Zamonaviy masjid me’morchiligi — masjid me’morchiligining an’anaviy elementlarini zamonaviy estetika, materiallar va texnologiyalar bilan birlashtiradigan me’moriy yo‘nalishdir. Masjidlar diniy inshoot sifatida VII asrdan boshlab mavjud. Zamonaviy yondashuvlar esa asl an’analarni zamonaviylik va barqarorlik tamoyillari bilan uyg‘unlashtirib, arxitektura nazariyasi va amaliyotidagi yutuqlarni aks ettiradi.
Tarixi Tarixan masjidlar arxitekturasi har doim o‘z davrining madaniy va ijtimoiy muhitini aks ettirib kelgan. Asrlar davomida bu inshootlar turli me’moriy uslublarni o‘zida mujassamlashtirgan bo‘lib, ular ilk islom davridagi sodda va kamtarona binolardan tortib, Usmonli, Fors va Boburiylar davrida qurilgan ulkan va bezaklarga boy masjidlargacha bo‘lgan shakllarni qamrab oladi.
XX asrda butun dunyoda modernizm arxitekturasi keng tarqalishi bilan masjidlarning dizayni ham o‘zgarishni boshladi. Me’morlar yangi materiallar va texnikalarni sinab ko‘ra boshladilar hamda zamonaviy estetika va funksionallikni an’anaviy islomiy tamoyillar va bezak motivlari bilan uyg‘unlashtirdilar.
Zamonaviy davr esa yanada katta xilma-xillik bilan ajralib turadi. Ko‘plab me’morlar masjidni XXI asr talablari asosida qayta talqin qilish va yangi shaklda tasavvur qilishga intilmoqda.
Tamoyillari va xususiyatlari Zamonaviy davr masjidlari mehrob (Makka tomon yo‘nalishni ko‘rsatuvchi mehrob), minora (azon aytiladigan minora) va katta ochiq ibodat zali kabi asosiy elementlarni saqlab qoladi, biroq ularni ko‘pincha yangi va innovatsion shakllarda namoyon etadi.
An’ana va zamonaviylik uyg‘unligi
Zamonaviy masjid arxitekturasi ko‘pincha an’anaviy va zamonaviy elementlarning uyg‘unlashuvi bilan tavsiflanadi. Masalan, an’anaviy Islomiy geometrik naqshlar zamonaviy va abstrakt shakllarda qo‘llanilishi yoki hududiy me’moriy uslublarning modernistik yoki postmodernistik dizayn tamoyillari bilan birlashtirilishi mumkin. Bunga misollardan biri — Şakirin masjidi (Istanbul). Uni Zeynep Fadillio‘g‘li loyihalashtirgan bo‘lib, unda an’anaviy usmoniy me’morchilik elementlari zamonaviy estetika bilan uyg‘unlashtirilgan. Ichki qismida yarim shaffof kompozit materialdan yasalgan gumbaz va abstrakt haykaltaroshlik uslubidagi mihrab mavjud.
Zamonaviy materiallar va texnologiyalardan foydalanislishi
Zamonaviy masjid arxitekturasi ko‘pincha po‘lat, shisha va beton kabi yangi materiallardan hamda ilg‘or me’moriy texnologiyalardan foydalanadi. Bu esa dizaynda ko‘proq erkinlik va ijodkorlikni ta’minlash bilan birga, binoning funksionalligi va barqarorligini ham oshiradi. Bunday xususiyatlarni Al-Ansor masjidida ko‘rish mumkin. U 2015-yilda Singapurda qayta qurilgan.
Jamoaviylik va ko‘p funksiyalilik Zamonaviy davrda ko‘plab masjidlar nafaqat ibodat joyi, balki jamoat markazi sifatida ham loyihalashtirilmoqda. Ularda turli xizmatlar va imkoniyatlar taqdim etiladi. Natijada, masjidlar turli maqsadlar uchun moslashuvchan va ko‘p funksiyali makonlarga ega bo‘ladi.
Barqarorlik Masjid arxitekturasida ekologik barqaror dizayn tamoyillariga bo‘lgan e’tibor tobora ortib bormoqda. Bu quyidagilarni o‘z ichiga oladi: qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, tabiiy shamollatish va yoritish tizimlari, suvni tejash choralari hamda atrof-muhitga ta’sirni kamaytiradigan materiallardan foydalanish.
Bu tamoyillar Sancaklar masjidida ham aks etgan. Uni Emre Arolat Architecture loyihalashtirgan bo‘lib, minimalistik dizayni va tabiiy landshaft bilan uyg‘unlashuvi bilan mashhur. Masjid tepalik bag‘riga qurilgan bo‘lib, ibodat zaliga olib boruvchi terassali hovliga ega. Manbalar
Turkum:Masjidlar