Scarface – 1983-yilda chiqarilgan amerika jinoyat drama filmi boʻlib, Brian De Palma tomonidan suratga olingan. Ssenariy muallifi Oliver Stonedir. Filmda Al Pacino bosh rolni ijro etgan. Bu film, oʻz navbatida, 1930-yilda Armitage Trail tomonidan chop etilgan roman asosida suratga olingan 1932-yilgi shu nomdagi filmga remeyk hisoblanadi. Ushbu film Kubalik qochoq Tony Montana (Pacino) haqida boʻlib, u Mariel qochqini (ing: Mariel boatlift) paytida Mayamiga pulsiz keladi va kuchli narkobaronga aylanadi. Filmda shuningdek, Steven Bauer, Michelle Pfeiffer, Mary Elizabeth Mastrantonio, Robert Loggia, Míriam Colón va F. Murray Abraham ham rol ijro etishgan.

Pacino 1932-yilgi versiyani koʻrgandan soʻng filmni qayta suratga olishga qiziqishi ortadi. Prodyuser Martin Bregman bilan birga bu loyihani rivojlantira boshlagan. Dastlab film uchun rejissyor sifatida Sidney Lumet yollanadi, lekin u keyinchalik De Palma bilan almashtirilgan. De Palma esa ssenariyni yozish uchun Oliver Stoneni yollaydi. De Palma „Scarface“ ning ushbu versiyasini original filmning rejissyori va ssenariy muallifi boʻlgan Howard Hawks va Ben Hechtning xotirasiga bagʻishlaydi. Filmning suratga olish ishlari 1982-yilning noyabridan 1983-yilning mayigacha Los Anjeles va Mayamida amalga oshirilgan. Filmning musiqalari Giorgio Moroder tomonidan bastalangan.

„Scarface“ 1983-yil 1-dekabrda Nyu York shahrida premyera qilingan va 9-dekabrda Universal Pictures tomonidan chiqarilgan. Film mahalliy kassa yigʻimida 45 million dollar va dunyo boʻylab 66 million dollar daromad oladi. Dastlabki tanqidiy munosabatlar haddan tashqari zoʻravonlik, soʻkinish va narkotiklardan foydalanish tasvirlari tufayli salbiy boʻlgan. Mayamidagi baʼzi kubalik muhojirlar filmning kubaliklarni jinoyatchi va narkotik savdogarlari sifatida tasvirlashiga eʼtiroz bildirdilar. Keyingi yillarda baʼzi tanqidchilar filmni qayta koʻrib chiqib, uni eng buyuk gangster filmlaridan biri sifatida baholadilar. Martin Scorsese kabi ssenariynavis va rejissyorlar film haqida iliq fikr bildirishgan. Film pop madaniyatida, ayniqsa, hip-hop madaniyati/gangsta rapda, shuningdek, komikslar, telekoʻrsatuvlar va video oʻyinlarda keng tilga olingan. Film kult klassikasi sifatida tan olingan.

Syujeti 1980-yilda Kubalik muhojir va sobiq mahkum Tony Montana Mariel qochqini operatsiyasi doirasida Mayamiga keladi va u yerda eng yaqin doʻsti Manny Ribera hamda sheriklari Angel va Chi-Chi bilan birga muhojirlar lageriga yuboriladi. Toʻrtovlon Mayamilik narkobaron Frank Lopezning iltimosiga binoan, Fidel Kastroning sobiq qoʻriqchisini oʻldirish evaziga ozod qilinib, yashil kartaga ega boʻlishadi. Ular restoranda idish yuvuvchi boʻlib ishlay boshlashadi, lekin tez orada bu ishdan koʻngli toʻlmay qoladi; Tony kattaroq ishlar uchun yaratilganini aytadi. Frankning oʻng qoʻli boʻlgan Omar Suarez Tony va uning doʻstlarini kolumbiyalik dilerlardan kokain sotib olishga yuboradi. U yerda Tony va Angel tuzoqqa tushib, qoʻlga olinadi. Tonyni Angelning motorli arra bilan boʻlaklarga boʻlinishini tomosha qilishga majbur qilishadi, shundan soʻng Manny va Chi-Chi uni qutqarishadi. Ular uchta dilerni oʻldirib, narkotiklar va pullarni qaytarib olishadi. Omar ularni sotgan deya shubhalanib, qaytarilgan pul va narkotiklarni shaxsan oʻzlari Frankga yetkazishadi.

