Isroil (, ) — Oʻrta Sharq oʻlkasida, Osiyoning gʻarbiy qismida, Oʻrta dengizning janubi-sharqiy boʻyida joylashgan davlat. Asosiy va rasmiy maydoni 22,072 kmBMT Bosh Assambleyasining 1947-yil 29-noyabr qarori bilan belgilangan hudud. Aholisi soni 2024-yilgi maʼlumotlarga koʻra 9,883,520 kishi. Poytaxti — Quddus (qisman tan olingan). Asosiy iqtisodiy, siyosiy va madaniy markazi — Quddus (bahsli) va Tel-Aviv. Rasmiy tili — ibroniy. Tan olingan til — arabcha.

Tabiati Isroil Oʻrta Sharqning Levant qismida joylashgan davlat. Mamlakat Oʻrtayer dengizining sharqiy qismida joylashgan boʻlib, shimolda Lubnon, shimoli-sharqda Suriya, sharqda Urdun va Gʻarbiy Sohil, janubi-gʻarbda esa Misr va Gʻazo sektori bilan chegaralangan. U 29° va 34° N kengliklari hamda 34° va 36° E uzunliklari orasida joylashgan.

Isroil davlatining suveren hududi (1949-yilgi Oʻt ochishni toʻxtatish kelishuvlari chegarasiga koʻra va 1967-yilgi Olti kunlik urush davomida egallangan yerlarni hisobga olmaganda) tahminan 20,770 kvadrat kilometr va hududning ikki foiz qismi suvdan iborat. Biroq Isroil hududining shakli shu qadar torki (gʻarbdan sharqqa eng keng joyi 100 kilometr, lekin shimoldan janubga 400 kilometr), Oʻrta yer dengizidagi eksklyuziv iqtisodiy zona hajmi mamlakat hududidan ikki karra kattadir. Isroil qonunlari amal qiluvchi hudud, Sharqiy Quddus va Golan tepaliklarini ham qoʻshib hisoblaganda 22,072 kvadrat kilometr va Isroil nazorati ostida boʻlgan hudud, jumladan harbiy nazorat ostida boʻlgan, qisman Falastinliklar tomonidan boshqariladigan Gʻarbiy Sohil bilan qoʻshib hisoblaganda 27,799 kvadrat kilometr.

Hajmi kichikligiga qaramasdan, Isroil turfaxil geografiyaga ega boʻlib, janubda Negev sahrosi, markazda Isroil vodiysi, Jalila, Karmel togʻ tizmalari va shimolda Golan tepaliklari mavjud. Aholining asosiy qismi Oʻrtayer dengizi boʻyidagi Isroil qirgʻoqboʻyi tekisliklarida istiqomat qiladi. Markaziy togʻliklardan sharqda Urdun vodiysi joylashgan boʻlib, Hermon togʻidan Hula vodiysigacha, Jalila dengizidan Oʻlik dengizgacha qamrab oluvchi ushbu hudud Yer yuzidagi dengiz sathidan eng past nuqta hisoblanadi. Janubroqda Arava choʻli va Isroilning eng janubiy nuqtasi hisoblanmish Qizil dengizidagi Eilat boʻgʻozi joylashgan. Negev choʻli va Sinay yarim orolining oʻziga xos jihatlaridan biri unda joylashgan yer eroziyasi koʻrinishlaridan biri, yoki „maxtesh“ yarim-doiralari boʻlib, ulardan eng yirigi 38 kilometrga choʻzilgan Ramon maxteshidir. Isroilga Oʻrta yer dengizi basseynida joylashgan mamlakatlar ichida har bir kvadrat metr uchun eng koʻp sonli oʻsimlik turlari toʻgʻri keladi. Isroil toʻrt eko-mintaqadan iborat: Sharqiy Oʻrtayer dengizi archazorlari, Janubiy Anatoliya archazor oʻrmonlar, Arab sahrosi va Mesopotamiya sahrosi butazorlari.

1948-yilda oʻrmonlar Isroil hududining 2 foizini tashkil qilgan boʻlsa, Yahudiy Milliy fondi tomonidan amalga oshirilgan keng koʻlamli daraxt oʻtqazish dasturlari tufayli 2016-yilda oʻrmonlar davlat hududining 8.5 foizini tashkil qildi.

