Children of Men – 2006-yilda ekranlarga chiqqan, rejissyor Alfonso Cuarón tomonidan suratga olingan va hammualliflikda yozilgan distopik triller janridagi jangovar film. Phyllis Dorothy Jamesning 1992-yilgi „Children of Men“ romani asosida yaratilgan film ssenariysi besh nafar muallif tomonidan yozilgan bo‘lib, unga Clive Owen ham (garchi ismi qayd etilmagan boʻlsa ham) o‘z hissasini qo‘shgan. Film voqealari 2027-yilda, insoniyatning bepushtlik girdobida qolishi oqibatida butun sivilizatsiya tanazzul yoqasiga kelib qolgan davrda bo‘lib o‘tadi. Boshpana izlab yurgan qochqinlar Buyuk Britaniyadan najot izlaydilar, biroq hukumat ularni hibsga olish va deportatsiya qilish bilan shug‘ullanadi. Owen ushbu filmda davlat xizmatchisi Theo Faron rolini ijro etadi. U qochqin ayol Kee (Clare-Hope Ashitey)ga yuzaga kelgan tartibsizliklardan omon chiqishga yordam berishga harakat qiladi. Bundan tashqari, filmda Julianne Moore, Chiwetel Ejiofor, Pam Ferris, Charlie Hunnam va Michael Caine kabi aktyorlar suratga tushgan.
Film Universal Pictures tomonidan 2006-yil 22-sentyabrda Buyuk Britaniyada, 25-dekabrda esa AQShda namoyish qilingan. Namoyishlar ko‘lami cheklangani va distribyutor tomonidan mukofotlar mavsumida aniq marketing strategiyasi olib borilmaganiga qaramay, „Children of Men“ tanqidchilar tomonidan yuqori baholanadi. Film ssenariysi, operatorlik ishi, badiiy muharrirlik ishi hamda innovatsion, bir kadr bilan uzluksiz suratga olingan jangovar sahnalari bilan alohida e’tirof etiladi. Kino kassalarida kutilgan natijani bermagan bo‘lsa-da, film uchta yo‘nalishda, Eng yaxshi sahnalashtirilgan ssenariy, Eng yaxshi operatorlik ishi va Eng yaxshi montaj ishi nominatsiyalari boʻyicha Oskar mukofotiga nomzod bo‘lgan. Shuningdek, uchta nominatsiya boʻyicha BAFTA mukofotiga ham nomzod bo‘lib, Eng yaxshi operatorlik ishi va Eng yaxshi postanovkachi-rassom ishi yo‘nalishlarida g‘olib chiqqan. Eng yaxshi ilmiy-fantastik film nominatsiyasi boʻyicha Saturn mukofotiga loyiq deb topilgan.
Film uzoq vaqt davomida o‘z nufuzini saqlab qoldi va muntazam ravishda eng yaxshi distopik asarlardan biri sifatida e’tirof etib kelinadi. Film koʻpincha 2000-yillar va XXI asrning eng yaxshi filmlari qatorida tilga olinadi. Butun dunyo kinotanqidchilari orasida o‘tkazilgan BBC so‘rovnomasida film 2000–2016-yillar oralig‘idagi eng yaxshi filmlar ro‘yxatida 13-o‘rinni egallagan. Syujeti 2027-yilda insoniyatning butunlay bepushtlikka duchor bo‘lishi urushlar va global tushkunlikka olib keladi. Inson zoti qirilib ketish xavfi ostida qolar ekan, sivilizatsiya tanazzul yoqasiga kelib qoladi.
Manbalar
Turkum:Universal Pictures filmlari Turkum:AQSH ilmiy-fantastik filmlari Turkum:Buyuk Britaniya ilmiy-fantastik filmlari Turkum:Yaponiya ilmiy-fantastik filmlari