Tony va Manny Frank uchun ishlay boshlaydi, bu orada Tony Frankning goʻzal rafiqasi Elvirani yoqtirib qoladi. Keyinchalik, Tony onasi va singlisi Gina bilan uchrashadi. Tony oilasini qiyinchiliklarini kamaytirish maqsadida onasiga „siyosiy vositalar“ orqali pul topishini aytib, $1,000 beradi. Tonyning onasi uning yolgʻon gapirganini bilib, jahl bilan bu taklifni rad etadi, lekin Gina pulni oʻzida saqlab qoladi. Manny Ginani yoqtirib qoladi, lekin Tony uni Ginadan uzoq turishini aytib ogohlantiradi. Frank Tony va Omarga Boliviyaning Cochabamba shahriga, kokain qiroli Alejandro Sosa bilan uchrashishga yuboradi. Uchrashuv chogʻida, Omar Frankning roziligisiz katta kelishuvni muzokara qilgani uchun Tonydan norozi boʻladi. Keyinroq, Sosa odamlariga Omarning politsiya informatori ekanligini va Frank unga ishonish orqali notoʻgʻri qaror qabul qilganligini aytib, uni vertolyotdan osib oʻlimga mahkum etadi. Tony Frankning tashkilotini himoya qiladi va sadoqatini bildiradi; Sosa Tonyga qiziqib qoladi va kelishuvga rozi boʻladi, lekin Tony uni hech qachon aldashga urinmasligini aytib, ogohlantiradi.

Omarning oʻlimidan Frank qattiq gʻazablanadi. Sosa bilan kelishuvning kattaligini bilgan holda, Tony oʻzining kokain operatsiyasini yoʻlga qoʻyadi. poraxoʻr detektiv Mel Bernstein Tonyni tungi klubda tutib olib, undan politsiya himoyasi uchun pora talab qiladi. Shundan soʻng, suiqasdchilar Tonyni oʻldirishga harakat qilishadi, lekin Tony yarador holatda qochishga muvaffaq boʻladi. Tony Frank va Bernstein bilan yuzma-yuz keladi va ularni hujum ortida turganlikda gumon qiladi; Frank qurol bilan tahdid ostida hujumdagi ishtirokini tan oladi va hayotini saqlab qolish uchun yalinadi, lekin Tony Mannyga uni otib oʻldirishni buyuradi va Bernsteinni oʻldiradi. Tony Elviraga uylanib, Sosa mahsulotlarining distribyutori boʻladi va foydalarini koʻpaytirib, koʻp million dollarlik imperiya, qattiq qoʻriqlanadigan mulk quradi.

1983-yilda federal agentlar tomonidan amalga oshirilgan pul yuvish boʻyicha operatsiya natijasida Tony soliq toʻlashdan boʻyin tovlashda ayblanadi va qamoqqa tushish xavfi ostida qoladi. Sosa Tony qamoqqa tushmasligi uchun oʻzining hukumatdagi aloqalarini ishlatishni taklif qiladi, lekin buning evaziga Tony Sosaning narkotik operatsiyalarini fosh qilishni rejalashtirgan jurnalistni oʻldirishga yordam berishi kerak boʻladi. Tony va Sosaning odamlaridan biri boʻlgan „Soya“ (inglizcha: Shadow) Nyu-Yorkda faollik koʻrsatayotgan jurnalistni oʻldirish uchun borishadi; Soya jurnalistning mashinasiga radio boshqaruvli bomba qoʻyadi. Biroq mashinada jurnalistning ayoli va bolalari borligini koʻrib Tony hujumni bekor qilishga urinadi. Soya bunga rozi boʻlmaydi. Tony bombani portlatishdan oldin Soyani oʻldiradi. Tony keyin Mayamiga qaytadi. Gʻazablangan Sosa qasos olishga vaʼda beradi.

