Oʻtkir Abdulloyevich Roziqov (1970-yil 20-may, Buxoro tumani) – o'zbek matematik olimi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi haqiqiy a'zosi, akademik (2023), fizika-matematika fanlari doktori (2001), professor. Butunjahon fanlar akademiyasi aʼzosi (2018). Samarqand davlat universitetini tugatgan (1993). V. I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti direktori. Asosiy ilmiy ishlari Matematik analiz, algebra va ehtimollar nazariyasining zamonaviy usullari bilan fizik va biologik sistemalarning termodinamikasi va dinamikasi nazariyalarini tabiiy fanlarda qoʻllashga oid.
Tarjimai holi Oʻtkir Roziqov 1970-yil Buxoro viloyati Buxoro tumanida tugʻilgan. 1993-yil Samarqand davlat universiteti matematik tahlil fakultetini tamomlagan. 1995-yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi V. I. Romanovskiy nomidagi Matematika institutida avval aspiranturani soʻngra doktoranturani bitirgan. 2001-yilda fizika-matematika fanlari doktori unvonini olgan. Akademik Oʻtkir Roziqov institutda 2001-yildan buyon yetakchi ilmiy xodim lavozimida ishlab kelmoqda.
Ilmiy ishlari Oʻtkir Roziqov termodinamikani matematik biologiyaga kiritish maqsadida statistik mexanika va voyaga yetgan populyatsiyalar evolyutsion algebralarida Gibbs holatlari nazariyasiga katta hissa qoʻshgan. R-adik dinamik tizimlar va r-adik taqsimlashlarni oʻrganish gʻoyasini ilgari surgan.
Oʻ.Roziqovning chop etgan ilmiy ishlari soni 250 dan koʻp (jumladan, chet elning nufuzli jurnallarida 145 ta). Shuningdek, Roziqovning 4 ta kitobi hozirgi kunda dunyoning 200 dan ortiq universitetlari kutubxonalaridan oʻrin olgan. Olingan natijalari xalqaro miqyosda yuqori baholangani bois Oʻ.Roziqov 20 dan ortiq yetakchi xalqaro universitet va ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻygan.
Oʻ.Roziqov ilmiy rahbarligida 8 ta fan nomzodi va 1 ta fan doktori dissertatsiyalari himoya qilingan, bugungi kunda shogirdlari orasidan 3 tasi PhD va 2 tasi fan doktori ilmiy darajalarini olishga tayyorlanmoqda.
Google Scholar maʼlumotiga koʻra Oʻ.Roziqovning ishlariga 3071 ta iqtiboslik qilingan va h-index =30.
Maqolalari Chet eldagi birinchi maqolasi 1997-yilda chiqqan. 1997—2020-yillarda 135 ta maqolasi chet el jurnallarida chop etilgan.
Rozikov U. A. Tree-hierarchy of DNA and distribution of Holliday junctions. Jour. Math. Biology, 2017. V.75, No.6, p.1715-1733 Rozikov U. A. Gibbs measures in biology and physics: The Potts model. World Sci. Publ. Singapore. 2022, 368 pp. Rozikov U. A. Population dynamics: algebraic and probabilistic approach. World Sci. Publ. Singapore. 2020, 460 pp. Rozikov U. A. An introduction to mathematical billiards. World Sci. Publ. Singapore. 2019, 224 pp. Ibragimov Z., Levenberg N., Rozikov U., Sadullaev A. (Eds). Algebra, Complex Analysis, and Pluripotential Theory. Springer Proceedings in Mathematics and Statistics. 2018, V. 264, Springer Nature Switzerland. Rozikov U. A. Gibbs measures on Cayley trees. World Sci. Publ. Singapore. 2013, 404 pp.
Mukofotlari va unvonlari Niderlandiyaning Elsevier nashriyoti hamda Stanford universiteti tomonidan dunyoning 2% TOP olimlari roʻyxatidan oʻrin olgan.
Yosh olimlar uchun TWAS mukofoti „Oʻzbekiston belgisi“ medali „Ajoyib oʻqituvchi“ mukofoti Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi aʼlochisi nishoni (2003) Oʻzbekiston Respublikasining 1-darajali Davlat mukofoti (2017) („Noassotsiativ algebralar, differensiallash va nochiziqli dinamik sistemalar nazariyalarini rivojlantirish“ fundamental tadqiqoti uchun, Shavkat Ayupov, Karimbergen Kudaybergenov, Bahrom Omirovlar bilan birgalikda) „Springer Nature Top Author“ xalqaro mukofoti (2017) Yaponiyaning Toshkentdagi elchixonasi mukofoti (1995) Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi va Butunjahon fanlar akademiyasi (TWAS) muassisligidagi yosh olimlar uchun xalqaro mukofoti (1995, 2000, 2001, 2009-yillar) IHT Ilmiy va texnikaviy hamkorlik qoʻmitasining (ITHQ) matematika sohasida eng yaxshi ilmiy maqola (2019)
Fikrlari 2020-yil Kun.uz nashri bilan suhbatda professor Oʻtkir Roziqov tadqiqotchilarning ijod erkinligi chegaralgani, ilmiy-tadqiqotlar va oliy taʼlim tizimidagi ortiqcha byurokratiya hamda olimlar uchun yetarli maosh berilmay kelinganini tanqid qildi.
Manbalar
Havolalar Google Scholarda Scopusda Butunjahon Fanlar akademiyasi saytida Sciencewebda
Turkum:Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademiklari Turkum:Butunjahon fanlar akademiyasi akademiklari Turkum:Oʻzbekiston matematiklari Turkum:Samarqand davlat universiteti bitiruvchilari