligi mamlakatlar kesimida katta farq qiladi. Skandinaviya mamlakatlari mahbuslarga taʼlim berish boʻyicha uzoq tarixga ega va ayniqsa Shvetsiya bu sohada kashshof hisoblanadi. 1842-yilda 35 yoshgacha boʻlgan mahbuslar uchun qamoqxona taʼlimi majburiy etib belgilandi, kasbiy taʼlimga ham alohida eʼtibor berildi, xususan, buni 1874-yilda Uppsala okrugi qamoqxonasida mahbuslarga yogʻochga ishlov berishni oʻrgatish uchun duradgor yollaganidan ham bilish mumkin. Daniyada voyaga etmagan jinoyatchilar 1850-yillardan boshlab taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻlgan, 1930-yildan taʼlim dasturlari ular uchun majburiy boʻlgan. Kattalar uchun qamoqxonalar 1866-yildan beri taʼlim dasturlariga ega va 30 yoshgacha boʻlgan barcha mahbuslarning taʼlim kurslarida ishtirok etishini talab qiluvchi qonunchilik 1952-yilda kuchga kirdi. Norvegiya 1851-yilda reabilitatsiya shakli sifatida taʼlimga eʼtibor qaratishga yoʻnaltirilgan oʻzining birinchi qamoqxonasini ochdi. 1875-yilga kelib mamlakatdagi barcha sakkizta qamoqxona mahbuslarga taʼlim berardi. Asr oxiriga kelib, qonunchilik amalda boshlangʻich va toʻliq oʻrta maktabni tugatmagan har qanday mahbusning qamoqxonada boʻlgan vaqtida taʼlim olishini taʼminladi. 2007-yildan buyon Norvegiyadagi har bir qamoqxonada mahbuslar uchun maktab mavjud. Finlandiyada 1866-yilda barcha mahbuslarning boshlangʻich taʼlim olishlarini taʼminlovchi qonun qabul qilindi. Garchi buyruqni amalga oshirishda amaliy qiyinchiliklarga duch kelingan boʻlsada, 1899-yilda yanada muvaffaqiyatli taʼlim islohoti amalga oshirildi, bu islohot 1975-yilgacha oʻzgarmadi. 2011-yil holatiga koʻra atigi 137 nafar mahkum mavjud boʻlgan Islandiya taʼlim dasturlarini faqat 1971-yilda amalga oshira boshlagan.
1939—1975-yillar oraligʻida Fransisko Franko hukmronligi davrida Ispaniyadagi qamoqxonalar oʻzlarining ogʻir sharoitlari va qatagʻon koʻlami bilan mashhur edi. 1978-yilgi Konstitutsiyaga koʻra qamoqxonalar majburiy mehnat emas, balki qayta tarbiyalashga yoʻnaltirilgan boʻlishi kerakligi eʼlon qilinishi bilan keyinchalik mahbuslarga boʻlgan munosabat birmuncha yumshadi. Universitetga kirish imkoni mavjud boʻlsa-da, 1992-yilda Human Rights Watch hisobotida koʻrsatilgandek, koʻpchilik qamoqxonalar faqat asosiy va baʼzi kasbiy taʼlim koʻnikmalarini taklif qiladi, mahkum ayollarning taʼlim olish imkoniyati esa erkaklarnikiga qaraganda kamroq. 2018-yil holatiga koʻra, Milliy masofaviy taʼlim universiteti mahbuslarga universitetda taʼlim berishga ruxsat etilgan yagona muassasadir. 1976-yilda Italiya qonunchiligi mahbuslar universitetda taʼlim olish huquqiga ega ekanligiga aniqlik kiritdi. Biroq axloq tuzatish muassasalari na oʻqituvchilarga kirish va na talabalarga imtihonlarni topshirish imkoniyatini taʼminlamaganligi sababli mahkumlar kurslarni tugata olmadilar. 1986-yildan boshlab qonunlar yumshatilib, 2000-yilda qoʻshimcha huquqlar belgilangach, mahbuslarning universitetda oʻqishi sifati yaxshilandi. Bu esa taʼlim olish imkoniyatini sezilarli darajada yaxshiladi. 2000-yillarning boshidan 2010-yillarning oʻrtalariga qadar qamoqxonalar va universitetlar oʻrtasida koʻplab hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan.
