Amerika Qoʻshma Shtatlari (AQSh; ), Qoʻshma Shtatlar () yoki shunchaki Amerika () Shimoliy Amerikada joylashgan davlat. Poytaxti — Vashington shahri, Birlashgan Millatlar Tashkiloti aʼzosi. Amerika Qoʻshma Shtatlari sharqdan Atlantika, gʻarbdan Tinch okeani, janubi-sharqdan Meksika qoʻltigʻi bilan oʻralgan. Maʼmuriy jihatdan 50 shtat va bir federal okrugga boʻlinadi. Alyaska va Gavayi shtatlari mamlakat asosiy hududidan tashqarida joylashgan. Puerto-Riko Hamdoʻstligi, Shimoliy Mariana orollari Hamdoʻstligi, Guam, Virjiniya orollari va Amerika Samoasi ham Amerika Qoʻshma Shtatlariga qarashli. Maydoni — 3 796 742 sq milya (9 833 520 km). Aholisi — 347 275 807 kishi (2025-yil 8-yanvar) dan oshiq boʻlib, aholi soni boʻyicha jahonda 3-oʻrinda turadi.
Tarixi Qadim zamonlarda hozirgi Amerika Qoʻshma Shtatlari hududida indeyslar va eskimoslar yashagan. Amerika 1492-yilda Xristofor Kolumb tomonidan kashf etilgandan keyin XVI asrda Ispaniya, Fransiya, Angliya, Gollandiya va Shvetsiya Shimoliy Amerikadagi boʻsh yerlarni egallashga kirishdi. Angliya XVIII asr oʻrtalarida asosiy raqiblarini surib chiqarib, qitʼaning sharqiy qismida oʻzining mustamlakachilik hukmronligini oʻrnatdi. Yerlarni egallash va oʻrnashib olish bilan ayni bir vaqtda mahalliy aholi qirgʻin qilindi va Afrikadan qul negrlar ommaviy ravishda olib kelindi. 1775–1783-yillardagi Shimoliy Amerikada mustaqillik uchun urush davomida 1776-yil 4-iyulda federal davlat — Amerika Qoʻshma Shtatlariga asos solindi va u respublika deb eʼlon qilindi. Jorj Vashington Amerika Qoʻshma Shtatlarining birinchi prezidenti etib saylandi. Mamlakat shimolida sanoat va fermerlik, janubida quldorlikka asoslangan dehqonchilik rivojlandi. Gʻarbdagi hindu qabilalarini haydab yuborish va yangi yerlarni oʻzlashtirish hisobiga Amerika Qoʻshma Shtatlari hududi tez kengaya bordi. 1803-yilda Fransiyadan Gʻarbiy Luiziana „sotib olindi“, 1819-yilda Ispaniya Floridaning bahridan oʻtdi, 1836-yilda Meksikadan Texas tortib olindi. XIX asr mobaynida hozirgi Kaliforniya, Arizona, Nyu-Meksiko va Nevada shtatlarining hududlari, Kolorado va Vayoming shtatlarining bir qismi qoʻshib olindi. XIX asr oʻrtalarida Amerika Qoʻshma Shtatlari da „ikki partiyali tizim“ tarkib topdi. Endi hokimiyatni Demokratlar partiyasi bilan Respublikachilar partiyasi galma-gal boshqaradigan boʻldi. Shimoliy burjuaziyasi bilan janub plantatorlari oʻrtasidagi ziddiyat Amerika Qoʻshma Shtatlarida 1861–1865-yillarda fuqarolar urushiga olib keldi, unda prezident Avraam Linkoln boshchiligidagi shimoliy shtatlar gʻalaba qozondi. Urush davomida yer ulushlari haqida (1862), quldorlikni bekor qilish toʻgʻrisida (1865) qonunlar qabul qilindi. Fuqarolar urushidan soʻng mamlakat iqtisodiyoti jadal rivojlana boshladi. 