Bergama gilami — Turkiyaning shimoli-gʻarbidagi Izmir viloyatining Bergama tumanida qoʻlda toʻqiladigan turk gilamlari. Atrofdagi qishloqlar uchun bozor vazifasini oʻtagani sababli, Bergama nomi kelib chiqish hududini belgilovchi savdo nomi sifatida ishlatiladi.
Geografik jihatdan Bergama tumaniga Kozak, Yuntogʻ, Yogʻchibedir va Oqhisor hududlari kiradi. Ular orasida Yuntogʻ va Yogʻchibedir hududlarida toʻqiladigan gilamlar ikonografik jihatdan Bergama turidan farq qiladi.
Bergama tumanida 70-80 ga yaqin qishloq bor va ularning koʻpchiligida gilam toʻqiladi. Bergamada gilamdoʻzlik tarixi, ehtimol, 11-asrga borib taqaladi. Hozirgi kungacha saqlanib qolgan 15-asr boshlariga oid Bergama gilamlari Istanbuldagi Turk va islom sanʼati muzeyi, Berlindagi Pergamon muzeyi va Nyu-Yorkdagi Metropoliten sanʼat muzeyi kabi muzeylarda namoyish etilmoqda.
Manufaktura, „qishloq“ va „koʻchmanchilar“ gilamlari
Bergama gilamlarini eksport uchun manufakturalarda tayyorlangan hamda qishloqlarda yoki koʻchmanchilar tomonidan roʻzgʻorda ishlatish yoki mahalliy bozorga sotish uchun toʻqilgan turlarga ajratish mumkin.
Onadoʻli gilamlarining Yevropaga tijoriy eksporti XV asrdan boshlab qayd etilgan. Aynan shu davrdan Uygʻonish davri suratlarida sharq gilamlari paydo boʻla boshlagan. Bergama hududiga mansub deb hisoblanadigan, eksport uchun toʻqilgan eng mashhur gilam turi „katta naqshli Holbein turi“ yoki Holbein III turi deb nomlanadi. Ushbu turdagi gilamlarni Kichik Hans Holbein oʻzining „Elchilar“ va „Darmshtadt Madonnasi“ asarlarida tasvirlagan. Transilvaniya cherkovlaridan topilgan turk gilamlari XV asrga oid ekani aniqlangan. Oʻzining dizayni va tuzilishiga koʻra, bu gilamlarning ayrimlari Bergamada toʻqilgan boʻlishi mumkin.
Qishloq gilamdoʻzligiga alohida sanʼat turi sifatida qiziqish 1980-yillardan boshlab, yaʼni DOBAG Carpet Initiative kabi loyihalar qoʻlda yigirilgan va anʼanaviy oʻsimlik boʻyoqlari bilan boʻyalgan jundan gilam toʻqish hunarini qayta tiklaganidan soʻng oʻsib bordi. Yuntogʻ hududida DOBAG loyihasining filiali tashkil etildi.
Bergama gilamlarida koʻpincha markaziy medalionni tashkil etuvchi, ilgaksimon bezaklar bilan hoshiyalangan, konsentrik tarzda kichrayib boruvchi yirik rombsimon naqshlar uchraydi. Bu naqsh Onadoʻlidagi yuruk koʻchmanchilari bilan bogʻlanadi.
Ikonografiya Ikonografik jihatdan Bergama qishloq gilamlari naqshlarini ikkita asosiy guruhga ajratish mumkin: Katta geometrik shakllarga ega boʻlgan „kavkazcha“ uslub kavkaz yoki turkmanlardan kelib chiqqan deb hisoblanadi. Asosan gulli naqshlar, maydondagi gul va barglardan iborat „turkcha“ uslub. „Qiz Bergama“ kelinlik gilami „turkcha“ uslubning yorqin namunasidir.
Bu turli uslublar, ehtimol, turli davrlarda etnik muhojirlar tomonidan olib kirilgan dizayn anʼanalaridan kelib chiqqan. Milodiy 1336 (hijriy 735) yilda Oʻrxon Gʻoziy Bergama hududini (oʻsha paytdagi Karesi viloyati) bosib olgan vaqtda, bu yerda kavkazliklar allaqachon yashab kelayotgan edi. Biroq muayyan bir naqshni aniq bir etnik, hududiy yoki hatto koʻchmanchi va oʻtroq anʼanalarga bogʻlashga qaratilgan ilmiy urinishlar samarasiz yakunlangan.
Texnik xususiyatlari Bergama gilamlari simmetrik tugunlar bilan toʻqiladi. Tanda, arqoq va patlari qoʻy junidan yasaladi. Tugunlar zichligi har kvadrat santimetrga taxminan 12 tugunni tashkil etadi va bu ancha siyrak hisoblanadi. Ular odatda uch-toʻrt kvadrat metr hajmda boʻladi. Bergama gilamlarining chetlari koʻpincha chiroyli qilib kilim usulida toʻqiladi, baʼzan esa unga patli naqsh ham qoʻshib ketiladi.
Manbalar
Havolalar Bergamada Turkiya haqida Turkish Kilim Rug Bergama rug store photo Bergama rug turk madaniyati veb-saytida Bergama carpets in paintings
Turkum:Bergama Turkum:Turk gilam va gilamchalari