Fizika ( — „tabiiy“, φύσις (physis) — „tabiat“) tabiiy borliq haqidagi fan boʻlib, tabiatning eng keng tarqalgan qonunlari, modda, uning tuzilishi, harakati va oʻzgarish qoidalarini oʻrganadi. Fizika tabiiy fandir, lekin undagi qonuniyatlar va hisob-kitoblar aniqlikka asoslangan. U quyidagi asosiy qismlardan iborat: Klassik mexanika Elektrodinamika va klassik maydon nazariyasi Kvant mexanikasi Statistik fizika va Termodinamika Optika va Spektroskopiya Molekulyar fizika Atom fizikasi Kvant maydonlar nazariyasi Gravitatsiya va Kosmologiya Kalibrlangan maydonlar va Supersimmetriya.

Fizika fani eksperimental va nazariy fizikaga boʻlinadi. Eksperimental fizika tajribalar asosida yangi maʼlumotlar oladi va qabul qilingan qonunlarni tekshiradi. Nazariy fizika tabiat qonunlarini taʼriflaydi, oʻrganiladigan hodisalarni tushuntiradi va yuz berishi mumkin boʻlgan hodisalarni oldindan aytib beradi.

Oʻrganilayotgan obʼyektlar va materiallarning harakat shakllariga qarab, fizika fani bir-biri bilan oʻzaro chambarchas bogʻlangan elementar zarralar fizikasi, yadro fizikasi, atom va molekulalar fizikasi, gaz va suyuqliklar fizikasi, qattiq jismlar fizikasi, plazma fizikasi boʻlimlaridan tashkil topgan. Oʻrganilayotgan jarayonlarga va materiyaning harakat shakllariga qarab, fizika moddiy nuqta va qattiq jism mexanikasi, termodinamika va statistik fizika, elektrodinamika, kvant mexanika, maydon kvant nazariyasini oʻz ichiga oladi.

Fizikaning tarixiy rivojlanishi. Fizika tarixini 3 davrga boʻlib oʻrganish mumkin:

1) qadimgi zamondan XVII asrgacha boʻlgan davr;

2) XVII asrdan XIX asr oxirigacha boʻlgan davr. Bu davrdagi fizika fani, odatda, klassik fizika nomi bilan yuritiladi;

3) XIX asr oxiridan hozirgi paytgacha boʻlgan davr. Hozirgi zamon fizikasi (yoki eng yangi fizika) shu davrga mansub.

