Murod Muhammad Doʻst (1948-yil 12-aprel; Samarqand viloyati, Jom qishlogʻi, Oʻzbekiston SSR) – yozuvchi va jamoat arbobi. „Oʻzbekfilm“ kinostudiyasida ssenariynavis (1979—1984), „Sharq yulduzi“ jurnalida boʻlim mudiri, bosh muharrir oʻrinbosari (1984—1989), „Literaturnaya gazeta“ning muxbiri (1989—90), Prezident devonida masʼul xodim (1990—1992), Oʻzbekiston Respublikasi Milliy axborot agentligi bosh direktori (1992—1993; 1999—2002), Prezidentning matbuot kotibi (1993—1999). 2002-yildan „Oʻzbekkino“ davlat aksiyadorlik kompaniyasi raisi.

Hayoti va ijodiy faoliyati Murod Muhammad Doʻst 1948-yili Samarqand viloyatiga qarashli Jom qishlogʻida tugʻilgan. ToshDU tarix fakultetining falsafa boʻlimini tugatgan (1971), Moskvadagi Adabiyot institutida oʻqigan (1974—1979). Ijodiy faoliyatni 70-yillarda boshlagan. Adibning „Qaydasan, quvonch sadosi?“ nomli dastlabki hikoyalar toʻplami 1976-yilda eʼlon qilingan. Shundan keyin uning „Mustafo“ (1977), „Bir toychoqning xuni“ (1979), „Dashtu dalalarda“ (1987) singari hikoya va qissalari nashr etilgan. Murod Muhammad Doʻstning „Galatepaga qaytish“ qissasi (1983) istiqlol arafasi oʻzbek nasrida muhim voqea boʻldi. Yozuvchi bu va boshqa qissalarida olis qishloqlarda yashayotgan oddiy kishilarning kundalik mehnat ogʻushida kechayotgan hayotini diqqat-eʼtibor bilan kuzatadi, ularning oʻziga xos tabiati va insoniy sajiyasini yorqin gavdalantiradi. Murod Muhammad Doʻst bu asarlari bilan adabiyotimizning kitobiylashgan tilini yangilab, unga jonli xalq tili ranglari va ohanglarini olib kirdi, sheva doirasida qolib ketayotgan soʻz va iboralarning adabiy tildan oʻrin olishga toʻla huquqli ekanini isbotlab berdi. Yozuvchi oʻz ijodida folklor uslubidan keng foydalanadi, uning tili yumorga boy, uning har bir qaxramoni oʻz fikrlash tarziga ega. Murod Muhammad Doʻstning „Lolazor“ (1988) romani turgʻunlik yillaridagi murakkab hayotiy jarayonga bagʻishlangan. Romanda shoʻrolar tuzumining yemirilishi va kommunistik mafkuraning tanazzuliga olib kelgan ijtimoiy sabablar ishonarli tasvirlanadi, inson va hokimiyat munosabatidek qad. mavzu muayyan davr misolida chuqur tadqiq etiladi. Murod Muhammad Doʻstning asarlari asosida badiiy filmlar suratga olinganOʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil. Murod Muhammad Doʻst 1990-yilda Hamza nomidagi Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan.

Murod Muhammad Doʻst 2000-yildan Oʻzbekiston Axborot agentligi bosh direktori, 2002—2005-yillarda „Oʻzbekkino“ DAK raisi lavozimlarida faoliyat olib borgan. Shu bilan birga 1999—2004-yillar Samarqand viloyati, Nurobod okrugidan Oliy Majlis deputati va 2005-yil apreldan Prezident Apparati maslahatchisi boʻlgan.

Manbalar

Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:Oʻzbekistonlik yozuvchilar Turkum:Oʻzbekistonlik ssenariychilar Turkum:Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureatlari