Abu Salama Mahmud ibn Nasr ibn Solih (; taxallusi Rashid ad-Davla) 1060-yildan 1061-yilgacha va yana 1065-yildan vafotigacha Halabning Mirdosiy amiri boʻlgan. U Shibl ad-Davla Nasr va Numayriylar sulolasi malikasi Maniʼa as-Sayyida al-Alaviyya oʻgʻli edi.
Birinchi hukmronligi U yosh shahzoda sifatida hokimiyat tepasiga keldi, oʻshanda Kilab qabilasi unga va amakivachchasi Maniga amakisi Simol tomonidan Fotimiylarga berib yuborilgan Halabni qaytarib olish vazifasini topshirgan edi. Ularning ilk urinishi muvaffaqiyatsiz boʻldi. Biroq 1060-yilda ular al-Funaydiq jangida Fotimiylarni tor-mor etib, maqsadiga erishdi. 1061-yilda Mahmudning birinchi hukmronligi yakuniga yetdi, chunki Kilab shayxlari bosimi ostida tuzilgan kelishuvga koʻra Halab yana Simolga topshirildi.
Ikkinchi hukmronligi 1062-yil oxirida Simol vafotidan soʻng Mahmud uning voris sifatida (amakisi) Atiyyani tayinlashiga qarshi chiqdi. Mahmud bilan amakisi oʻrtasida toʻqnashuvlar boshlandi. Atiyya oʻziga yordam berish uchun Diyorbakirdan 1 000 turkman oʻqchilarini chaqirishga qaror qildi, Suriyaga kirgan birinchi erkin turklar shu edi. Mahmud sulh tuzishga majbur boʻldi. Atiyya tarafdorlari turkmanlar lagerini talaganidan keyin ularning boshligʻi Ibn Xon Mahmud xizmatiga oʻtishga qaror qildi. Marj Dabiqdagi gʻalabadan keyin Mahmud 1065-yil avgustida, uch oy davom etgan qamaldan soʻng, Halabni egallashga muvaffaq boʻldi. Shundan soʻng Kilab amirligi Mahmud va amakisi oʻrtasida gʻarbiy (Halabni oʻz ichiga olgan) va sharqiy (shu jumladan Raqqa) hududlarga boʻlindi. 1070-yilda Mahmud soni doimiy ortib borayotgan va Halab va uning atrofida tartibsizliklar keltirib chiqarayotgan turkmanlarni jilovlash uchun Saljuq sultoni Alp Arslonga murojaat qildi. Alp Arslon qoʻlloviga erishish uchun Mahmud shia azonini va Fotimiylar foydasiga oʻqiladigan xutbani tark etdi hamda shialikdan sunniylikka oʻtdi. Unga sodiqlik bay’ati keltirgach, Alp Arslon Mahmudga markaziy Suriyadan Fotimiylarni quvib chiqarish vazifasini topshirdi, bu Alp Arslonning Ismoiliy davlatini yoʻq qilish rejasidagi birinchi qadam edi.
1071-yil may oyida Mahmud Baʼlabak zabt etdi. 13-asr arab tarjimayi hol yozuvchisi va tarixchisi Ibn al-Adimning maʼlumot berishicha, Vizantiya imperatori Romanos IV Diogenes Mahmudning Vizantiya hududlariga uyushtirgan yurishlarini oʻzining musulmon yerlariga aralashuvi, oqibatda esa Malazgirt jangida magʻlub boʻlishi va asir tushishiga olib kelgan omil deb bilgan. al-Adimning bayoni Vizantiya yurishiga izoh berishga uringan ilk manba hisoblanadi. Romanos, shuningdek, Mahmudning sunniylikka oʻtishi va tobora kuchayib borayotgan saljuqlarga sodiqlik bildirishidan ham norozi boʻlgani taxmin qilinadi.
Mahmud 1075-yilda vafot etgan. Eng kichik oʻgʻli Shabibni voris etib tayinlagan edi. Biroq uning katta oʻgʻli, Buvayhiy amiri Jalol ad-Davlaning qizi farzandi Nasr uning vorisi sifatida tan olindi.
Adabiyotlar
Manbalar
Turkum:Halabning Mirdosiy amirlari Turkum:Shialikdan sunniylikka o‘tganlar Turkum:1075-yilda vafot etganlar Turkum:Suriya sunniy musulmonlari Turkum:Arab–Vizantiya urushlaridagi arablar Turkum:Tug‘ilgan yili nomaʼlum Turkum:11-asr arablari