Turli hodisalarni va ularning sababini oʻrganish qad. zamon olimlarining bizgacha yetib kelgan asarlarida aks etgan. Miloddan avvalgi VI asrdan to milodiy II asrgacha boʻlgan davrda moddalarning atomlardan tashkil topganligi haqidagi tushunchalar va gʻoyalar yaratildi (Demokrit, Epikur, Lukretsiy), dunyoning geosentrik tizimi ishlab chiqildi (Ptolemey), elektr va magnit hodisalari kuzatildi (Fales), statika (Pifagor) va gidrostatikaning rivojlanishiga asos solindi (Arximed), yorugʻlik nurining toʻgʻri chizikli tarqalishi va qaytish qonunlari ochildi, miloddan avvalgi IV-asrda Aristotel oʻtmish avlodlar va zamondoshlarining ishlariga yakun yasadi. Aristotelning ijodi yutuqlar bilan birga kamchiliklardan ham holi emas. U tajribalarning mohiyatini tan oldi, ammo uni bilimlarning ishonchli belgisi ekanini inkor etib, asosiy eʼtiborni farosat bilan anglashda, deb bildi. Aristotel ijodining bu tomonlari cherkov namoyandalariga qoʻl kelib, uzoq, davrlar fan taraqqiyotiga toʻsqinlik koʻrsatdilar. IX-XVI asrlarda ilmiy izlanishlar markazi Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlariga siljidi. Bu davrga kelib, fan rivojiga, jumladan, fizikaning rivojiga Oʻrta Osiyo olimlari ulkan hissa qoʻshdilar. Fizika, matematika, astronomiya va tabiatshunoslikka oid masalalar Xorazmiy, Ahmad al-Fargʻoniy, Forobiy, Beruniy, Termiziy, Ibn Sino, Ulugʻbek, Ali Qushchi va boshqa Markaziy Osiyolik olimlarning ishlarida oʻz aksini topgan. Bu olimlarning fizikaga oid ilmiy ishlari, mexanika, geometriya, osmon mexanikasi, optika va turli tabiat hodisalarini oʻrganish bilan bogʻliqdir. Xorazmiy oʻrta asrlarda, nazariy va amaliy tabiatshunoslik hali boʻlmagan davrda, dunyoviy fanlar, ilgʻor ijtimoiy-falsafiy fikrlar ijodkori boʻlib chiqdi. U Sharqning dastlabki akademiyasi „Bayt ul Hikma“ („Donolar uyi“)ning shakllanishida faol ishtirok etgan. Bu yerda uning rahbarligida arablar va boshqa xalqlar vakillari bilan bir qatorda Ahmad al-Fargʻoniy, Axmad Abdulabbos Marvaziy kabi Oʻrta Osiyolik olimlar tadqiqotlar olib borganlar. „Algoritm“ soʻzi „Xorazmiy“ soʻzining lotincha transkripsiyasi boʻlib, bu soʻzni algebra masalalarini yechishda birinchi marta qoʻllagan edi. Ahmad al-Fargʻoniyning „Osmon jismlari harakati“ kitobi IX asrda bitilgan boʻlib, XII asrda lotin tiliga, XIII asrda Yevropaning boshqa tillariga tarjima qilinib keng tarqalgan edi. Ahmad al-Fargʻoniy asarlari Yevropada Uygʻonish davri ilmiy tadqiqotchilarining asosini tashkil etgan asarlardan boʻldi. U yorugʻlikning sinishi va qaytishini aniqlagan. Fargʻoniy stereografik proyeksiya nazariyasining asoschisi sifatida fazo jismlari harakatining tekisliklardagi proyeksiyalari nisbatlari asosida baʼzi bir kattaliklarni oʻlchash mumkinligini isbotladi. Bu fikr bugun ham astrofizika fanida oʻz qiymatini yoʻqotmagan.

Beruniy Yerning oʻz oʻqi atrofida aylanishini oʻzi yasagan asboblar yordamida isbotladi va Yer radiusi 6490 km ga yaqin ekanligini aniqladi. U dunyoning moddiyligi, harakatning turlari, atomning boʻlinishi, atomdan keyingi zarralarning oʻzaro taʼsir kuchlari, solishtirma ogʻirlikni aniqlash usullari, jism inersiyasi, boʻshliq, atmosfera bosimi, suyuqliklar gidrostatikasi, qor, yomgʻir va doʻlning paydo boʻlish sabablari, energiya aylanishi, jismlarning elektrlanishi, dengiz hamda ummon suvlarining koʻtarilishi va pasayish sabablari, yorugʻlikning korpuskulyar hamda toʻlqin xossasi, tovush va yorugʻlik tezligi, yorugʻlikning qaytishi hamda sinishining sabablari, dispersiya hodisasi, Yer va boshqa sayyoralarning Quyosh atrofidagi harakatlari ellips shakliga yaqinligi, fazoviy jismlarning vaznsizligi toʻgʻrisida fikrlar yuritdi. Abu Nasr al-Forobiyning tovush tezligi, tovushning toʻlqin tabiati, tovush chastotasi, tovush toʻlqinining uzunligi haqidagi fikrlari va ularga asoslanib yaratilgan musiqa notasi hamda optikaga oid koʻpgina ishlari fizika fanining rivojlanishiga qoʻshilgan katta hissa boʻldi. Ibn Sino harakatning nisbiyligi, inersiya, kuch, massa va tezlanish orasidagi bogʻlanish, aylanma harakat, markazga intilma kuch, chizikli tezlik, boʻshliq va atmosfera bosimi, konveksiya, issiqlikning tabiati, issiqlik uzatilishining turlari, yashin va yashinning turlari, momaqaldiroq hodisasi, tovush va yorugʻlik tezligi, yorugʻlik dispersiyasi, linza, atom tuzil ishi va boshqa mavzularga tegishli mulohazalarining aksariyati hozirgi zamon tushunchalariga juda moye keladi.