Isroilning dengiz boʻyi qismi kambar pasttekislik, sharqiy qismi balandligi 500–1000 metrli plato boʻlib, uning sharqiy chekkasi tor, chuqur Hor botigʻiga tik tushgan. Xula va Tiveriad koʻllari, oʻlik dengiz, janubda Negev choʻli bor. Fosforit, toshtuz, marmar, mis, temir rudasi, neft, gaz konlari topilgan.

Iqlimi subtropik, janubda va soyliklarda chala choʻl va choʻl iqlimi. Yozi issiq (24–36°), qishi iliq (6–18°). Yillik yogʻin 100–800 mm. Shimoli-sharqidan Iordan daryosining yuqori qismi oʻtadi. Daryo suvidan sugʻorishda foydalaniladi. Tuprogʻi qoʻngʻir, togʻ boʻz-qoʻngʻir, boʻz, janubdagi choʻllarda boʻz-qoʻngʻir. Togʻlarda makvis, gariga, doim yashil eman, qaragʻay va boshqalar usadi. Sirtlon, chiyaboʻri, daman, kemiruvchi va sudralib yuruvchilar koʻp. Qushlarning choʻl va dashtga xos turlari uchraydi.

Aholisining 82%i yahudiylar, 16%i arablar, qolgan qismi armanlar, druzlar. Isroil yahudiylarining yarmidan koʻprogʻi boshqa mamlakatlardan kelgan muhojirlardir. Rasmiy til — ivrit va arab tillari. Koʻpchilik aholi yahudiylik, qolganlari musulmon va xristian dinida. Aholining 90%i shahar va shaharchalarda yashaydi. Yirik shaharlari: Tel-Aviv, Xayfo, Quddus (gʻarbiy qismi), Ramat-Gan.

Tarixi Gominidlarning Afrika qitʼasini tark etib, qadimgi Levant hududiga koʻchib kelishi 1.5 million yil oldinga borib taqaladi. Miloddan avvalgi 10 mingyillikda Janubiy Levantda Natuf madaniyati yuzaga kelgan boʻlsa, miloddan avvalgi 4500-yillarda Gxassul madaniyati yuzaga kelgan.

Bronza va Temir davrlari left|thumb|Kanʼon davridagi Iyerusalim devori. Dovud shahri. thumb|Merpehtah Stele (miloddan avvalgi l XIII asr). Koʻpchilik Bibliya tadqiqotchilari tosh bitikdagi baʼzi ierogliflarni 'Isroil' deb tarjima qilishadi. Bu 'Isroil' soʻzining birinchi marta ishlatilishidir. Kanʼonliklarning kelib chiqishi Oʻrta Bronza davriga (m.av. 2100-1550-yillar) borib taqaladi. Bronza davri yakunida Kanʼon hududining katta qismida Qadimgi Misrdagi Yangi podsholikka oʻlpon toʻlovchi vassal-davlatlar mavjud boʻlgan. Bronza davri yakunidagi inqirozlar oqibatida Kanʼonni tartibsizliklar qamrab oldi va misrliklarning hudud ustidan nazorati butkul qoʻldan chiqdi. Hududdagi Hazor, Beit She'an, Megiddo, Ekron, Ashdod va Ashkelon kabi aholi punktlari vayron boʻlgan yoki zarar koʻrgan.

Isroil nomli xalq haqidagi dastlabki maʼlumotlar tahminan miloddan avvalgi 1200-yillarga borib taqaluvchi Merneptah Stele nomli Qadimgi Misr toshbitigida yozilgan. Isroilliklar ajdodlari ushbu hududlarda yashagan somiy tillarida soʻzlashuvchi xalqlar boʻlgani haqida maʼlumot bor. Zamonaviy arxeologik kuzatuvlarga koʻra, Isroilliklar va ularning madaniyati Kanʼonliklar va ularning madaniyatidan ajralib, tobora Yahvega asoslanuvchi avvaliga monolatristik, keyinchalik monoteistik din va madaniyat shakllana boshlaydi. Ushbu xalq Bibliyaviy ivrit deb ataluvchi ivrit tilida soʻzlashgan. Tahminan shu davrda filistimliklar janubdagi qirgʻoqboʻyi tekisliklariga oʻrnashishgan.