Kokain taʼsirida boʻlgan Tony Ginani qidira boshlaydi va uni Manny bilan birga koʻradi. Gʻazab bilan Tony Mannyni otib oʻldiradi. Shundan soʻng, Gina va Manny turmush qurganlarini bilib oladi. Koʻngli buzilgan Tony Ginani olib uyiga qaytadi va ofisida katta miqdorda kokain isteʼmol qila boshlaydi. Sosa odamlarini yuborib, Tonyning qoʻriqchilarini, shu jumladan Chi-Chini oʻldiradi. Shu paytda Gina qurol bilan ofisga kirib, Tonyga oʻq uzadi va uni yaralaydi. lekin Sosaning odami Ginani otib oʻldiradi. Tony qurol va granatomyot olib, hujumchilarga qarshi kurashadi va koʻplarini oʻldiradi, ammo oʻziga ham koʻplab oʻqlar tegadi. U hujumchilarni masxara qiladi, shu paytda bir qotil ofisga kirib, uni orqasidan otib oʻldiradi. Tonyning jasadi balkondan hovuzga, „Dunyo seniki“ degan ironik shiorli globusning tagiga qulaydi.

Rollarda Asosiy rollar Al Pacino – Tony Montana: Mayamida boy narkobaron boʻlib ketgan kubalik qochoq Steven Bauer – Manny Ray: Tonyning doʻsti va oʻng qoʻli Michelle Pfeiffer – Elvira: Frank Lopezning sevgilisi, keyinchalik Tony Montana bilan turmush quradi Mary Elizabeth Mastrantonio – Gina: Tonyning singlisi Robert Loggia – Frank Lopez: Mayamidagi narkobaron Míriam Colón – Mama Montana: Tonyning onasi F. Murray Abraham – Omar: Frankning oʻng qoʻli Paul Shenar – Alejandro Sosa: Boliviyalik narkobaron va Tonyning yetkazib beruvchisi Harris Yulin – Bernstein: Frankning pulini olayotgan poraxoʻr politsiyachi, Tonydan pora talab qiladi Ángel Salazar – Chi-Chi: Tonyning doʻsti Arnaldo Santana – Ernie: Frankning tan soqchisi, keyinchalik Tonyga ishlaydi Pepe Serna – Angel: Tonyning doʻsti Michael P. Moran – Nick the Pig (o'zbekcha: Choʻchqa Nik): Tonyning yordamchisi Al Israel – Hector: Kolumbiyalik narkotik sotuvchisi Dennis Holahan – Bankir: Tonyning pulini yuvish uchun foydalangan bankiri Mark Margolis – Soya: Sosaning yordamchisi Michael Alldredge – Sheffield: Tonyning advokati

Yordamchi rollar Boshqa rollarda quyidagi aktyorlar suratga tushgan:

Ted Beniades – Seidelbaum: politsiya xodimi Geno Silva – „The Skull“: Tony Montanani oʻldirgan qotil Richard Belzer – Babylon Clubning ish boshqaruvchisi Albert Carrier – Pedro Quinn: Sosaga yordam beruvchi shakar magnati Victor Millan – Ariel Blayer: Sosaga yordam beruvchi boliviyalik siyosatchi Roberto Contreras – Emilio Rebenga: Montana tomonidan oʻldirilgan kubalik muhojir Gregg Henry – Charles Goodson: Sosaning amerikalik sherigi

Shuningdek, De Palmaning doimiy hamkorlari Charles Durning va Dennis Franz ochilish sahnasida Montanani tergov qilayotgan Immigratsiya xizmati ofitserlari rolini ijro etishgan, lekin ularning ismlari keltirilmagan. Ushbu sahnada Garnett Smith, Tony Perez va John Brandonlarni ham koʻrish mumkin. Lana Clarkson, Angela Aames, Ava Lazar, Margaret Michaels va Katt Shea Babylon Klubidagi mijozlar sifatida filmda ishtirok etishgan. Oʻsmir model Tammy Lynn Leppert arra sahnasida fohisha rolida koʻrinish bergan. Yangiliklar reportyori Mario Machado oʻz rolida ishtirok etgan.

