Ivande Kaija (Antonija Lūkina nomi bilan ham mashhur, qizlik familiyasi: Antoinya Meldere-Millere; 1876-yilda tugʻilgan – 1942-yilda vafot etgan) – latviyalik yozuvchi va feminist. Latviya mustaqilligi uchun kurashgan shaxs. Jamoat ishlari va ijodi orqali latviyaliklarni „Gold Fund“ jamgʻarmasiga mol-mulklarini ehson qilishga undagan. Bu jamgʻarma 1920-yilda mamlakatning oltin zaxirasiga aylangan. Jamoat ishlaridagi xizmatlari uchun 1926-yilda Uch yulduz ordeni bilan eʼtirof etilgan. Sovet davrida uning koʻplab asarlari yoʻq qilingan boʻlsa-da, soʻnggi yillarda ular yana ommalashib bormoqda.

Biografiyasi

Antonija Meldere-Millere 1876-yil 13-oktyabrda Rossiya imperiyasi tarkibidagi Livoniya gubernyasining Jumpravmuižā qishlogʻida tugʻilgan. Otasining ismi Miķelis, onasining ismi Matilde (qizlik familiyasi Flintman) Millere-Meldere boʻlgan. Otasi badavlat tadbirkor va yer egasi edi, keyinchalik ularning oilasi Torņakalnsga koʻchib oʻtgan va Antonija 1881-yilda oʻsha yerdagi maktabga oʻqishga borgan Boshlangʻich maktabni tamomlaganidan soʻng Riga shahridagi Lomonosov ayollar gimnaziyasiga oʻqishga kirgan. Lomonosovdagi oʻqishi davrida u keyinchalik turmush oʻrtogʻi Fēlikss Lūkins bilan doʻstlashgan va 1892-yilda oʻzining birinchi romani „Trīs jaungada naktis“ni nashr ettirgan. 1895-yilda oʻrta maktabni tamomlab, Shveysariyadagi Bern universitetida va Germaniyadagi Leypsig universitetida falsafa va sanʼat tarixi yoʻnalishlarida oʻqishini davom ettirgan. Muzey va sanʼat galereyalariga tez-tez borib, bilimlarini oshirgan hamda ingliz, fransuz, nemis, italyan, lotin va rus tillarini oʻrgangan. 1901-yilda oʻqishni tashlab, oftalmolog boʻlgan va keyinchalik Latviya Shifokorlar Uyushmasiga asos solgan shaxs Fēlikss Lūkinsga turmushga chiqqan. Keyingi yillarda Antonija jurnalist sifatida faoliyat olib borgan. Uch farzandni dunyoga keltirgan. 1910-yilda turmush oʻrtogʻining koʻmagi bilan surgunda yashayotgan mashhur latviyalik adiblar Rainis va Aspazija huzuriga Shveysariyaga yozuvchilik faoliyati boʻyicha maslahat olish uchun borgan. Lugano shahridagi qabristonga tashrifi chogʻida bir yodgorlikdagi yozuvdan ilhomlanib, oʻziga „Kaija“ – „oqqush“ (yoki „qargʻaqush“, „chagʻalay“ maʼnosida) taxallusini tanlagan.

Merosi

Kaija vafot etgan paytda uning asarlari Sovet rejimi tomonidan eʼtiborsiz qoldirilgan edi, biroq keyingi yillarda uning asarlari zamonaviy dolzarbligi sababli yana qayta qiziqish uygʻota boshladi. 2006-yilda tavalludining 130 yilligi munosabati bilan Mālpils jamoat kengashi tomonidan maxsus tadbir oʻtkazilib, uning tanlangan asarlari oʻqildi va ommaviy maʼruza tashkil etildi.

Manbalar

Turkum:1876-yilda tugʻilganlar Turkum:13-oktyabrda tugʻilganlar Turkum:1942-yilda vafot etganlar Turkum:2-yanvarda vafot etganlar Turkum:Alifbo boʻyicha yozuvchilar Turkum:Feministlar