Ilmiy jurnal — muayyan bir akademik fanga oid ilmiy tadqiqotlar chop etiladigan davriy nashr. Bunday jurnallar tadqiqotlarni tarqatish, sinchiklab tekshirish va muhokama qilish uchun doimiy hamda shaffof forum vazifasini oʻtaydi. Boshqa jurnallaridan farqli oʻlaroq, bu yerdagi maqolalar jurnal shtatidagi mualliflar tomonidan emas, balki asosan tadqiqotchilarning oʻzlari tomonidan yoziladi. Deyarli barcha ilmiy jurnallar tadqiqot maqolalarini chop etishdan avval majburiy taqrizdan oʻtkazishni yoki tegishli sohada malakali va tan olingan hamkasblar (ekspertlar) tomonidan sinchiklab koʻrib chiqilishini talab qiladi. Akademik jurnallarning tarixi XVII-asrga borib taqaladi; 1665-yilda asos solingan „Philosophical Transactions of the Royal Society“ jurnali tarixdagi birinchi ilmiy jurnal hisoblanadi.

2012-yilgi maʼlumotlarga koʻra, dunyo miqyosida 28 100 dan ortiq faol ilmiy jurnallar nashr etilayotgani taxmin qilingan boʻlib, ularning qamrovi „Science“ va „Nature“ kabi umumiy fanlardan tortib, tor doiradagi ixtisoslashgan sohalargacha vujudga kelgan. Ushbu jurnallar turli xildagi maqolalarni, jumladan, original tadqiqotlar, sharhlovchi maqolalar va istiqbolli qarashlarni chop etadi. Elektron nashriyotning rivojlanishi ilmiy jurnallardan foydalanish imkoniyatini yanada kengaytirdi.

Tarkibi Jurnal tarkibi odatda original tadqiqotlarni taqdim etuvchi maqolalar, sharhlovchi maqolalar yoki kitob taqrizlaridan iborat boʻladi. „Philosophical Transactions of the Royal Society“ jurnalining birinchi muharriri Henry Oldenburgning fikricha, ilmiy jurnalning maqsadi tadqiqotchilarga „oʻz bilimlarini bir-birlari bilan baham koʻrishlari hamda tabiat haqidagi bilimlarni boyitish, barcha falsafiy sanʼat va fanlarni takomillashtirish kabi buyuk maqsadga munosib hissa qoʻshishlari“ uchun maydon yaratishdan iboratdir.

„Akademik jurnal“ atamasi barcha sohalardagi ilmiy nashrlarga nisbatan qoʻllaniladi; bularning tarkibiga shakli va funksiyasiga koʻra bir-biridan biroz farq qiluvchi aniq fanlar, tabiiy fanlar, ijtimoiy va gumanitar fanlarni qamrab oluvchi jurnallar kiradi. Aniq va tabiiy fanlar yoʻnalishidagi akademik jurnallar koʻpincha „ilmiy jurnallar“ deb ham yuritiladi. Aksariyat jurnallar tor doirada ixtisoslashgan boʻladi, biroq „Science“ va „Nature“ kabi eng qadimgi jurnallarning ayrimlari ilm-fanning keng koʻlamli sohalarini qamrab olgan maqolalar va ilmiy ishlarni chop etib kelmoqda.

Garchi ilmiy jurnallar tashqi koʻrinishidan professional jurnallarga oʻxshash boʻlsa-da, ular bir-biridan butunlay farq qiladi. Ilmiy jurnallardagi maqolalar talabalar, olimlar va professorlar kabi faol tadqiqotchilar tomonidan yoziladi. Ularning maqsadli auditoriyasi ham shu sohadagi boshqa mutaxassislar boʻlgani sababli, maqolalar mazmuni chuqur ixtisoslashgan hisoblanadi. Shuningdek, ilmiy maqolalar bevosita tadqiqotlar bilan bogʻliq boʻladi va majburiy taqrizdan oʻtkaziladi. Kasbiy jurnallar esa turli soha xodimlariga moʻljallangan boʻlib, asosiy eʼtiborini ushbu soha vakillari oʻz vazifalarini qanday qilib yaxshiroq bajarishlari mumkinligiga qaratadi.

Faol akademik tadqiqotchilardan oʻz ilmiy ishlarini ilmiy jurnallarda chop etish kutiladi, qolaversa, davlat tomonidan moliyalashtiriladigan jamgʻarmalar ham koʻpincha tadqiqot natijalarini ilmiy jurnallarda nashr etishni talab qiladi. Ilmiy unvon va lavozimlarga koʻtarilish uchun akademik koʻrsatkichlar koʻp jihatdan chop etilgan ilmiy maqolalarning soni va nufuzi bilan belgilanadi. Bu holat tadqiqotchilarni tez-tez maqola chop etishga majbur qiladi. Bunday muhit ilmiy doiralarda „chop et yoki yoʻq boʻlib ket“ nomi bilan tanilgan.

Manbalar

Adabiyotlar

Turkum:Akademik nashriyot Turkum:Akademik jurnallar