The Wind Rises (, Kaze Tachinu) – 2013-yilda yaratilgan yapon animatsion tarixiy drama filmi boʻlib, uni Hayao Miyazaki yozgan va rejissyorlik qilgan. Film Studio Ghibli tomonidan ishlab chiqilgan, Toho kompaniyasi esa tarqatgan. Unga Hideaki Anno, Miori Takimoto, Hidetoshi Nishijima, Masahiko Nishimura, Morio Kazama, Keiko Takeshita, Mirai Shida, Jun Kunimura, Shinobu Otake va Nomura Mansai ovoz bergan.

Hikoya Yaponiyaning aerokosmik muhandisi Jiro Horikoshi hayotiga bagʻishlangan boʻlib, unda qahramonning 1923-yilda Tokio universitetidagi talabalik davridan tortib, 1935-yil 4-fevraldagi Mitsubishi Ka-14 samolyotining ilk sinov parvozigacha boʻlgan muhandislik faoliyati tasvirlanadi. Tarixiy voqealar bilan bir qatorda filmda Horikoshining badiiy talqindagi romantik muhabbati ham aks etgan. Bunda yozuvchi Tatsuo Horining yarim avtobiografik asari The Wind Has Risendan ilhomlangan. Ushbu film dastlab Hayao Miyazakining soʻnggi toʻliq metrajli asari boʻlishi rejalashtirilgan edi, biroq u keyinchalik bu qarorini oʻzgartirib, The Boy and the Heron filmini ham suratga olgan.

The Wind Rises filmi Yaponiyada 2013-yil 20-iyul kuni namoyish etilgan va oʻsha yili mamlakatda eng koʻp daromad keltirgan yapon filmi boʻlgan. Garchi film Osiyo mintaqasida ayrim siyosiy bahs va tanqidlarga sabab boʻlgan boʻlsa-da, u tanqidchilar tomonidan keng eʼtirof etilgan. Film bir nechta yirik mukofotlarga nomzod boʻlgan, jumladan „Eng yaxshi animatsion film“ uchun Oscar mukofoti, Golden Globe mukofotining „Eng yaxshi xorijiy tildagifilmi“ nominatsiyasi va Japan Academy Prizening „Yilning eng yaxshi animatsion filmi“ mukofoti. Soʻnggi mukofotni film qoʻlga kiritgan.

Syujeti 1918-yilda yosh Jiro Horikoshi uchuvchi boʻlishni orzu qiladi, biroq uning koʻrish qobiliyatidagi nuqson bu niyatini amalga oshirishga toʻsqinlik qiladi. U bir jurnal maqolasidan ilhomlanib, tez-tez tush koʻra boshlaydi. Tushida oʻzi havas qilgan italiyalik samolyot muhandisi Giovanni Battista Caproni bilan birga Capronining samolyotida uchadi. Caproni unga oʻzi hech qachon samolyot uchirmaganini aytadi va „samolyot yasash uni uchirishdan ham goʻzalroq“ deydi. Besh yil oʻtib, Caproni Ca.60 loyihasining muvaffaqiyatsizligidan soʻng, Jiro Tokio imperatorlik universitetida aeromuhandislik yoʻnalishida tahsil olayotgan boʻladi. Bir safar oilasini koʻrib, qaytayotganida, u xizmatkori Kinu bilan sayohat qilayotgan yosh qiz Nahoko Satomi bilan tanishib qoladi. Kutilmaganda Buyuk Kanto zilzilasi sodir boʻladi va Kinuning oyogʻi singadi. Jiro Nahokoni koʻtarib olib, uni xavfsiz tarzda uyiga eltib qoʻyadi. Shundan soʻng ular bir-birlariga ismini aytmasdan xayrlashishadi.

1925-yilda Jiro doʻsti Kiro Xonjo bilan birga universitetni tugatadi va ikkovi ham Buyuk Depressiya davrida Mitsubishi aviatsiya kompaniyasida ish boshlaydi. Ularga Imperatorlik Armiyasi uchun Mitsubishi 1MF9 qiruvchi samolyotini takomillashtirish vazifasi yuklanadi. Sinov paytida samolyot havoda parchalanib ketgani sababli loyiha rad etiladi. Rejalarini oʻzgartirib, Mitsubishi 1929-yilda Jiro va Xonjoni bombardimonchi samolyot qurish maqsadida Junkers G.38 uchun ishlab chiqarish litsenziyasini olish uchun Veymar Respublikasiga joʻnatadi. Hugo Yunkers ularni iliq kutib olsa-da, Xavfsizlik politsiyasi ikki mutaxassisga toʻliq chizmalarni olishga toʻsqinlik qiladi. Yaponiyaning aviatsiya texnologiyasi dunyoning qolgan qismidan qanchalik orqada qolganini koʻrib, Jiro va hamkasblari ruhsizlanadi. Jiro Yaponiyaga qaytadi, Xonjo esa qolib, keyinchalik Mitsubishi G4M ni yaratadi.

Manbalar

Havolalar

Turkum:Mangaga asoslangan anime filmlar