1867-yilda Amerika Qoʻshma Shtatlari chor Rossiyasidan Alyaska va Aleut orollarini sotib oldi; XIX asr oxirida Filippin, Gavayi, Puerto-Riko va boshqalarni, 1903-yilda Panama kanali zonasini qoʻlga kiritdi. Ikki asr boʻsagʻasida Amerika Qoʻshma Shtatlariga koʻchib kelishning yangi toʻlqini boshlandi. Muhojirlarning aksariyati janubi-sharqiy Yevropadan edi. Birinchi jahon urushi davri (1914–1918)da Amerika Qoʻshma Shtatlariavvaliga betaraflik mavqeyida turdi, 1917-yil aprelda Antanta tomonida turib harakat qildi. Urushdan keyin Amerika Qoʻshma Shtatlari iqtisodiy yuksalish davriga kirdi. Ammo tez orada iqtisodiy inqiroz (1929–1933) boshlanib, ishsizlik kuchaydi (1933-yilda 17 million ishsiz bor edi), korxonalar sindi, ishlab chiqarish keskin pasaydi. Inqiroz sharoitida Franklin D. Roosevelt (1933–1945-yillarda Amerika Qoʻshma Shtatlari prezidenti) boshchiligidagi Demokratik partiya maʼmuriyati hokimiyat tepasiga keldi. Uning tashabbusi bilan bir qancha ijtimoiy-iqtisodiy tadbirlar amalga oshirildi, „yangi yoʻl“ deb atalgan bu yoʻl Amerika Qoʻshma Shtatlarini inqirozdan olib chiqish maqsadini koʻzlar edi. 1941-yilda Yaponiya Amerikaning Perl-Xarbor harbiy-dengiz bazasiga hujum qilganidan keyin Amerika Qoʻshma Shtatlari Ikkinchi jahon urushiga qoʻshildi va Adolf Gitlerga qarshi koalitsiya tomoniga oʻtdi. Amerika qurolli kuchlari asosan Tinch okeanida Yaponiyaga qarshi jangovar harakatlarda qatnashdi. 1943-yilda Italiyaga qoʻshin tushirdi. Amerika Qoʻshma Shtatlari ittifoqchilarning xalqaro anjumanlarida (1943-yil Tehron, 1945-yil Qrim, 1945-yil Potsdam konferensiyalarida) qatnashdi. Nihoyat, 1944-yil 6-iyunda Amerika Qoʻshma Shtatlari bilan Buyuk Britaniya ikkinchi frontni ochdi. 1945-yil avgustda Garri S. Truman (1945–1953-yillarda Amerika Qoʻshma Shtatlari prezidenti) buyrugʻi bilan Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga atom bombalari tashlandi; oʻn minglab tinch aholining qirilishiga sabab boʻldi. 1950–1953-yillarda Amerika Qoʻshma Shtatlari Koreya urushida qatnashdi, 1956–1975-yillarda Vyetnamda urush olib bordi. 1945-yildan Amerika Qoʻshma Shtatlari — BMT, shuningdek, Amerika davlatlari tashkiloti, NATO aʼzosi.
Geografiyasi
Atlantika okeanining Amerika Qoʻshma Shtatlari qirgʻogʻida koʻrfaz va qoʻltiqlar juda koʻp, sohillari asosan pasttekislikdan iborat; eng katta yarim orol — Florida hisoblanadi. Mamlakat relyefi uch turga boʻlinadi. Gʻarbdagi Kordilyera togʻ tizmasi Amerika Qoʻshma Shtatlari hududining uchdan bir qismini egallaydi. Tinch okean sohili baland togʻlar (Alyaska tizmasida Amerika Qoʻshma Shtatlari va butun — 6194 m balandlikdagi Mak-Kinli choʻqqisi joylashgan; bundan tashqari Qirgʻoqboʻyi tizmalari va Kaskadli togʻlar, Syerra-Nevada togʻlari bor). Sharqiy mintaqani Qoyali togʻ tizmalari egallagan. Mazkur ikkala togʻli mintaqa oraligʻida Kolumbiya va Kolorado platolari bor. Katta Havza choʻl yassi togʻliklarini chuqur daralar bir-biridan ajratib turadi. Sharqda uncha baland boʻlmagan Appalachi togʻlari (balandligi 2037 m gacha, Mitchell togʻi) boʻlib, uni torgina Atlantika boʻyi pasttekisligi okeandan ajratib turadi. Kordilyera bilan Appalachi oʻrtasida Markaziy tekisliklar, Buyuk tekisliklar (yoki Preriy platosi) va Meksikaboʻyi tekisliklarini oʻz