Angliyada qamoqxona taʼlimining rivojlanishidagi ilk muhim bosqich Robert Phillning 1823-yildagi parlament qonuni boʻlib, u barcha qamoqxonalarda oʻqish va yozish darslarini oʻtkazishga chaqirdi. 1850-yillarda qamoqxona xodimlari asosiy savodxonlikning muhimligini tan olgan boʻlsalar-da, ular mahkumlarga har qanday shaklda oliy maʼlumot berilishiga qarshi edilar, chunki, ularning fikricha, taʼlimning oʻzi hech qanday „axloqiy yuksalish“ni taʼminlamasdi. 1877-yildagi qamoqxona haqidagi qonun 1990-yillargacha amalda boʻlgan qamoqxona tizimining tamal toshi boʻlib xizmat qilgan deb hisoblanadi, u faqat „tor va tanlab olingan“ taʼlimni taklif qilgan. 1928-yilda Buyuk Britaniyadagi qamoqxonalarning aksariyati hali ham faqat eng asosiy taʼlim kurslarini taklif qilardi. 1958-yilga kelib qamoqxonalardagi taʼlim xodimlari soni koʻpaygan boʻlsa-da, boshqa sezilarli yutuqlar koʻzga tashlanmadi. Taʼlim dasturlari 1992-yilga qadar takomillashtirilmadi, bunda taʼlimni tanlov asosida autsorsing qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. 150 dan ortiq tashkilot ariza berdi. 1994-yilga kelib 125 ta qamoqxonada 45 ta taʼlim muassasasi mavjud boʻlib, ular turli xil taʼlim shakllari, shu jumladan, oʻrta va oliy taʼlimni taʼminladilar.
Rossiyada mahbuslarni reabilitatsiya qilishga urinishlar 1819-yilda, ehtimol, mamlakat tarixida birinchi marta amalga oshirilgan. Islohotlar ularni „taqvo va goʻzal axloq“ga oʻrgatishni ham oʻz ichiga olgan boʻlsa-da, yetarli boʻlmagan sharoit, oʻta qashshoqlik va boshqa xizmatlarning yoʻqligi tufayli buni taʼminlashning iloji boʻlmadi. Buning oʻrniga, dastlab shart-sharoitlarni umumiy yaxshilash ishlari amalga oshirildi, shundan soʻng „diniy va axloqiy tarbiya“ asta-sekin joriy etildi. 1918-yilda Rossiya qamoqxonalaridagi bolalarga jazo bilan bir qatorda taʼlim olish tavsiya qilindi. Biroq turli yurisdiksiyalar va idoralarning bir-biriga zid boʻlgan kun tartibi tufayli bir nechta taʼlim dasturlari amalga oshirildi xolos. 1920-yillarda Gulag qamoq lagerlarida savodsizlikni yoʻq qilishga harakat qilingan. Deyarli barcha oromgohlarda „siyosiy taʼlim“ fani, baʼzilarida esa tabiatshunoslik, madaniyat tarixi, chet tillari kabi darslar ham bor edi.
Shimoliy Amerika link=//upload.wikimedia.org/wikipedia/commons/thumb/5/5d/OrleansParishPrisonLiteracyClass1937.jpg/220px-OrleansParishPrisonLiteracyClass1937.jpg|alt=Black and white image of several prisoners, mostly of African heritage, sitting at a desk and writing. There are bars on the windows.|thumb| Yangi Orleandagi afroamerikaliklar uchun qamoqxona savodxonligi sinfi, 1937 yil Qoʻshma Shtatlarda XIX asr boshlarida mahkumlarga ruhoniylar tomonidan diniy taʼlim berilgan va birinchi marta Injil va boshqa diniy matnlarni oʻqishga yordam berish uchun dunyoviy qamoqxona taʼlim dasturlari ishlab chiqilgan. Mahkumlarni reabilitatsiya qilishga qaratilgan birinchi yirik taʼlim dasturi 1876-yilda boshlangan. New-Yorkdagi Elmira Reformatoriyasining boshligʻi Zebulon Brockway bunday dasturni amalga oshirgan birinchi shaxs edi. 1900-yilga kelib Massachusets, Ogayo, Pennsilvaniya, Indiana, Illinoys va Minnesota shtatlari taʼlimning „Elmira tizimi“ni qabul qildilar va 1930-yillarga kelib bu kabi taʼlim dasturlarini koʻpchilik qamoqxonalarda uchratish mumkin edi. Koʻp oʻtmay oliy taʼlim dasturlari ham paydo boʻldi. 1960-yillarda faqat toʻqqizta shtat mahbuslarga kollej darajasida taʼlim berishni taklif qilgan boʻlsa, 1983-yilga kelib bunday dasturlar aksariyat shtatlarda mavjud edi.