Hakim Termiziy dunyoviy fanlarning ungacha boʻlgan yutuqlarini qomusiy olim sifatida oʻrgandi, jumladan, tabiat hodisalari va jarayonlarini tahlil etuvchi „Solnoma“, „Haftanoma“ kabi asarlari maʼlum. Mirzo Ulugʻbek XV asrda jahonda yagona rasadxona qurdi. Uning „Ziji Koʻragoniy“ asarida astronomiyaning nazariy asoslari yoritdi va 1018 ta yulduzning joylashish koordinatalarini juda katta aniqlikda berdi. Uning qiymatlari hozirgi qiymatlarga juda yaqin.

Fizik hodisalarni tushuntirishda Oʻrta Osiyolik olimlarning mulohazalari qadimgi anʼanalar taʼsirida rivojlangan boʻlsada, ular matematik usullarni keng joriy etib, tajribalardan foydalanib, fanga katta hissa qoʻshdilar.

Klassik fizikaning rivojlanishi. XVII asrga kelib G. Galiley mexanik harakatni tajriba yoʻli bilan oʻrganib, harakatni matematik formulalar asosida ifodalash zarurligini aniqladi va bu fizika fanining keskin rivojiga turtki boʻldi. U jismlarning oʻzaro taʼsiri natijasida tezlik oʻzgarib, tezlanish hosil boʻlishini, taʼsir boʻlmaganda harakat holatining oʻzgarmasligi, yaʼni tezlanishning nolga tengligini yoki tezlikning oʻzgarmasdan saqlanishini qayd etib, Aristotelning shu masalaga qarashli fikrini, yaʼni taʼsir natijasida tezlik hosil boʻlishini inkor etadi. Keyinchalik Galiley aniqlagan qonun inersiya qonuni yoki Nyutonning mexanikaga oid birinchi qonuni degan nom oldi. 1600-yilda U. Gilbert elektr va magnit hodisalarni oʻrganish bilan shuhrat qozondi hamda Yer tirik magnit ekanligini isbotladi. U kompas magnit milining burilishini Yerning katta magnitga oʻxshashi orqali tushuntirdi, magnetizm va elektrning oʻzaro bogʻlanishini tekshirdi. Galiley mexanikadagi nisbiylik prinsipini ochdi va erkin tushayotgan jism tezlanishi uning tezligi va massasiga bogʻliq emasligini isbotladi. E.Torrichelli yuqoridagi prinsipdan foydalanib, atmosfera bosimining mavjudligini aniqladi va birinchi barometrni yaratdi. R. Boyl va E. Mariott gazlarning elastikligini aniqladilar hamda gazlar uchun birinchi qonun — Boyl-Mariott qonunini yaratdilar. Gollandiyalik astronom va matematik V. Snellius (Snell) bilan R. Dekart yorugʻlik nurining sinish qonunini ochdilar.

XVII asr Fizikasining eng katta yutuqlaridan biri klassik mexanikaning yaratilishi boʻldi. I. Nyuton 1687-yilda Galiley va oʻz zamondoshlarining gʻoyalarini umumlashtirib, klassik mexanikaning asosiy qonunlarini taʼriflab berdi. Nyuton tomonidan jismlar holati tushunchasining kiritilishi barcha fizik royalar uchun muhim boʻldi, jismlar tizimining holatini mexanikada ularning koordinatalari va impulslari orqali toʻla aniqlash imkoniyati yaratildi. Agar jismning boshlangʻich vaqtdagi holati hamda harakat davomida unga taʼsir etuvchi kuchlarning tabiati maʼlum boʻlsa, Nyuton qonunlariga asoslangan holda shu jismning harakat tenglamasini tuzish mumkin. Bu harakat tenglamasidan foydalanib, ushbu jismning istalgan vaqtdagi fazodagi oʻrnini, tezlik, tezlanish va fizik kattaliklarni aniqlash mumkin boʻldi. Nyuton sayyoralar harakatlarini tushuntiruvchi Kepler qonunlari asosida butun olam tortishish qonunini ochdi va bu qonun orqali Oy, sayyoralar va kometalar harakatini isbotlab berdi. X. Poygens va G. Leybnis harakat miqdorining saqlanish qonunini taʼrifladilar.

