Daniel William John Ings (1992-yil 23-iyulda tug'ilgan) — ingliz professional futbolchisi, Angliya Premyer-ligasining West Ham United klubi hujumchisi.

Klublardagi faoliyati Dastlabki faoliyati Ings Winchester, Hampshireda tug'ilgan va Netley shahrida o'sgan. U Netley Abbey boshlang'ich maktabida, Hamble Community Sports kolleji va Brockenhurst kollejida ta'lim olgan.

Ings mahalliy Southampton klubida o'ynashni orzu qilgan, biroq bo'yi kichik deb jamoaga qabul qilinmagan. U baribir Netley Central Sportsdan Southamptonga o'tgan, ammo keyinchalik klubdan chiqarib yuborilgan. Shundan so'ng Ings Itchen Tyro klubida o'ynagan.

AFC Bournemouth U 2008-yil may oyida AFC Bournemouth bilan ikki yillik shartnoma imzolagan. Danny o'sha paytda Hamble Community Sports kollejida o'qiyotgan edi. Ings o'zining professional debyutini 2009-yil 6-oktabrda Northampton Townga qarshi, Futbol Ligasi Kubogi o'yinida, ikkinchi bo'limda zaxiradan tushib amalga oshirgan. O'yin 2-1 hisobida mag'lubiyat bilan yakunlangan . U ikkinchi mavsumda qorin sohasi jarohati sabab uzoq muddat maydonga tusha olmagan. Ings 2010-yil yozigacha yoshlar jamoasida qolgan va uch oylik qisqa muddatli shartnoma imzolagan. 2010-yil sentabrida esa shartnomasini 2010-2011-yilgi mavsum oxirigacha uzaytirgan.

2010-yil sentabrida u dastlab bir oylik ijara asosida Dorchester Town klubiga yuborilgan. Ings 2010-yil 11-sentabrda Ebbsfleet Unitedga qarshi o‘yinda debyut qilgan va jamoa safidagi ilk golini urgan. Uning ikkinchi goli 2010-yil 24-sentabrda Mangotsfield Unitedga qarshi Angliya kubogida 4-1 hisobidagi g‘alabada penaltidan kiritilgan. 2010-yil 6-oktabrda uning ijarasi yana bir oyga uzaytirilgan. 2010-yil 16-oktabrda u Lewesga qarshi 2-0 hisobidagi g'alabali o'yinda ikkinchi golni urgan. Ings Staines Townga qarshi 2-1 hisobidagi g‘alabali o'yinda birinchi golni urgan. 2010-yil noyabrda, yana bir oylik uzaytirilgan ijara muddati davomida Weston-super-Marega qarshi 3-1 hisobidagi g‘alabada yana gol urgan va jamoani keyingi bosqichga olib chiqqan. 2010-yil 23-noyabrda Bournemouthdagi jarohatlar tufayli ijaradan qaytarilgan.

2010-yil 30-noyabrda Ings jamoa bilan 2012-yilgacha uzaytirilgan yangi shartnoma imzolagan. U o‘zining liga debyutini 2010-yil 28-dekabrda Milton Keynes Donsga qarshi Liga 1 o‘yinida boshlagan va birinchi bo‘limda Steve Fletcher bilan almashtirilgan. U muntazam ravishda asosiy tarkibda o‘ynay boshlagan va o‘zining ilk professional golini 2011-yil 1-fevralda Swindon Townga qarshi kechgan va 3-2 hisobidagi g‘alaba bilan yakunlangan o‘yinda kiritgan. Ingsning yaxshi o'yini uni klub bilan 2013-yilgacha yangi shartnoma imzolashiga olib kelgan. 2011-yil 26-fevralda u Dagenham & Redbridgega qarshi o'tkazilgan va 2-1 hisobidagi g‘alaba bilan yakunlangan o‘yinda bosh bilan gol urgan . 1-aprel kuni u Peterborough Unitedga qarshi 3-3 hisobida durang o‘yinda yana gol kiritgan. Aprel oyida u uchta o'yinda to'rtta gol urgan. U shuningdek Notts Countyga qarshi 2-0 hisobidagi g‘alabada gol urgan. U birinchi dublini Yeovil Townga qarshi 2-2 hisobida yakunlangan o‘yinda urgan. Ingsning Bournemouth uchun so‘nggi goli jamoaning mavsumdagi so‘nggi o‘yinida Huddersfield Townga qarshi yarim final pley-off o'yinida kiritilgan, ammo o'sha o'yinda Bournemouth penaltilar seriyasida mag'lub bo'lgan.