Zamonaviy arxeologik topilmalar Tavrotda keltirilgan otalar, Chiqish va Joshua kitobidagi istilo haqidagi fikrlarning tarixiy asosga ega emasligini koʻrsatib, ularni Isroil davlatining milliy afsonalari qatoriga qoʻshilishiga sabab boʻldi. Biroq, ushbu anʼanalarning baʼzi elementlari tarixiy asoslarga egadir.

Qadimgi Isroil va Yahudiy podsholiklarining koʻlami va qudrati borasida turli bahs-munozaralar mavjud. Birlashgan Isroil podsholigi mavjudligi aniq boʻlmasada, miloddan avvalgi 900-yillar atrofiga kelib shimolda Isroil podsholigi, m.av. 850-yillar atrofiga kelib esa Yahudiy podsholigi yuzaga keladi. Ikki podsholik orasida Isroil podsholigi badavlatroq boʻlib, tezda mintaqaviy qudratli davlatga aylanadi. Omridlar sulolasi davrida podsholik Samariya, Galileya, Iordan vodiysi yuqori qismi, Sharon va Transiordaniyaning katta qismlari ustidan nazorat oʻrnatgan. Poytaxt Samariyada Temir davri Levant mintaqasidagi eng yirik inshootlar barpo etilgan. thumb|M.av. IX asrdagi Isroil va Yahudiy podsholiklari xaritasi. (inglizcha)

Tahminan m.av. 720-yillarda Isroil podsholigi Yangi Ossuriya podsholigi tomonidan istilo etiladi va barham topadi. Quddusni poytaxt qilgan Yahudiy podsholigi esa avvaliga Yangi Ossuriya podsholigiga, keyinchalik Yangi Bobil imperiyasiga qaram davlatga aylanadi. Temir davrida mintaqada 400 000 kishi yashagani haqida maʼlumotlar mavjud. M.av. 587/6-yilda Iuda qoʻzgʻolonidan keyin podsho Navuxodonosor II Quddusni qamal qilgan, Sulaymon ibodatxonasini vayron qilgan, podsholikni tugatib, Yahudiya zodagonlarining katta qismini Bobilga surgun qilgan. Aynan shu davrdan yahudiy xalqining Bobildagi tutqunligi davri boshlanadi. Yahudiyaning ushbu magʻlubiyati Bobil solnomalarida ham qayd etilgan.„British Museum — Cuneiform tablet with part of the Babylonian Chronicle (605–594 BCE)“. Qaraldi: 14-oktyabr, 2023-yil. Miloddan avvalgi 539-yilda Bobilni zabt etgan Ahamoniylar davlati asoschisi Kir II quvgʻinga uchragan Yahudiya aholisini oʻz vatanlariga qaytishlariga ruxsat beruvchi farmon eʼlon qiladi. Oʻz vataniga qaytgan yahudiy aholisiga oʻz-oʻzini boshqarish va ibodatxona qurish huquqi beriladi.

Antik davr Ikkinchi ibodatxona m.av. 520-yilda qurib bitkaziladi. Forslar hududni Yehud viloyati sifatida boshqarishadi va viloyat aholisi miloddan avvalgi V va IV asrlarda tahminan 30 000 kishini tashkil qiladi. thumb|Masada qal’asi. Rimliklar tomonidan I asrda qamal qilingan. Miloddan avvalgi 332-yilda Aleksandr oʻzining Ahamoniylar davlatiga qarshi yurishi davomida hududni istilo qiladi. Uning oʻlimidan keyin hudud Ptolemeylar va Salavkiylar sulolalari tomonidan Kelesuriya hududining bir qismi sifatida boshqariladi. Keyingi asrlarda hududda olib borilgan ellinlashtirish siyosati oqibatida kelib chiqqan ijtimoiy-madaniy nizolar Salavkiylar podshohi Antiox IV davrida oʻz choʻqqisiga chiqdi va m.av. 167-yilda Makkabiylar qoʻzgʻoloni sodir boʻldi. Hududdagi tartibsizliklar Salavkiylar hokimiyatini kuchsizlantirdi va miloddan avvalgi II asr oxirida yarim mustaqil Yahudiy-Hasmoniylar podsholigi vujudga keldi. Podsholik oxir-oqibatda toʻla mustaqillikka erishdi va qoʻshni hududlarni ham oʻziga qoʻshib oldi.