ichiga olgan ichki tekisliklar joylashgan. Shim.da suv-muz shaklidagi relyefli Lavrentiy tepaligining bir qismi joylashgan. Amerika Qoʻshma Shtatlari — foydali qazilma zaxiralari va xilma-xilligi jihatidan dunyoning eng boy mamlakatlaridan biri. Koʻmir, neft, gaz, mis, qoʻrgʻoshin, rux, uran, temir, titan rudalari, simob, oltin, molibden, volfram, fosforit konlari mavjud. Tosh va kaliy tuzlari, oltingugurt va boshqa minerallar ham bor. Amerika Qoʻshma Shtatlari hududining deyarli barcha qismi moʻtadil va subtropik mintaqalarda, Alyaska — subarktika, Floridaning janubiy qismi tropik mintaqalarda joylashgan. Mamlakatning shimoli-sharqiy va sharqiy qismlari iqlimiga iliq Golfstrim oqimi, Tinch okean sohili iqlimiga sovuq Kaliforniya oqimi anchagina taʼsir oʻtkazadi. Hudud yuzasining tuzilish xususiyatlariga koʻra shimoliy va janubiy mintaqalar oʻrtasida havoning faol almashinuvi munosabati bilan ob-havo tez-tez oʻzgarib turadi. Amerika Qoʻshma Shtatlari ichki mintaqalarining iqlimi — kontinental, Kordilyera ichki hududlarida keskin kontinental. Bismark shahrida (Shimoliy Dakota shtati) yanvarning oʻrtacha harorati −19 °C, iyulda 21 °C, Chikago shahrida yanvarda −3,7 °C va iyulda 32 °C. Meksikaboʻyi pasttekisligi va Atlantika boʻyi pasttekisligining janubiy qismida subtropik iqlim. Yangi Orlean shahrida yanvarning oʻrtacha harorati 12 °C, iyulda 27,4 °C. Atlantika boʻyi sohilining shimoli-sharqiy qismi va Tinch okean boʻyi sohilining shimoliy qismida — dengiz iqlimi. Nyu-Yorkda yanvarning oʻrtacha harorati −0,8 °C, iyulda 23 °C. Tinch okean sohilining janubida Oʻrta dengizga oʻxshash iqlim, Kordilyera janubiy qismining ichki tumanlarida juda issiq va qurgʻoqchil. Havoning eng past harorati (-64 °C gacha) Yukon yassi togʻligi (Alyaska)da, eng yuqori harorati esa (50 °C) Ajal vodiysi (Kaliforniya)da kuzatilgan.
thumb|Katta Kanyon
Oʻrtacha yillik yogʻin Alyaskaning janubi-sharqida va Vashington shtatining gʻarbida — 3000–4000 mm, mamlakatning janubi-sharqida — 1500–2000 mm, ichki tekisliklarda — sharqda 1500 mm dan gʻarbda 3 000 mm gacha. Amerika Qoʻshma Shtatlari ning koʻp daryolari Atlantika okeani havzasiga quyiladi. Mamlakat hududidan dunyoning eng yirik daryo tizimlaridan biri — Missuri bilan Missisipi daryosi oqib oʻtadi. Appalachidan oqib kelib Atlantika okeaniga quyiladigan daryolar (Gudzon, Potomak va boshqalar) — qisqa, tez va sersuv. Kordilyeraning daryo tarmogʻi siyrakroq. Bu yerdagi Kolumbiya, Kolorado kabi soylar chuqur daralardan oqib oʻtadi. Mamlakat shimolida, Kanada chegarasida Buyuk koʻllar (Yuqori koʻl, Guron, Michigan, Eri, Ontario) bor. Katta Havza togʻida Katta Shoʻr koʻl, Floridada koʻpdan-koʻp sayoz koʻl va qoʻltiqlar, Alyaskada muzliklardan hosil boʻlgan tektonik koʻllar, jumladan, Iliamna koʻli bor. Ichki suvlardan sanoat va kommunal suv taʼminoti, kema qatnovi, sugʻorish va gidroenergiya manbai sifatida barakali foydalaniladi. Tuproq qoplami xilma-xil. Shimoli-sharqda serajriq podzol (kulrang) va qoʻngʻir oʻrmon