„Gentlemen Prefer Blondes“, toʻliq nomi „Gentlemen Prefer Blondes: The Intimate Diary of a Professional Lady“ () – amerikalik yozuvchi Anita Loos qalamiga mansub hajviy roman. Asar Lorelei Lee ismli yengiltak ayol va flepperning xotira daftari shaklida yozilgan. F. Scott Fitzgeraldning „The Great Gatsby“ hamda Carl Van Vechtenning „Firecrackers“ romanlari bilan bir yilda chop etilgan roman Jazz davridagi gedonizmga bagʻishlangan taniqli asarlarning biridir. Loos 1927-yil „But Gentlemen Marry Brunettes“ nomi bilan „Gentlemen Prefer Blondes“ romanining davomini yozgan.
Roman dastlab 1925-yilning yozida „Harper's Bazaar“ jurnalida serialashtirilgan. Oʻsha yilning noyabrida „Boni & Liveright“ nashriyoti asarni roman shaklida chop etgan. Adabiy tanqidchilar romanni oʻta sayoz oʻlaroq tanqid qilgan boʻlsa-da, koʻpchilik yozuvchi uni yuqori baholagan. Xususan, Scott Fitzgerald, James Joyce, William Faulkner va H. G. Wells romanni olqishlagan. Edith Wharton esa Lorelei Lee obrazida Warren G. Harding va Calvin Coolidge prezident boʻlgan davrdagi ochkoʻzlik va aysh-ishrat yaxshi mujassamlanganini aytib, asarni „Amerika adabiyotining buyuk romani“ deya maqtagan.
„Gentlemen Prefer Blondes“ 1926-yilda AQSHdagi bozori eng chaqqon ikkinchi kitobga aylangan, xalqaro miqyosda bestseller boʻlgan. Kamida 13 tilga, jumladan, xitoy va rus tillariga oʻgirilgan. Loos 1981-yilda 93 yoshida vafot etguniga qadar 85 dan oshiq nashrda bosilib chiqqan. Shuningdek, roman asosida 1926-yil strip hozirlangan va pyesa sahnalashtirilgan, 1928-yil esa ovozsiz kino suratga olingan. 1949-yil myuzikl sahnalashtirilgan, oʻz navbatida, myuzikl asosida 1953-yil film suratga olingan.
Izohlar
Manbalar Snoskalar
Adabiyotlar
Turkum:Anita Loos romanlari Turkum:AQSh romanlari