Rim Respublikasi hududni miloddan avvalgi 63-yilda istilo qilib, dastlab Suriya ustidan nazorat oʻrnatadi va keyinchalik Hasmoniy fuqarolar urushiga aralashadi. Yahudiyadagi Rim Respublikasi va Parfiya tarafdorlari orasidagi kurashlar oxir-oqibatda Herodning Rim Respublikasi vassali sifatida Yahudiy podshosi rutbasiga koʻtarilishiga sabab boʻladi. Milodiy 6-yilda hudud rimliklar tomonidan toʻla-toʻkis anneksiya qilinib, Judaea provinsiyasiga aylantiriladi va bu oxir-oqibatda katta vayronagarchiliklar keltirgan Rim-Yahudiya urushlariga sabab boʻladi. Milodiy 66–73-yillarda sodir boʻlgan Birinchi Rim-Yahudiya urushi oqibatida Iyerusalim va Ikkinchi Ibodatxona vayron etiladi, aholining sezilarli qismi esa halok boʻladi, yoki koʻchirib yuboriladi.

Yahudiylarning Rim Respublikasiga qarshi ikkinchi qoʻzgʻoloni Bar Koxba qoʻzgʻoloni deb nomlanib, u 132–136-yillarda sodir boʻladi. Dastlabki muvaffaqiyatdan ruhlangan yahudiylar Yahudiyada mustaqil davlat tuzishadi, biroq rimliklar katta qoʻshin toʻplab qoʻzgʻolonni shafqatsizlik bilan bostiradi va Yahudiya hududi aholisi qirgʻin qilinadi. Quddus Aelia Capitolina nomi ostida Rim koloniyasi sifatida qayta quriladi, Yahudiya provinsiyasi nomi esa Syria Palaestina deb oʻzgartiriladi. Quddus hududi atrofida yashovchi yahudiylar oʻz uylaridan quvib chiqariladi va butun imperiya boʻylab sochilib ketadi. Biroq, quvgʻinlarga qaramasdan, hududda muntazam ravishda yahudiylar istiqomat qilgan va Galileya yahudiylarning hududdagi diniy markaziga aylangan. Shuningdek, yahudiy jamoalari Hebron tepaliklari janubida va qirgʻoqboʻyi tekisliklarida istiqomat qilishgan.

Oʻrta asrlar thumb|Galileyadagi Kfar Bar’am sinagogasi, III asr. Imperator Konstantin davrida keng tarqalgan Xristianlik dini Yahudiyada oldindan mavjud boʻlgan Rim maʼjusiyligi oʻrnini egallay boshladi. IV asrda Konstantinning Xristian diniga oʻtishi bilan Yahudiylar uchun vaziyat „yanada murakkablashdi“. Yahudiylar va yahudiylik dinini taʼqiqlovchi bir qancha qonunlar qabul qilindi va yahudiylar Cherkov va hokimiyat vakillarining taʼqibiga duchor boʻldi. Koʻplab yahudiylar oʻzga mamlakatlarda shakllangan va tobora rivojlanayotgan diasporalarga koʻchib ketishdi va Isroil hududiga esa Xristianlarning koʻchib kelishi va aholining Xristian diniga oʻtishi davom etdi. V asr oʻrtalariga kelib aholi sonida xristianlar koʻpchilikni tashkil qila boshladi. V asr oxiriga kelib Samariylar qoʻzgʻoloni boshlandi va samariylar aholi sonining keskin qisqarishiga olib kelgan ushbu qoʻzgʻolon VI asrga qadar davom etdi. Quddusning Sosoniylar tomonidan zabt etilishi va 614-yildagi Herakleiosga qarshi qoʻzgʻolondan soʻng yana hudud 628-yilda Vizantiya imperiyasi nazorati ostiga oʻtdi.