1977-yilgi Chet el korrupsiyaviy amaliyotlari toʻgʻrisidagi qonun (FCPA) (15 U. S. C. § 78dd-1 va boshqalar) Amerika Qoʻshma Shtatlari federal qonuni boʻlib, AQSh fuqarolari va tashkilotlariga oʻz biznes manfaatlarini koʻzlash maqsadida chet el hukumat amaldorlariga pora berishni taqiqlaydi.

FCPAning poraxoʻrlikka qarshi qoidalari AQShning barcha jismoniy shaxslari hamda qimmatli qogʻoz emitenti boʻlgan ayrim xorijiy subyektlarga nisbatan qoʻllaniladi. 1998-yilda kiritilgan oʻzgartirishlardan soʻng, ushbu qonun AQSH hududida bevosita yoki vositachilar orqali korruptsion toʻlovlarni amalga oshirishga koʻmaklashadigan chet el firmalari va shaxslariga ham tatbiq etila boshlandi.

FCPA poraxoʻrlikka qarshi kurash maqsadlaridan kelib chiqib, 1934-yildagi Qimmatli qogʻozlar birjasi toʻgʻrisidagi qonunga oʻzgartirishlar kiritadi va AQShda qimmatli qogʻozlari roʻyxatga olingan barcha kompaniyalardan aniq va shaffof moliyaviy hisobot yuritish hamda ichki buxgalteriya nazorat tizimini yoʻlga qoʻyish kabi muayyan hisob yuritish talablariga rioya etishni majburiy etib belgilaydi.

FCPA qonuni AQSh Adliya departamenti (DOJ) hamda Qimmatli qogʻozlar va birjalar boʻyicha komissiyasi (SEC) tomonidan birgalikda ijro etiladi. Bunda DOJ jinoiy javobgarlik choralarini, SEC esa fuqarolik-huquqiy jazolarni qoʻllaydi.

Qonun qabul qilinganidan beri FCPA turli bahs-munozaralar va tanqidlarga sabab boʻldi, xususan, uning qoʻllanilishi AQSh kompaniyalarini xorijda investitsiya kiritishdan toʻxtatadimi-yoʻqmi degan savol koʻtarilgan. Keyinchalik, 1988-yilda qonunga oʻzgartirish kiritilib, poraxoʻrlikni aniqlash uchun isbot darajasi yanada yuqorilandi. 2025-yilda iqtisodchilar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, aksariyat iqtisodchilar FCPA qonunini bekor qilish butun dunyoda poraxoʻrlik va korrupsiya darajasining oshishiga olib keladi, degan fikrni bildirgan. Soʻrovda ishtirok etgan iqtisodchilardan birortasi ham qonunni bekor qilish AQSh kompaniyalarining uzoq muddatli foydasi yoki raqobatbardoshligini oshiradi, degan fikrni ilgari surmagan.

Taʼsiri FCPA qonunining taʼsiri nihoyatda katta boʻlib, u kompaniyalarning butun dunyo boʻylab faoliyat yuritish tarzidan tashqari, hukumatlarning korrupsiyaga qarshi kurash mexanizmlarini ham oʻzgartirdi. Ushbu qonun nafaqat AQShda korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar boʻyicha xabardorlik va nazoratni kuchaytirdi, balki boshqa mamlakatlarni ham shunga oʻxshash qonunlarni qabul qilishga undadi va natijada poraxoʻrlik va korrupsiyaga qarshi kurashda xalqaro darajada muvofiqlashtirilgan yondashuv shakllanishiga turtki berdi. FCPA hamda unga oʻxshash korrupsiyaga qarshi qonunlar kompaniyalar uchun investorlar ishonchini oshirishga ham xizmat qildi. Bu orqali investorlar kompaniya boshqaruv kengashining qanchalik axloqiy tamoyillarga sodiq va FCPA talablariga rioya etuvchi ekanini, shuningdek, biznesni halol va ishonchli asosda yuritayotganini baholay olish imkoniga ega boʻldilar. Mazkur qonun kompaniyalarning oʻz ichida mavjud boʻlishi mumkin boʻlgan korrupsiya xavflariga nisbatan oʻzini-oʻzi tahlil qilish va nazorat qilish madaniyatini ham shakllantirdi. Shu bilan birga, u biznes etikasini oʻqitish va tadqiq etish sohasining rivojlanishiga ham sabab boʻldi. Bugungi kunda talabalarga va kelajakdagi biznes mutaxassislariga kompaniya ichida yoki xalqaro bozorlarda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan korrupsion holatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish uchun zarur bilimlarni beruvchi sertifikat dasturlari va maxsus kurslar mavjud.

Yana qarang Poraxoʻrlikka qarshi kurash toʻgʻrisidagi qonun (Buyuk Britaniya)

Manbalar

Havolalar Foreign Corrupt Practices Act of 1977 (PDF/details) as amended in the GPO Statute Compilations collection US Department of Justice page on the FCPA

Turkum:Korrupsiyaga qarshi qonun hujjatlari