Behalovat avlod: Realdan virtualga koʻchgan bolalik va ruhiy xastaliklar epidemiyasi () — Jonathan Haidt tomonidan 2024-yilda yozilgan kitob. Unda smartfonlar, ijtimoiy tarmoqlar va ota-onalarning haddan tashqari himoyakorligi bolalik davrining „qayta shakllanishiga“ hamda ruhiy kasalliklarning koʻpayishiga olib kelgani haqida soʻz boradi.
Jonathan Haidtning taʼkidlashicha, 2000-yillarning oxiridan boshlab oʻyinlarga asoslangan bolalikning yoʻqolishi, ota-onalarning oʻta ehtiyotkorligi va smartfonlardan foydalanishning ortishi bolalar uchun zararli boʻlmoqda. The Wall Street Journal nashri tomonidan tashkil etilgan „Future of Everything“ festivalidagi intervyusida u maktablarda smartfonlarni taqiqlashni va ularning oʻrniga imkoniyatlari cheklangan oddiy tugmali telefonlardan foydalanishni taklif qilgan.
Qisqacha mazmuni
1-qism — Toʻlqin zarbasi Haidt 18 yoshgacha boʻlgan shaxslarning ruhiy salomatligiga oid bir qator mezonlar, jumladan, xavotir buzilishi va ogʻir depressiya kabi tashxislar, oʻziga shikast yetkazish holatlari hamda suitsid koʻrsatkichlari boʻyicha statistik maʼlumotlarni tahlil qiladi. Smartfonlar keng ommalashgan 2010-yil atrofida har bir koʻrsatkich boʻyicha keskin oʻsish kuzatilgan. Haidtning qayd etishicha, xuddi shu kabi salbiy taʼsirlar 30 va undan katta yoshdagilar orasida sezilarli darajada kamroq namoyon boʻlgan hamda boshqa rivojlangan mamlakatlarda ham butun dunyo boʻylab kuzatilgan. Shuningdek, u 2008-yildagi moliyaviy inqirozni asosiy sabab sifatida rad etadi, chunki oʻtmishdagi shunga oʻxshash iqtisodiy inqirozlar bunday keskin oʻsishga olib kelmagan.
2-qism — Oʻtmish: Oʻyinga asoslangan bolalikning inqirozi „Antifragile“ kitobidan ilhomlangan holda, Jonathan Haidt bolalar tabiatan moʻrt emasligini taʼkidlaydi. Unga koʻra, bolalar voyaga yetganlarida qiyin vaziyatlarni yengib oʻta olishlari uchun hayotining ilk davrlarida maʼlum darajadagi toʻsiqlar va qiyinchiliklarga muhtoj boʻladi. Bunday tajribasiz oʻsgan insonlar hayot qiyinchiliklariga dosh bera olmasliklari sababli xavotir, depressiya va boshqa xastaliklarga moyil boʻlib qoladilar. Tarixan bolalikdagi bunday sinov va toʻsiqlar oʻyinlar orqali amalga oshirilgan boʻlib, ularda bolalar tavakkal qilishgan, oʻz imkoniyatlarini sinab koʻrishgan va muvaffaqiyatsizlikka qarshi turishni oʻrganishgan.
3-qism — Katta qayta shakllanish: Telefonga asoslangan bolalikning yuksalishi Ijtimoiy tarmoqlarning toʻrtta asosiy zarari sanab oʻtiladi: ijtimoiy yakkalanish, uyqu yetishmasligi, diqqat tarqoqligi va qaramlik.
2021-yildagi Facebook maʼlumotlarining sizib chiqishi bilan bogʻliq maʼlumotlarga tayanib, Jonathan Haidt Facebook (hozirgi Meta) kompaniyasi oʻz mahsulotlari, ayniqsa, Facebook va Instagram oʻsmirlarga, xususan qiz bolalarga zarar yetkazayotganidan xabardor boʻlganini qayd etadi. Bundan tashqari, sizdirilgan hujjatlar kompaniya oʻsmirlarning oʻz mahsulotlaridan foydalanishda davom etishlarini yanada ragʻbatlantirish yoʻllarini tadqiq qilganini koʻrsatgan.
4-qism — Sogʻlom bolalik yoʻlida jamoaviy harakat Koʻplab ota-onalar farzandlari tengdoshlaridan ajralib qolmasligi uchun ularga smartfon olib berishga majbur boʻlayotgani tufayli Jonathan Haidt jamoaviy harakat zarurligini taʼkidlaydi. U hukumatlar, texnologik kompaniyalar, maktablar va ota-onalar uchun bir qator yechimlarni taklif etadi.
Hukumatlar uchun taklif qilingan yechimlar qatoriga Britaniyaning „Bolalar kodeksi“ kabi qoidalarini boshqa mamlakatlarda ham joriy etish hamda Amerikaning Bolalar onlayn maxfiyligini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun doirasidagi himoya yoshini 13 yoshdan 16 yoshga koʻtarish kiradi. Shuningdek, Haidt hukumatlarni kompaniyalarga muayyan yoshga yetmagan bolalar uchun hisob ochishni taqiqlovchi qonunlarni qatʼiy ijro etishga chaqiradi.
Qabul qilinishi 2025-yil aprel holatiga koʻra, kitob ketma-ket 52 hafta davomida The New York Times nashrining nobadiiy asarlar boʻyicha bestsellerlar roʻyxatidan tushmadi. 2024-yilda asar besh marta ushbu roʻyxatda birinchi oʻrinni egalladi.
Kitob Oprah Winfrey va Jessica Seinfeld tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Arkanzas gubernatori Sarah Huckabee Sanders kitobning nusxasini AQShning har bir shtati va hududi gubernatorlariga yuborib, ularni „Amerikadagi ruhiy salomatlik inqiroziga qarshi kurashish uchun birlashishga, bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar va ekran vaqtini cheklashga hamda ochiq havodagi oʻyinlarni ragʻbatlantirishga“ chaqirdi.
Shu bilan birga, psixolog Christopher Ferguson va sotsiolog Mike Males kabi boshqa sharhlovchilar kitobni va uning asosiy gʻoyasini navbatdagi „maʼnaviy vahima“ sifatida tanqid ostiga oldilar.
Manbalar
Turkum:Jonathan Haidt kitoblari