XVII asrning 2-yarmida fizik optika asoslari yaratila boshlandi, teleskop va boshqa optik qurilmalar yaratildi. Fizik A. Grimaldi yorugʻlik difraksiyasini, I. Nyuton esa yorugʻlik dispersiyasiik tadqiq qildi. 1676-yilda daniyalik astronom O. Ryomer yorugʻlik tezligini oʻlchadi. Shu davrdan yorugʻlikning korpuskulyar va toʻlqin nazariyalari yuzaga keldi hamda rivoj topa boshladi. I. Nyuton yorugʻlikni korpuskula (zarra)lar harakati orqali tushuntirsa, X. Gyuygens uni faraz qilinuvchi muhit — efirda tarqaladigan toʻlqinlar yordamida tushuntirdi.

Shunday qilib, XVII asrda klassik mexanika mustahkam oʻrin egalladi, akustika, optika, elektr va magnetizm, issiqlik hodisalarini oʻrganish sohalarida katta izlanishlar boshlandi. XVIII asrga kelib tajriba va matematikadan keng foydalangan klassik mexanika va osmon mexanikasi yanada tez surʼatlar bilan rivojlandi. Yer va Osmon hodisalarini mexanika qonunlari orqali tushuntirish asosiy maqsad hamda bosh taʼlimot hisoblanar edi. Hatto, oʻrganilayotgan fizik hodisani mexanika qonunlari orqali tushuntirish mumkin boʻlmasa, tanlangan tushuntirish yoʻli toʻliq emas yoki notoʻgʻri deb yuritilar edi.

XVIII asrda zarralar va qattiq jismlar mexanikasi bilan birga gaz hamda suyuqliklar mexanikasi rivojlandi. D. Bernulli, L. Eyler, J. Lagranj va boshqalar ideal suyuqlik gidrodinamikasiga asos soldilar. Fransuz olimi Sh. Dyufe elektrning ikki turi mavjudligini aniqladi hamda ularning oʻzaro tortilish va itarilishini koʻrsatdi. Amerikalik olim B. Franklin elektr zaryadining saqlanish qonunini aniqladi. T. Kavendish va undan mustasno Sh. Kulon qoʻzgʻalmas elektr zaryadining oʻzaro taʼsir kuchini tajribada aniqladilar hamda matematik ifodasini topib, asosiy qonun — Kulon qonunini ochdilar.

Rus fiziklari G. Rixman, M. V. Lomonosov va amerikalik olim B. Franklin atmosferada hosil boʻladigan elektr, yashinning tabiatini tushuntirib berdilar. A. Galvani, A. Volta va keyinchalik rus fizigi hamda elektrotexnigi V. Petrovning kuzatishlari va tadqiqotlari elektrodinamikaning vujudga kelishi hamda tez surʼatlar bilan rivojlanishiga sabab boʻldi. Optika sohasida P. Buger va I. Lambert ishlari tufayli fotometriyaga asos solindi. Infraqizil (ingliz optigi V. Gershel va ingliz kimyogari U. Vollston) va ultrabinafsha (ingliz kimyogari I. Ritter) nurlar mavjudligi aniqlandi. Issiqlik hodisalari, issiqlik miqdori, issiqlik sigʻimi, issiqlik oʻtkazuvchanlik va hokazoni oʻrganishda ham qator izlanishlar olib borildi. M. Lomonosov, R. Boyl, R. Guk, Bernullilar issiqlikning molekulyar-kinetik nazariyasiga asos soldilar.