Qoʻshma Shtatlarda taʼlim dasturlarini qoʻllab-quvvatlash va va bunday dasturlarning mavjudligi koʻrsatkichlari oʻzgarib turdi, chunki mavjud siyosat reabilitatsiya va jinoyatchilikka qarshi kurashga qaratilgan edi. 1972 va 1995-yillar oraligʻida AQShdagi mahbuslar AQSh federal hukumati tomonidan boshqariladigan va talabalar uchun mablagʻ ajratadigan Pell Grants subsidiya dasturiga ariza topshirishlari mumkin edi. Biroq 1994-yilda Kongress „ Zoʻravon jinoyatchilikni nazorat qilish va huquqni muhofaza qilish toʻgʻrisida“ gi qonunni qabul qildi, u qamoqqa olingan kishilar uchun Pell Grants dasturini rad etdi. Natijada, 1990-yillarning boshida 350 ta qamoqxona oʻrta taʼlimdan keyingi taʼlimni taklif qilgan boʻlsa, 2005-yilga kelib atigi oʻnga yaqin qamoqxonada bunday imkoniyat mavjud edi; New-Yorkdagi bu raqam 70 tadan 4 taga kamaydi. 2015-yilda Prezident Barak Obama cheklangan miqdordagi mahbuslarga Pell grantlarini olish imkonini beruvchi pilot dastur yaratdi. 47 shtatdagi 200 dan ortiq kollejlar mahbuslar uchun taʼlim dasturlarini amalga oshirishga qiziqish bildirishdi. Pell taqiqi 2020-yil dekabr oyida bekor qilindi va AQShda qamoqqa olingan minglab odamlarning federal moliyaviy yordam olish huquqi tiklandi.
Kanadada qamoqxona taʼlimining rivojlanishi AQShniki bilan parallel. 1914 va 1936-yillarda qirollik komissiyalari ish dasturlarini hech boʻlmaganda maʼlum darajada reabilitatsiya, shu jumladan, taʼlim dasturlari bilan almashtirishni tavsiya qildilar. Biroq taʼlim dasturlari 1940-yillarning oʻrtalariga qadar odatiy holga aylanmadi.
Karib dengizi Barbadosdagi qamoqxona tizimi 1945-yilda tashkil etilgan. Taʼlim dasturlari 1956-yilda rasman kiritilgan va asosiy savodxonlik va hisob-kitoblar ilmiga qaratilgan. Ammo 1961—1966-yillardagi qamoqxona islohoti toʻgʻrisidagi qonun qabul qilinmaguncha mahkum ayollarga darslarga qatnashishga ruxsat berilmagan. 25 yoshdan oshgan mahbuslarga 1990-yilgacha, Barbados „Hamma uchun taʼlim“ boʻyicha Butunjahon konferensiyasi mandatini qabul qilgunga qadar, dasturlarda ishtirok etishga ruxsat berilmagan. Mandat, shuningdek, qamoqxona tizimida kasbiy va oʻrta taʼlimni taklif qilishni koʻrib chiqdi. Dominikan Respublikasida 2003-yildan boshlab qamoqxona islohoti oʻtkazildi, mamlakatdagi 35 qamoqxonaning deyarli yarmida asosiy savodxonlik kurslari majburiy boʻlib qoldi; mahbuslar darslarga ishtirok etishdan bosh tortsalar, ularga yaqinlar bilan uchrashuv kabi imtiyozlar berilmasdi. 2012-yil holatiga koʻra, Najayo ayollar qamoqxonasidagi 268 mahbusdan 36 nafari huquq yoki psixologiya boʻyicha universitet darajasini tamomlagan.