„Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari“ koʻkrak nishoni – Oʻzbekiston Respublikasida jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshayotgan, yuqori salohiyat va faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etayotgan yoshlar hamda mutaxassislarni ragʻbatlantirish maqsadida taʼsis etilgan davlat mukofoti. Mazkur koʻkrak nishoni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori asosida joriy etilgan.
Mukofot yangi taraqqiyot bosqichida mamlakat rivojiga xizmat qilayotgan, xalqaro maydonda Oʻzbekiston nufuzini oshirishga hissa qoʻshayotgan, vatanparvarlik va fidoyilik namunalarini koʻrsatayotgan fuqarolarni eʼtirof etishga qaratilgan.
Nomzodlarni shakllantirish Koʻkrak nishoniga tavsiya etiladigan nomzodlar bir qator taʼlim va iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash tizimlari doirasida saralab olinadi. Jumladan:
„El-yurt umidi“ jamgʻarmasi stipendiatlari; umumtaʼlim maktablari hamda Prezident maktablari bitiruvchilari; Yangi O‘zbekiston universiteti bitiruvchilari; „Prezident iqtidorli farzandlari“ tashabbusi va unga oid milliy dastur ishtirokchilari; xorijiy oliy taʼlim muassasalari va xalqaro tashkilotlarda taʼlim yoki malaka oshirgan iqtidorli vatandoshlarni birlashtiruvchi Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash hamjamiyati aʼzolari.
Taqdirlash tartibi Nomzodlarni saralash va hujjatlarni tayyorlash jarayonini Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi muvofiqlashtiradi hamda ishchi organ vazifasini bajaradi. Taqdim etilgan materiallar asosida ishchi guruh har yili 25-martga qadar eng munosib nomzodlar yuzasidan xulosa tayyorlaydi.
Mazkur xulosa „Prezident iqtidorli farzandlari“ tashabbusi ijrosini nazorat qiluvchi respublika komissiyasiga yuboriladi. Komissiya har yili 20-mayga qadar koʻkrak nishoni bilan taqdirlash toʻgʻrisida yakuniy qaror qabul qiladi.
Mukofotlash Koʻkrak nishoni nafaqat Oʻzbekiston fuqarolariga, balki zarur hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga ham topshirilishi mumkin.
Mukofot har yili Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash hamjamiyati qurultoyi doirasida tantanali ravishda topshiriladi. Mazkur nishon bir shaxsga faqat bir marotaba beriladi.
Manbalar
Turkum:Mukofotlar