Linda Evangelista (1965-yil 10-mayda tugʻilgan) – kanadalik model. Barcha davrlarning eng yetuk va nufuzli modellaridan biri sifatida eʼtirof etilgan va 700 dan ortiq jurnal muqovalarida surati bosib chiqarilgan.
Evangelistaning modellik faoliyati 1984-yilda boshlangan. U oʻzining tugʻilgan yeri Kanadadan Nyu-Yorkka koʻchib kelgach, Elite Model Management agentligi bilan shartnoma imzolagan. Fotograf Peter Lindberghning maslahatiga koʻra, 1988-yilda sochini kalta qilib qirqtirgan.
Moda sanoatining „xameleon“i sifatida taʼriflangan hamda besh supermodel (Evangelista, Christy Turlington, Naomi Campbell, Claudia Schiffer va Cindy Crawford) orasidagi muhim shaxslardan biri boʻlgan Evangelista 1980-yillarning oxiri va 1990-yillar davomida dunyodagi eng mashhur ayollardan biri edi. Hamkasblaridan farqli oʻlaroq, Evangelista modellikdan tashqari yana boshqa sohalarda faoliyat olib borishdan cheklandi. 1998-yilda u oʻz faoliyatini yakunladi, oradan 3 yil oʻtib esa vaqti-vaqti bilan ishlash sharti bilan yana faoliyatiga qaytdi. Model sifatidagi yutuqlari tufayli Evangelista 2008-yilda Fashion File telekoʻrsatuvi tomoshabinlari tomonidan „Barcha davrlarning eng buyuk supermodeli“ deya eʼtirof etilganan.
Yoshlik davri Evangelista 1965-yil 10-may kuni Kanadaning Ontario shtatidagi St. Catharines shahrida ishchi sinfiga mansub katolik oilada dunyoga kelgan. Uning ota-onasi Marisa va Tomaso (Tom) Evangelista (2014-yilda vafot etgan) Italiyaning Pignataro Interamna shaharchasidan koʻchib kelgan. Evangelistaning otasi 1957-yilda emigratsiyadan soʻng General Motors kompaniyasida faoliyat olib borgan, onasi esa hisobchi boʻlib ishlaydi. Evangelista oilada uch farzandning ikkinchisi boʻlib, uning bir akasi va bir ukasi bor.
12 yoshida Evangelista modellik maktabining oʻzini rivojlantirish kursiga qatnashgan, u yerda unga xushmuomalalik va odob-axloq qoidalaridan saboq berilgan va unga modellik kursiga borishi tavsiya qilishgan. Evangelista Denis Morris katolik oʻrta maktabida tahsil olgan. Oʻsmirlik chogʻida u mahalliy darajadagi modellik faoliyatini boshlagan. 1981-yilda Evangelista Miss Teen Niagara goʻzallik tanlovida ishtirok etgan, tanlovda gʻolib boʻlmagan boʻlsa-da, Elite Model Management vakilining eʼtiborini tortgan. 16 yoshida Evangelista model sifatida ishlash uchun Yaponiyaga uchib ketgan, biroq yalangʻoch harakat qilish bilan bogʻliq noxush voqea sababli modellikni butunlay tashlamoqchi boʻlgan. Shundan soʻng Evangelista Kanadaga qaytgan va oradan 2 yil oʻtgachgina yana modellik faoliyatida oʻzini sinab koʻrishga qaror qilgan.
Manbalar
Havolalar
Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:1965-yilda tugʻilganlar Turkum:Ontariolik ayol modellar Turkum:Kanadalik ayol modellar Turkum:Kanadalik LGBTQ huquqlari faollari