Saulos Klaus Chilima (1973-yil 12-fevral – 2024-yil 10-iyun) Malavilik iqtisodchi va siyosatchi boʻlib, 2014-yildan 2019-yilgacha va 2020-yildan 2024-yil vafotigacha Malavi vitse-prezidenti lavozimida ishlagan. Chilima 2020-yil 28-iyun kuni prezidentlikka nomzod Lazarus Chakwera bilan birga koʻpchilik ovozini qoʻlga kiritib, oʻz lavozimida faoliyat boshlagan. Chilima, shuningdek, Iqtisodiy rejalashtirish va rivojlanish vaziri, shuningdek, davlat sektorini isloh qilish boʻlimi boshligʻi boʻlib ishlagan, u ilgari sobiq prezident Peter Mutharika davrida ham faoliyat yuritgan. Siyosatga kirib kelishidan oldin Chilima turli xil koʻp millatli kompaniyalarda, jumladan Unilever, Coca-Cola va Airtel Malavida asosiy rahbarlik lavozimlarida ishlagan va u yerda bosh ijrochi direktor darajasigacha koʻtarilgan.
2024-yil 10-iyun kuni Chilima va yana toʻqqiz nafar yoʻlovchini olib ketayotgan samolyot Malavi poytaxti Lilongve shahridan havoga koʻtarilib, Mzuzu aeroportiga rejalashtirilgan joyga qoʻna olmay, Mzimba tumanidagi Chikangava oʻrmon qoʻriqxonasiga qulab tushgan. Samolyot aeroportga qoʻna olmagan va halokatdan oldin Lilongvega qaytish buyrugʻi berilgan. 2024-yil 11-iyun kuni Chilima va boshqa yoʻlovchilar samolyot boʻlaklari topilganidan soʻng, halok boʻlganligi haqida xabar berilgan.
Hayoti Saulos Chilima 1973-yil 12-fevralda Malavining Ntcheu shahrida tugʻilgan. U Chingʻanga qishlogʻidagi Xenderson Braun Chilima, va Mbilintengerenji qishlogʻilik Elizabeth Frensis Chilimaning birinchi farzandi edi. Chilima hayotining koʻp qismini ota-onasi ishlagan Blantayrlimbeda oʻtkazgan va yozgi taʼtilni Lilongve va Ntcheuda otasi va onasi tomonidan bobolari va buvilarining uyida oʻtkazgan.
Chilima boshlangʻich maktabni HHI va Dharap boshlangʻich maktablarida, oʻrta maʼlumotni Dedza tumanidagi Marist Brothers Mtendere Thiwi oʻrta maktabida olgan. U Malavi universitetining kansler kollejiga oʻqishga kirgan va u yerda 1994-yilda ijtimoiy fanlar boʻyicha mutaxassislikni tamomlagan. Bir necha yil ishlagandan soʻng, u oʻz oʻquv yurtiga Knowledge Management yoʻnalishi boʻyicha magistrlik darajasini olish uchun qaytib kelgan va 2006-yilda uni tamomlagan. 2015-yil 10-avgustda Chilima Buyuk Britaniyaning Bolton universitetida Knowledge Management yoʻnalishi boʻyicha doktorlik darajasini olgan.
Biznesdagi faoliyati Kasbi boʻyicha sotuvchi boʻlgan Chilima oʻz ish faoliyatini Lever Brothers (Mw) Limited kompaniyasida (hozirda Unileverning bir qismi) boshlagan, avval Malavi lizing va moliya kompaniyasiga, keyinroq esa Southern Bottlers Limitedga (hozirgi Castel Malavi) oʻtagan. Uning soʻnggi professional vazifasi Airtel Malavida boʻlib, u 2010-yilda kompaniyaning birinchi mahalliy boshqaruvchi direktori etib tayinlangunga qadar uning savdo guruhini boshqarish vazifasi bilan shugʻullangan.
Chilimaning professional karyeradagi eng muhim yutuqlari orasida Airtel’dagi strategik va ilgʻor loyihalarga, xususan Project Precision, Yabooka, Airtel Money hamda 3G tarmogʻini yangilash boʻyicha rahbarlik qilish kabilar kiradi, bu esa biznes daromadlari va xodimlarning faolligiga sezilarli taʼsir koʻrsatgan va Airtel Malawi’ning yillik daromadini oshirgan. 2010-yildagi 54 million AQSh dollarilik koʻrsatkichdan 2013-yilda 95 million AQSh dollarigacha koʻtarilgan, yaʼni uch yil davomida 75% lik oʻsish kuzatilgan. .
Siyosiy faoliyati 2014-yil fevral oyida Chilima Demokratik progressiv partiyadan (DPP) prezidentlikka nomzod Peter Mutharikaning 2014-yil may oyida boʻlib oʻtadigan prezidentlik saylovlarida oʻz nomzodligini qoʻygan.
