Arab miniatyuralari (arabcha: ٱلْمُنَمْنَمَات ٱلْعَرَبِيَّة, Al-Munamnamāt al-ʿArabīyyah) — qogʻozga tushirilgan kichik hajmdagi rangtasvir namunalari. Odatda kitob va qoʻlyozmalar uchun ishlangan illyustratsiyalar yoki baʼzan butun bir sahifani egallagan alohida sanʼat asarlari. Ularning ilk namunasi milodiy 690-yil atrofida yaratilgan boʻlib, bu sanʼat turi 1000–1200-yillar oraligʻida, Abbosiylar xalifaligi davrida ravnaq topdi. Arab miniatyura sanʼati bir necha Islom xalifaliklarining gullab-yashnashi hamda inqirozini boshdan kechirib, bir necha evolyutsion bosqichlardan oʻtdi. Moʻgʻullar istilosi natijasida kirib kelgan Xitoy va Fors san’ati taʼsirini oʻziga singdirgan arab miniatyurachiligi, yakunda Usmoniylar imperiyasi arab dunyosini egallagach, bu sanʼat turi bilan tamomila uygʻunlashib ketdi va keyinchalik mustaqil yoʻnalish sifatida gʻoyib boʻldi. Islom miniatyura sanʼatining deyarli barcha shakllari (fors, usmoniy va boburiy miniatyuralari) oʻz taraqqiyoti uchun arab miniatyurasidan qarzdor. Chunki Xalifalikda badiiy bezatilgan qoʻlyozmalar yaratilishini birinchi boʻlib aynan arab homiylari va hukmdorlari talab qilishgan. Bu yuksak badiiy mahorat Xalifalikning arab boʻlmagan hududlariga XIV asrga kelibgina yetib borgan ediRichard Ettinghausen, La Peinture arabe, Genève, Skira, 1977, 209 p..
Arab miniatyura sanʼatining uslubi va texnikasida roʻy bergan ulkan oʻzgarishlarga qaramay, hatto ushbu sanʼat inqirozga yuz tutayotgan soʻnggi oʻn yilliklarda ham ilk Umaviylar davri arab sanʼatining taʼsirini aniq payqash mumkin edi. Mashhur arab miniatyurachi rassomlari sirasiga oʻzining „Book of Knowledge of Ingenious Mechanical Devices“al-Jazari, The Book of Knowledge of Ingenious Mechanical Devices: Kitáb fí ma'rifat al-hiyal al-handasiyya, transl. & anno. Donald R. Hill. (1973), Springer Science+Business Media. asariga oʻzi illyustratsiyalar chizgan Ismoil al-Jazariy hamda soʻnggi Abbosiylar davrida (XII–XIII asrlar) ehtimol Bagʻdodda yashab ijod qilgan, Bagʻdod miniatyurachilik maktabining eng yorqin namoyandalaridan biri boʻlmish abbosiy rassom Yahyo al-Vositiy kiradi. Al-Vositiy 1236–1237-yillarda Basralik al-Haririy qalamiga mansub ijtimoiy-satirik hikoyalar toʻplami — „Maqamat“ asarini koʻchirib yozgani va unga miniatyuralar chizgani bilan tanilgan. Ushbu asar oʻrta yoshli kishining oʻz jozibadorligi va nozik soʻzamolligi orqali butun arab dunyosini kezib, odamlarni chuv tushirib kun kechirishi haqidagi sarguzashtlarini hikoya qiladi.
Saqlanib qolgan arab qoʻlyozmalarining aksariyati Gʻarb muzeylarida saqlanayotgani sababli, bugungi zamonaviy arab madaniyatida arab miniatyurasi juda oz oʻrin egallaydi.
Kelib chiqishi
Ilk Mus’haflardagi tasvirsiz naqshlar
Quyidagi qoʻlyozmalar xronologik tartibda keltirilgan, biroq radiokarbonli tahlil natijalarida belgilangan vaqt oraligʻining kengligi sababli ayrim kodekslarning taxminiy davri boshqa qoʻlyozmalarniki bilan bir vaqtga toʻgʻri kelishi yoki oʻxshash boʻlishi mumkinM. Stuiver & H. A. Polach, "Discussion: Reporting Of 14C Data", Radiocarbon, 1977, Volume 19, No. 3, pp. 355-363.:
Birmingham Qur’on qoʻlyozmasi Qur’onning ilk qoʻlyozmasiga tegishli ikkita pergament sahifasi hisoblanadi. 2015-yilda Birmingham universitetida saqlanayotgan ushbu qoʻlyozma radiokarbonli analiz yordamida tekshirilganda, u milodiy 568 va 645-yillar oraligʻiga (hijriy taqvim boʻyicha hijratdan oldingi 56 va hijriy 25-yillar oraligʻiga) tegishli ekani aniqlandi. Ushbu sahifalar universitetning Cadbury tadqiqot kutubxonasida saqlanuvchi Yaqin Sharq qoʻlyozmalarining Mingana toʻplami tarkibiga kiradi. Qoʻlyozma pergamentga siyoh bilan, arab yozuvining Hijoziy xatida bitilgan boʻlib, matni hozirgacha juda aniq va oson oʻqiladi. Ushbu sahifalarda 18-sura Kahfdan 20-sura (Tohagacha boʻlgan suralarning bir qismi saqlanib qolgan. Qoʻlyozma 2015-yilda Birmingham universitetida, soʻngra 2016-yil 5-avgustgacha Birmingham muzeyi va tasviriy sanʼat galereyasida koʻrgazmaga qoʻyilgan edi. Cadbury tadqiqot kutubxonasi qoʻlyozmani multispektral analiz hamda siyoh tarkibini rentgen-flyuoressentli (XRF) analizdan oʻtkazgan.
Qisqa unlilarni koʻrsatuvchi harakatlar mavjud emas, biroq undosh harflar baʼzan qiyshiq chiziqchalar bilan ajratilgan. Matn toʻliq Qur’on qoʻlyozmalari uchun keyinchalik standartga aylangan shaklda joylashtirilgan boʻlib, suralar bir-biridan miloddan avvalgi 300-yildan beri qoʻllanib kelinayotgan qadimiy pigment — qoʻrgʻoshin surigi bilan chizilgan sodda geometrik shakllar koʻrinishidagi bezakli chiziqlar orqali ajratilgan.
Manbalar
Havolalar
Turkum:Miniatyura Turkum:Islomiy tasviriy qo‘lyozmalar