2011-yil yozida Celtic, Liverpool va Newcastle United kabi klublar Ings bilan bog'langan. Premyer-liganing Fulham klubi ham Ings uchun 400 ming funt sterlinglik taklifni bildirgan, ammo Bournemouth bu taklifni rad etgan. 2011-yil iyul oyida u 12 oy ichida beshinchi shartnomasini imzolagan va klubdagi eng yuqori maosh oluvchilar qatoriga kirgan. U mavsum oldi tayyorgarliklarida qatnashgan va 2011-2012-yilgi mavsumning birinchi o‘yinida Charlton Athleticga qarshi uchrashuvda qatnashgan. Ushbu o'yinda jamoa 3:0 hisobida mag'lubiyatga uchragan. O'sha o‘yinda u klub uchun so‘nggi marta maydonga tushgan.

Burnley

2011-yil 15-avgustda Ings Chempionship klubiga aylangan Burnley bilan 4 yillik shartnoma imzolagan. Transfer qiymati oshkor etilmagan, lekin taxminan 1 million funt atrofida ekanligi taxmin qilingan. U Bournemouthning oldingi murabbiyi Eddie Howe bilan qayta birlashgan. Murabbiy ham o'sha yil boshida Burnleyga o'tgan edi.

Ings o‘zining debyutini 2012-yil 14-fevralda Barnsleyga qarshi o‘tkazgan. U birinchi marta asosiy tarkibda 2012-yil 10-mart kuni Crystal Palacega qarshi o‘yinda maydonga tushgan. U Burnley safidagi ilk golini 2012-yil 31-mart kuni Portsmouthga qarshi o‘yinda kiritgan. O'sh o'yinda uning jamoasi hisobida g‘alaba qozongan. Keyingi o‘yinda u yana gol urgan. Mavsumning oxirgi o‘yinida u 30 metrlik zarbadan so'ng Bristol City darvozasiga gol kiritgan.

U 2012–2013-yilgi mavsumni asosiy tarkibda boshlagan. Bu uning Southamptonga sotilgan hujumchi Jay Rodriguezning o‘rnini egallagani sababli edi. Afsuski, mavsum oldi so‘nggi o‘yinida Ings yana jiddiy tizza jarohatini olgan. Ushbu jarohat sababli u uzoq muddat o'ynay olmagan.

2013–2014-yilgi mavsumda jamoaning eng yaxshi to‘purari bo'lgan Charlie Austinning Queens Park Rangersga transferidan keyin Ings asosiy hujumchisi bo'lgan. U mavsumning dastlabki uchta liga o‘yinida ikkita gol urgan, shuningdek Liga kubogida ham gol kiritgan. Oktabr oyida Ings Chempionshipda oyning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan.

2014-yil mart oyida Ings Chempionshipda yilning eng yaxshi futbolchisi mukofotini qo‘lga kiritdgan. Ushbu sovrin uchun jangda u Leeds United hujumchisi Ross McCormack va Leicester City yarim himoyachisi Danny Drinkwaterni ortda qoldirgan. Ings 2013–2014- yilgi mavsumni 22 ta gol bilan yakunlagan va Burnleyni Premyer-ligaga chiqishiga yordam bergan.

2014-yil 19-avgustda Ings Premyer-ligadagi debyutini Chelseaga qarshi o‘tkazgan. Uning jamoasi o'sha o'yinda 3-1 hisobida mag'lub bo‘lgan. U Premyer-ligadagi ilk golini 2014-yil 26-oktabrda Evertonga qarshi o‘yinda kiritgan. O‘yin esa 1-3 hisobida yakunlangan.

