Adidas Trionda — Adidas tomonidan ishlab chiqarilgan futbol toʻpi. U Kanada, Meksika va Amerika Qoʻshma Shtatlarida oʻtkaziladigan Futbol boʻyicha 2026-yilgi jahon chempionatining rasmiy oʻyin toʻpi hisoblanadi. Toʻp 2025-yil 2-oktyabrda taqdim etilgan. U atigi toʻrtta paneldan issiqlik yordamida birlashtirilgan boʻlib, bu FIFA Jahon chempionati tarixidagi eng kam panelga ega toʻp hisoblanadi.
Etimologiyasi
Trionda nomi ingliz, fransuz va ispan tillarida „uch“ maʼnosini anglatuvchi tri prefiksi hamda ispan tilidagi „toʻlqin“ maʼnosini beruvchi onda soʻzining birikishidan hosil boʻlgan. Bu nom turnir mezboni boʻlgan uch davlatga ishora qiladi va „Uch toʻlqin“ maʼnosini anglatadi.
Tavsifi
Triondaning tashqi qatlami issiqlik yordamida birlashtirilgan toʻrtta poliuretan paneldan iborat boʻlib, bu hozirgacha FIFA Jahon chempionati uchun ishlab chiqarilgan rasmiy oʻyin toʻplari orasidagi eng kam koʻrsatkichdir. 2022-yilgi Jahon chempionatida qoʻllanilgan Al Rihla toʻpi kabi, uning yuzasi ham chuqur bosma makro va mikro naqshlar bilan qoplangan, ayniqsa, toʻpdagi ramzlar qismida. Bu naqshlar toʻpning uchish barqarorligini, aylanishini va nam sharoitdagi ushlanish xususiyatlarini yaxshilash uchun moʻljallangan.
Toʻp, shuningdek, „bogʻlangan toʻp texnologiyasi“ bilan ishlov berilgan. Ushbu texnologiya toʻrtta paneldan birining ichki qismiga oʻrnatilgan yon tomondagi inersial oʻlchov moduli (IMU) chipidan foydalanadi, Al Rihlada boʻlgani kabi ichki kameraga osib qoʻyilmagan. Mazkur chip video assistant referee (VAR) tizimiga toʻp harakati haqidagi yuqori aniqlikdagi ma’lumotlarni bir necha soniya ichida yetkazib beradi. Ushbu texnologiya FIFA va Myunxenda joylashgan „Kinexon“ kompaniyasi hamkorligida ishlab chiqilgan.
Toʻpning ranglar sxemasi va undagi ramzlar mezbon uch davlatning milliy timsollaridan ilhomlangan: Kanada uchun qizil rang va zarang bargi, Meksika uchun yashil rang va oltin burgut boshi, Amerika Qoʻshma Shtatlari uchun esa koʻk rang va besh uchli yulduz tasviri qoʻllanilgan.
Ishlab chiqarilishi
Trionda Pokistonning „Forward Sports“ kompaniyasi tomonidan Sialkot shahrida ishlab chiqariladi. Mazkur kompaniya avval Al Rihla toʻpining ham ishlab chiqaruvchisi boʻlgan.
Manbalar
Turkum:Adidas futbol toʻplari Turkum:FIFA Jahon chempionati 2026