Bordetella pertussis — Bordetella turkumiga mansub grammanfiy, aerob, patogen, kapsulali kokkobatsill shaklidagi bakteriya. U koʻkyoʻtal kasalligining qoʻzgʻatuvchisidir. Keng koʻlamli emlash dasturlariga qaramay, immunitetning pasayishi va patogenning moslashuvi tufayli B. pertussis butun dunyoda kasallik va oʻlimga sabab boʻlishda davom etmoqda. Uning virulentlik omillariga koʻkyoʻtal toksini, adenilatsiklaza toksini, ipsimon gemagglyutinin, pertaktin, pililar va traxeya sitotoksini kiradi.
B. pertussis faqat insonda yashovchi obligat patogen boʻlib, havo-tomchi yoʻli bilan yuqadi. Kasallikning inkubatsion davri oʻrtacha 7–10 kunni tashkil etadi, ammo bu muddat 6 kundan 20 kungacha oʻzgarishi mumkin. Bakteriya oʻz joyida qolish uchun maxsus sirt oqsillari yordamida nafas yoʻllarini qoplab turuvchi kiprikli epiteliy hujayralariga birikadi. Shundan soʻng, u oʻzi uchun yagona maʼlum rezervuar boʻlgan inson organizmida hujayralarning normal faoliyatini buzadigan va kasallik alomatlarini keltirib chiqaradigan toksinlarni ajratadi.
B. pertussisning 4 086 186 ta asos juftligidan iborat toʻliq genomi 2003-yilda eʼlon qilingan. Bu unga yaqin tur boʻlgan va genomi 5,2 million asos juftligidan iborat B. bronchiseptica genomidan kichikroqdir. Boshqa tomondan, B. pertussis odatda harakatsiz bakteriya sifatida tasniflansa-da, B. bronchiseptica kabi xivchinga oʻxshash tuzilmani hosil qila oladi.
Taksonomiyasi Bordetella avlodiga toʻqqizta tur kiradi: B. pertussis, B. parapertussis, B. bronchiseptica, B. avium, B. hinzii, B. holmesii, B. trematum, B. ansorpii va B. petrii.
B. pertussis, B. parapertussis va B. bronchiseptica oʻzaro yaqin filogenetik guruhni hosil qiladi. B. parapertussis odamlarda koʻkyoʻtalga oʻxshash kasallik qoʻzgʻatadi, B. bronchiseptica esa turli sutemizuvchilar, jumladan, odamlarni ham zararlab, nafas yoʻllarining bir qancha kasalliklariga sabab boʻladi.
Evolyutsiyasi Koʻkyoʻtal kasalligini ilk bor fransuz shifokori Guillaume de Baillou 1578-yilgi epidemiyadan soʻng taʼriflab bergan. Bu kasallik avvalroq Koreya tibbiyot darsligida ham taʼriflangan boʻlishi mumkin. Koʻkyoʻtalning qoʻzgʻatuvchisi 1906-yilda Jules Bordet va Octave Gengou tomonidan aniqlanib, ajratib olingan. 16S rRNK gen ketma-ketligi maʼlumotlariga koʻra, Bordetella turkumi tuproqda yashay oladigan ajdodlardan kelib chiqqan deb taxmin qilinadi. 16S rRNK barcha bakteriyalar tarkibiga kiruvchi komponent boʻlib, u bitta namuna ichidagi turli tiplarni oʻzaro solishtirish imkonini beradi. Insoniyat taraqqiyotining qishloq xoʻjaligi sohasiga kirib borishi odamlarning tuproq bilan aloqasi koʻpayishiga sabab boʻldi. Bu oʻsish Bordetella ajdodlarining nafaqat rivojlanishi, balki odamlarga ham tarqalishi uchun yanada qulay sharoit yaratdi. B. pertussis emlash darajasi yuqori boʻlishiga qaramay, goʻdaklar va yosh bolalar orasida saqlanib qolishga qodir. Soʻnggi oʻn yillikda dunyo miqyosida kasallik avj olgan holatlar kuzatildi. 2012-yilda Kanada, Avstraliya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Yaponiya va AQSHda epidemiyalar keng tarqaldi. Afrikadagi B. pertussis holatlari haqida maʼlumotlar eʼlon qilinmagan boʻlsa-da, kasallik asosan goʻdaklar va yosh bolalarni nishonga olayotgani sababli uning tarqalishi kuchayib bormoqda.
Dastlab B. pertussis monomorf patogen deb hisoblanar edi, chunki unda aniqlangan shtammlarning aksariyati bir xil ikki turdagi: ptxA1 yoki ptxA2 allellariga ega boʻlgan. Genom sekvensiyasini aniqlashdagi zamonaviy yutuqlar B. pertussisni chuqurroq oʻrganish va buning natijasida ptxP hududini kashf etish imkonini berdi. Ushbu genni tadqiq qilish jarayonida uning ichida DNK zanjirida genomlarning yetishmayotgan qismlari mavjudligini koʻrsatuvchi mutatsiyalar borligi aniqlandi. Bart va uning hamkasblari tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotda B. pertussisning Tohama I etalon shtammi genlarining 25 foizi avlod (ajdod) shtammlarga nisbatan yoʻqolgani maʼlum boʻldi. Ushbu mutatsiyalar DNK yoʻqotilishi bilan kechadigan intragenom rekombinatsiyaning kuchayishi tufayli yuzaga kelgani qayd etildi. BvgAS tizimi tomonidan nazorat qilinadigan genlar B. pertussisni ancha yuqumli patogenga aylantirdi. Xususan, soʻnggi yillarda mutatsiyalar natijasida paydo boʻlgan ptxP3 alleliga ega shtammlarda toksinlar ekspressiyasi kuchaygan. Bu esa, oʻz navbatida, kasallikka chalinganda uning oʻtkirroq kechishiga sabab boʻladi. Natijada, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlarda B. pertussis bilan kasallanishning aksariyat holatlari ptxP3 shtammi hissasiga toʻgʻri kelmoqda. 1990-yillardan beri AQSH kabi rivojlangan mamlakatlardagi aksariyat kasallik holatlarida ptxA1 emas, balki ptxP3 izolyatlari uchrab, bu uning dominant shtammga aylanishiga olib keldi.
Manbalar
Turkum:Burkholderyalar