2014-yil 22-noyabrda Ings Stoke Cityga qarshi o‘yinda Burnleyning ikkala golini ham urgan va jamoasiga 2-1 hisobida g‘alaba keltirgan. Bu g‘alaba ularning Premyer-ligadagi ilk safar g‘alabasi edi. U Burnley safidagi 100-o'yinini 2014-yil 13-dekabrda Southamptonga qarshi o'yinda amalga oshirgan. Ushbu o'yinda Burnley 1-0 hisobida g‘alaba qozongan.

2015-yil yanvar va fevral oylarida Ings Premyer-liganing oltita o‘yinida beshta gol urgan, jamoasiga Newcastle United va West Bromwich Albion bilan durangga erishishida, Queens Park Rangersni esa mag‘lub etishida yordam bergan. May oyida u Hull City va Aston Villaga qarshi o‘yinlarda jamoasiga 1-0 hisobidagi g‘alaba keltiruvchi gollarni urgan va mavsumni 35 o‘yinda 11 ta gol bilan yakunlagan.

Liverpool

2015-yil 8-iyun kuni Liverpool Ings bilan shaxsiy shartnoma tuzganini va tibbiy ko‘rikdan o‘tish sharti bilan kelishuvni e’lon qilgan, shuningdek, 24 yoshgacha bo‘lgan o‘yinchilar uchun Burnleyga to‘lanadigan rivojlanish to‘lovi ikki klub o‘rtasida kelishilishi yoki tribunal tomonidan hal qilinishi kerak edi. Tribunal qarori bilan to‘lov Futbol Bo‘yicha Kompensatsiya Qo‘mitasi tomonidan belgilangan. 2016-yil 28-aprelda masala nihoyat hal bo‘lgan. Liverpool Burnleyga rekord miqdordagi to‘lov to‘lashi kerak edi: 6,5 million funt miqdorida dastlabki to‘lov va qo‘shimcha 1,5 million funt o‘yinchi faoliyati bilan bog‘liq bonuslar. Keyinchalik, Burnley 20% ulushni qo‘lga kiritgan va Ingsning Southamptonga sotilishidan tushgan £18 milliondan qo‘shimcha £3,6 million ishlab olgan.

Ings o‘zining debyutini 2015-yil 29-avgust kuni West Hamga qarshi o‘tkazgan. O‘yin 3–0 hisobida Liverpoolning mag‘lubiyati bilan yakunlangan. Danny 2015-yil 17-sentabrda Bordeauxga qarshi UEFA Yevropa Ligasida klub safidagi ilk xalqaro o‘yinini o‘tkazgan. O'sha o'yinda u Divock Origi o‘rniga ikkinchi bo‘limda maydonga tushgan. O'yin esa 1-1 hisobidagi durang bilan yakunlangan. Uch kun o‘tib, u Norwich Cityga qarshi o‘yinda, tanaffusda Christian Benteke o‘rniga maydonga tushgan va uch daqiqa ichida Liverpool safidagi ilk golini urgan. O‘yin 1-1 hisobida yakunlangan. 2015-yil 4-oktabrda u derbida Evertonga qarshi o‘yinida yana gol urgan va o‘yin 1-1 hisobida yakunlangan.

2015-yil 15-oktabr kuni yangi murabbiy Jürgen Klopp qo‘l ostidagi birinchi mashg‘ulotida Ings chap tizzasining shikastlanishi tufayli mavsum oxirigacha safdan chiqqan. Ammo Ings kutilganidan tezroq tuzalgan va mavsumning so‘nggi o‘yinida, West Bromwich Albionga qarshi 1-1 hisobidagi durangda zaxiradan maydonga tushgan. Ings 2016–2017-yilgi mavsumni tiklanish uchun zaxira jamoada boshlagan. 2016-yil 25-oktabrda u Liga kubogida Tottenham Hotspurga qarshi o‘yinda o‘ng tizzasidan jarohat olgan, bu esa uni yana 9 oygacha maydondan chetlashishiga olib kelgan. U muvaffaqiyatli operatsiya qilingan va 9-noyabr kuni Melvudda reabilitatsiyani boshlagan.

