Cigaritis lilacinus, Lilac silverline — Lycaenidae oilasiga, Cigaritis turkumiga mansub nodir, kamyob va qat'iy qo'riqlanadigan kapalak turidir. Kapalakning usti — siren rang, tagi esa — kumush chiziqli. Shuning uchun ingliz tilida unga ikkala rangni qo'shib "Lilac Silverline" ya'ni "siren rangli kumush chiziq" deb nom berishgan.

Tavsif

Qanotlari yozilganda taxminan 28–34 mm atrofida bo'ladi. Erkak kapalaklarning qanot usti to'q jigarrang bo'lib, uning markaziy qismi quyoshda binafsharang-ko'k (siren rang) bo'lib yaltiraydi. Urgochilarida esa bu rang biroz ochroq yoki sarg'ish-olovrang naqshlar bilan qoplangan bo'ladi. U asosan tropik va subtropik iqlimdagi ochiq o'tloqlar, butazorlar va tekisliklarda yashaydi.

Tarqilishi Bu kapalakning dunyo bo'yicha eng ko'p populyatsiyasi Hindistonning Karnataka shtatida aniqlangan. U nafaqat Hindiston va Myanmada, balki Shimoliy Tailandda va hatto Pokistonning Ravalpindi shahrida ham qayd etilgan.

Xususiyati Bu kapalakning hayoti mutlaqo o'ziga xos. Uning lichinkalari o'simlik yemaydi. Urg'ochi kapalak tuxumini o'simlikka emas, balki er ostiga, chumolilar uyasining kirish qismiga qo'yadi. Tuxumdan chiqqan kapalak qurti to'g'ri chumoli uyasining ichiga kirib ketadi. U yerda chumolilar uni o'z bolasiday boqadi. Qurtlar chumolilar og'zidan chiqarib beradigan yarim hazm bo'lgan suyuqlik bilan oziqlanadi. Evaziga kapalak qurti o'zining maxsus bezlaridan chumolilar yaxshi ko'radigan shirin nektar ajratib beradi. U xuddi shu chumoli uyasi ichida g'umbakka aylanadi va voyaga yetgan kapalak bo'lib uchib chiqadi.

Muhofaza qilinishi Hindiston qonunchiligida u 1972-yildagi Yovvoyi tabiatni muhofaza qilish qonunining II ilovasiga kiritilgan. Bu uning eng yuqori darajada qonuniy himoyaga olinganini anglatadi. Uni ovlash, yig'ish yoki yashash muhitiga zarar yetkazish qat'iyan man etiladi va qonun bo'yicha og'ir jazo choralari ko'riladi. Dunyo bo'yicha uning jami hisobda atigi bir necha o'n dona namunasigina tabiatshunoslar tomonidan rasman qayd etilgan. Shimoliy-Sharqiy Hindistonda u 90 yildan ortiq vaqt davomida mutloq ko'rinmay ketib, yaqin yillardagina qayta aniqlangan.

Galereya

Manbalar

Turkum:Hindixitoy kapalaklari Turkum:Osiyo kapalaklari