Keyinchalik Chilima DPPni tark etgan va 2018-yil 21-iyulda 2019-yil may oyidagi saylovlarda qatnashish uchun oʻzining Birlashgan Transformatsiya Harakati (UTM) partiyasiga asos solgan. 2019-yil 1-fevral kuni UTM yana ikkita siyosiy partiya va birlashgan muxolifatni shakllantirishga qaratilgan kichik siyosiy partiyalar ittifoqi bilan uchrashuvlar oʻtkazgan. Ular orasida Demokratiya uchun Alyans (Aford), sobiq prezident Joyce Bandaning Xalq partiyasi va sobiq vitse-prezident Cassim Chilumpha boshchiligidagi Tikonze Xalq Harakati boʻlgan. Ular prezidentlikka bitta nomzodni saylovga olib chiqishga kelishib olganlar. Keyinchalik Banda ham, Chilumpha ham „boʻlajak saylovda prezidentlikka nomzodni tanlashdagi kelishmovchiliklar“ sabab alyansdan chiqishgan.
Saylovda Chilima Michael Usi bilan birgalikda 20,24% ovoz toʻplab uchinchi oʻrinni egallagan va UTM Milliy Assambleyasida toʻrtta oʻrinni qoʻlga kiritgan. Biroq, prezidentlik saylovi natijalari bekor qilingan va 2020-yilda qayta oʻtkazilgan. Oʻsha yili Chilima Peter Mutharika maʼmuriyatini agʻdarish umidi bilan toʻqqizta muxolif siyosiy partiyani toʻplagan Tonse alyansida Lazarus Chakweraning Malavi Kongressi partiyasi nomzodi sifatidagi harakatlarini qoʻllab-quvvatlagan.
2022-yil 22-iyun kuni Chilima hukumat shartnomalarini berishda taʼsir koʻrsatish bilan bogʻliq 150 million AQSh dollari miqdoridagi korrupsiya janjaliga aloqadorligi sababli vitse-prezidentlik vakolatlaridan mahrum qilingan.
2022-yilning noyabr oyida unga britaniyalik tadbirkor Zunet Sattarga tegishli ikki kompaniya: Xaviar Ltd va Malachitte FZEga davlat shartnomalarini berish evaziga 280 ming AQSh dollari olgani haqidagi ayblovlar qoʻyilgan. U korrupsiyaga oid ayblovlarni tan olmagan. 2024-yilning may oyida davlat prokurori ishni tugatish toʻgʻrisida iltimosnoma kiritganidan soʻng, korrupsiyaga oid ayblovlar olib tashlangan. Prezident Chakwera ayblovlar olib tashlanishidan oldin ham Chilimaga rasmiy vazifalarni yuklay boshlagan.
Targʻibotchilik faoliyati Ilgari Chilima tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish va ommaviy tadbirlar vaziri lavozimida faoliyat olib borgan.
Chilima 2025-yilgacha ochlik va toʻyib ovqatlanmaslikni tugatishga qaratilgan Compact 2025 yetakchilik kengashining aʼzosi edi va unda toʻyib ovqatlanmaslik mavzusida fikrlarini bayon qilgan. U barqaror va inklyuziv rivojlanish va ocharchilikka barham berish boʻyicha xalqaro konferensiyalarda nutq soʻzlagan.
Chilima ekologiya, jismoniy tayyorgarlik va sport bilan shugʻullanish, siyosatdagi korrupsiyaning qattiq tanqidchisi va Archdiocesan seminariyalarining faol tarafdori boʻlgan. Talaba davrida, u Chakufwa Chihana tomonidan koʻp partiyaviy demokratiyani himoya qilish uchun asos solingan Demokratiya uchun ittifoq (Aford) talabalar qanotiga rahbarlik qilganMkwanda, Ayami (11 June 2024). „Chilima: A political go-getter, now rests“. Nation Online. Archived from the original on 11 June 2024. Retrieved 11 June 2024..
Shaxsiy hayot U Mary Chilima bilan turmush qurgan. Ularning Sean va Elizabeth ismli ikki farzandi bor. Saulos Chilima katolik edi.
Vafoti 2024-yil 10-iyun kuni Chilima va yana sakkiz kishini sobiq hukumat vaziri Ralph Kasambaraning dafn marosimida qatnashish uchun olib ketayotgan, Malavi mudofaa kuchlarining Dornier 228 samolyoti Shimoliy mintaqadagi Chikangava oʻrmon qoʻriqxonasi hududida gʻoyib boʻlgan. Prezident Lazarus Chakwera aviatsiya rasmiylari samolyot bilan bogʻlana olmaganidan soʻng qidiruv-qutqaruv operatsiyasini oʻtkazishni buyurgan. 2024-yil 11-iyun kuni milliy murojaatida Chakwera Chilima va samolyotdagi boshqa barcha yoʻlovchilar (jumladan, Malavining sobiq birinchi xonimi Patricia Shanil Muluzi) halok boʻlganligini tasdiqlagan. Manbalar
Turkum:2024-yilda vafot etganlar Turkum:1973-yilda tugʻilganlar Turkum:Malavining vitse-prezidentlari Turkum:Bolton universiteti bitiruvchilari Turkum:Malavi universiteti bitiruvchilari Turkum:Malavilik rim katoliklari