2017-yil 19-sentabrda Ings jarohatdan so‘ng 11 oy ichida birinchi o‘yinda maydonga tushdi va Liga kubogida Leicester Cityga qarshi o‘yinda ikkinchi bo‘limda zaxiradan maydonga tushgan. 2018-yil 21-aprelda u jarohatdan so‘nggi ilk golini West Bromga qarshi o‘yinda urgan. Bu uning 2015-yildan keyingi ilk goli va Jürgen Klopp qo‘l ostidagi birinchi goli bo'lgan.

Southampton

2017–2018-yilgi mavsumda Roberto Firmino, Mohamed Salah va Sadio Mané kabi hujumchilarning yaxshi o‘yin ko‘rsatishi sababli Ingsning o'yin vaqti kamayib ketgan va shundan so'ng u 2018-yilning yozida Liverpoolni tark etishga qaror qilgan. Ings universal o'yinchiligi sababli murabbiy uni qo‘yib yuborishni xohlamagan edi. Ings 2018-yil 9-avgustda Premyer-liganing Southampton klubiga dastlabki mavsum oxirigacha ijara asosida qo‘shilgan, keyinchalik 2019-yil 1-iyulda doimiy transferga aylantirilgan. Shartnoma qiymati 18 million funtga baholangan, shuningdek, o‘yin ko‘rsatkichlariga qarab qo‘shimcha 2 million funt qo‘shilishi mumkin edi. 2018-yil 12-avgustda u Burnleyga qarshi o‘yinda ikkinchi bo‘limda zaxiradan maydonga tushibgan. Besh kundan keyin u Evertonga qarshi o‘yinda ilk marotaba asosiy tarkibda maydonga tushgan. Ushbu o'yinda uning jamoasi 2-1 hisobida mag'lubiyatga uchragan. Keyingi o‘yinda esa Crystal Palacega qarshi o‘yinda debyut golini urgan va Southamptonga mavsumdagi birinchi g‘alabani keltirgan. O‘yin esa 2-0 hisobida yakunlangan.

2020-yil 16-iyulda Ings 2019–2020-yilgi mavsumda o‘zining Premyer-ligadagi 20-golini Brighton & Hove Albionga qarshi o‘yinda kiritgan. U Southampton tarixida Matt Le Tissier va James Beattie kabi futbolchilardan keyin Premyer-ligada 20 ta gol urgan uchinchi o‘yinchiga aylangan. 2020-yil 26-iyulda u mavsumning so‘nggi kuni Sheffield Unitedga qarshi o‘yinda penaltini muvaffaqiyatli amalga oshirgan va jamoasiga 3-1 hisobida g‘alaba keltirgan. Shu tariqa, Ings mavsumni Premyer-ligada 22 ta gol va barcha musobaqalarda jami 25 ta gol bilan yakunlagan. U Arsenal hujumchisi Pierre-Emerick Aubameyang bilan birgalikda Premyer-liga Oltin Butsa sovrini uchun ikkinchi o‘rinni egallagan. U faqat bitta gol hisobiga Leicester City hujumchisi Jamie Vardydan ortda qolgan.

2021-yil 4-yanvarda Ings sobiq klubi Liverpoolga qarshi o‘yinda o‘zining Premyer-ligadagi 50-golini urdigan. O'yin esa Southamptonning 1-0 hisobidagi g'alabasi bilan yakunlangan. 2021-yil 14-yanvarda Southampton murabbiyi Ralph Hasenhüttl Ingsning COVID-19 testi ijobiy chiqqanini e'lon qilgan. Natijada Ings Southamptonning Leicesterga qarshi o‘yinini o‘tkazib yuborgan. COVID-19 dan tuzalgandan so'ng Ings 2021-yil 11-fevralda Angliya kubogining 5-bosqichida Wolverhampton Wanderersga qarshi 2-0 hisobidagi g‘alabali o'yindagi birinchi golni urgan.

Aston Villa