tuproq, janubi-sharqda qizgʻish va sargʻish tuproq, ichki tekisliklarda qoramtir preriy, qoratuproq va toʻq sur, Kordilyeraning togʻ oraligʻi platosida quruq dashtlarning kulrang va och sur tuproqlari. Mamlakat shimoli-sharqida aralash va qaragʻay oʻrmonlari, janubida keng bargli, Tinch okean sohili va Kordilyera yon bagʻirlarida igna bargli oʻrmonlar ustun. Markaziy tekisliklarning gʻarbidagi ayrim joylarda oʻtsimon preriy oʻsimlikzorlari, Buyuk tekisliklar, Kordilyera platosi va vodiylarida quruq dashtlarning oʻsimliklari saqlanib qolgan. Kordilyera yassi togʻligining qurgʻoqchil qismini chala choʻl va choʻllar egallaydi. Muhofazaga olingan yirik tabiat obyektlari orasida Iyellouston milliy bogʻi, Yosemit milliy bogʻi, Sekvoyya, Grand-Kanon milliy bogʻlari, Mamont va Karlsbad gʻorlari bor.
Hukumat va siyosat Davlat tuzumi
Amerika Qoʻshma Shtatlari 50 ta shtat, bitta federal okrug va beshta hududdan tashkil topgan federativ respublikadir. Bundan tashqari, jahonning mavjud eng qadimgi federatsiyasi hisoblanadi. 2021-yilda Amerika Qoʻshma Shtatlari Demokratiya indeksida 26-oʻrinni egalladi.
Amerika Qoʻshma Shtatlari ning amaldagi konstitutsiyasi 1787-yilda qabul qilingan. Davlat va hukumat boshligʻi, qurolli kuchlar bosh qoʻmondoni — prezident, uning vakolatlari juda katta. Vitse-prezident bilan birga bavosita, ikki bosqichli saylov yoʻli bilan (saylovchilar hayʼati orqali) 4 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni senat va vakillar palatasidan iborat ikki palatali kongress amalga oshiradi. Senatda 100 senator bor (ular 6 yil muddatga, har shtatdan 2 tadan saylanadi va 1/3 qismi har 2 yilda yangilab turiladi). Vakillar palatasiga 435 deputat 2 yilga saylanadi. Ijrochi hokimiyat organi — Amerika Qoʻshma Shtatlari hukumati prezident tomonidan senatning roziligi bilan tayinlanadi; 13 ta vazirdan iborat boʻladi. Hukumat kongress oldida masʼul emas. Har bir shtatning oʻz konstitutsiyasi bor. Shtatdagi qonun chiqaruvchi hokimiyatni qonun chiqaruvchi majlis, ijrochi hokimiyatni esa gubernator amalga oshiradi. Amerika Qoʻshma Shtatlari davlatining konstitutsiyaviy tizimiga uch siyosiy-huquqiy qoida asos qilib olingan, bu qoidalar — hokimiyatning boʻlinishi, federalizm va sudning konstitutsiyaviy nazoratidan iborat. Hokimiyatning boʻlinish qoidasi davlat hokimiyatining uch tarmogʻi — qonun chiqaruvchilik, ijroiya va sud hokimiyatlarining mustaqilligini va ular oʻrtasida vazifalarning chegaralab qoʻyilishini nazarda tutadi. Federal darajadagi uch tarmoq — Kongress, Prezident va Oliy suddir.
Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari Respublikachilar partiyasi, 1854-yilda tuzilgan; Demokratik partiya, 1828-yilda tuzilgan; Kommunistik partiya, 1919-yilda tuzilgan; Amerika Mehnat Federatsiyasi — ishlab chiqarish kasaba uyushmalari Kongressi, 1955-yil tashkil etilgan. Amerika Qoʻshma Shtatlari da salkam 40 mustaqil kasaba uyushmalari ham bor, ularga 4,5 million ishchi va xizmatchi aʼzo boʻlib kirgan.
Demografiyasi Aholisi