Prodyuserlik Loyihani tayyorlash

„Scarface“ning ishlab chiqilishi Al Pacino Los Anjelesdagi Tiffany Teatrida 1932-yilda suratga olingan xuddi shu nomdagi filmni koʻrgandan keyin boshlanadi. U keyinchalik menejeri, prodyuser Martin Bregmanga qoʻngʻiroq qilib, ushbu filmni qayta suratga olishning potensialiga ishonishini maʼlum qilgan. Sidney Lumet rejissyor sifatida loyihaga qoʻshiladi va Montananing Mariel qochqinlari davrida Qoʻshma Shtatlarga kelgan kubalik boʻlish gʻoyasini ilgari suradi.

Bregman va Lumet oʻrtasidagi ijodiy tafovutlar tufayli Lumet loyihani tark etadi. Lumet Qo'shma Shtatlarga kokain oqimi uchun hozirgi Prezident maʼmuriyatini ayblaydigan siyosiy hikoya yaratmoqchi boʻladi, lekin Bregman bunga qarshi chiqadi. Bregman Lumetni Brian De Palma bilan almashtiradi. Ssenariy uchun Oliver Stoneni yollaydi. Stone 1932-yildagi asl „Scarface“ni koʻrgan va uni yoqtirmaganligi sababli dastlab taklifni rad etadi. Faqat Lumet bilan suhbatdan soʻng, ular filmni zamonaviy filmga aylantirishga kelishib olishadi va taklifni qabul qiladi. Stone shunday dedi: „Sidney 1930-yillardagi Amerika gangster filmini olib, uni zamonaviy immigrant gangster filmiga aylantirish gʻoyasini berdi. Filmda biz spirtli ichimliklarni emas, giyohvand moddalarni qoralamoqdamiz“. Oliver Stonening „The Oliver Stone Experience“ kitobida shunday deb yozilgan: „Men italyan mafiyasi haqidagi filmni suratga olmoqchi emas edim… Bizda bu kabi ishlar oʻnlab topiladi. Lekin keyin Bregman Sidneyning ajoyib gʻoyasi borligini aytdi – filmni Mayamidagi Marielito filmi sifatida suratga olmoqchi. Men bunga qiziqib qoldim. Sidneyning gʻoyasi ajoyib edi“.

Stone oʻzining kokain qaramligiga qarshi kurashar ekan, ssenariy ustida ishlay boshlaydi. U va Bregman oʻz tadqiqotlarini amalga oshirish maqsadida Florida shtatining Mayami shahriga sayohat qiladilar, u yerda AQSh prokuraturasining idorasi va Tashkil etilgan jinoyatchilik byurosining yozuvlaridan foydalanish imkoniga ega boʻlishadi. Stone Qoʻshma Shtatlarda qaramlikdan xalos boʻla olmasligiga ishonib ssenariyni yozish uchun Parijga koʻchib oʻtadi. 2003-yildagi intervyusida u oʻsha paytda butunlay giyohvand moddalaridan voz kechganini aytgan: „Kokain yozishga yordam bermaydi. Bu miya hujayralariga juda zararli“.

Asl hikoyaga boshqa oʻzgartirishlar qatorida, Alejandro Sosa qahramoni qoʻshiladi. Stone bu qahramonni „Kokain qiroli“ laqabini olgan boliviyalik narkobaron Roberto Suárez Gómezdan ilhomlanib yaratgan.

Kasting