Belgrad (/bɛlˈɡreɪd/bel-GRAYD; serbcha: Beograd; maʼnosi: „Oq shahar“) — Serbiya poytaxti va mamlakatning aholi eng zich yashaydigan shahri. Sava daryosining Dunayga quyilish joyida, Pannoniya tekisligi va Bolqon yarim oroli kesishgan nuqtada joylashgan. Dengiz sathidan 117 m balandlikda. 2022-yilgi aholini roʻyxatga olish maʼlumotlariga koʻra, poytaxt Belgrad aholisi 1,681,405 kishini tashkil qiladi. Dunay daryosi boʻyida aholi eng zich yashaydigan uchinchi katta shahardir.

Belgrad Yevropadagi va dunyodagi eng qadimiy shaharlardan biridir. Yevropaning tarixiy madaniyat markazlaridan boʻlgan Vincha madaniyati Belgrad hududida miloddan avvalgi VI ming yillikda paydo boʻlgan. Antik davrda bu hududda frakiyaliklar — daklar yashagan. Miloddan avvalgi 279-yildan boshlab keltlar shaharga koʻchib kelib joylashadi va bu yerga Singidun deb nom qoʻyishadi.  Imperator Avgust hukmronligi davrida Singidun rimliklar tomonidan bosib olingan va II asr oʻrtalariga qadar Rim imperiyasi shahri maqomiga ega boʻlgan.  Milodiy 520-yillarda hududga slavyanlar koʻchib kela boshlaydi. Shahar Vizantiya imperiyasi, Franklar imperiyasi, Bolgariya imperiyasi va Vengriya qirolliklari oʻrtasida qoʻldan-qoʻlga oʻtgan. 1284-yilda Serbiya qiroli Stefan Dragutin shaharni oʻz qarorgohiga aylantiradi. Stefan Lazarevich hukmronligi va vorisi Đurađ Brankovich davrida hudud Vengriya qirolligi tarkibiga kiradi. Chunki Vengriya qiroli Belgrad hududi evaziga Stefan Lazarevichni Serbiyaning yangi hukmdori sifatida tan olishi kerak edi. Natijada Janob George boshchiligidagi Serbiya Davlat Assambleyasi va Serbiya patriarxi Nikanon Belgradni vengerlarga hadya qilishga qaror qiladi. 1456-yilda Usmonli imperiyasi Vengriya qirolliga hujum qiladi va shahar qamal qilinadi. 1521-yilda Belgrad Usmonlilar tomonidan bosib olinib, Smederevo sanjoqbeyi qarorgohiga aylantiriladi. Tez-tez sodir boʻlgan Usmonli — Gabsburg urushlari natijasida shaharning katta qismi vayron boʻlgan va oxir-oqibat hukmronlik Gabsburglar qoʻl ostiga oʻtgan.

Serb inqilobidan keyin Belgrad 1841-yilda Serbiya poytaxtiga aylandi. Shimoliy Belgrad hududlari 1918-yilgacha Gabsburglar imperiyasining janubiy chegarasi boʻlgan, chunki Avstriya-Vengriya imperiyasi hududlari birinchi jahon urushidan keyin parchalanib ketdi. Uning bir qismida serb, xorvat va slovenlar davlati  — Yugoslaviya tuzilgan. 1918—2006-yillarda mavjud boʻlgan Yugoslaviya davlatining poytaxti Belgrad shahri edi.  Strategik mavqega ega boʻlgan shahar 115 ta urushda qatnashgan, 44 marta vayron qilingan, besh marta bombardimonga uchragan va koʻp marta qamalda qolgan.

Serbiyaning bosh shahri boʻlgan Belgrad mamlakatda maxsus maʼmuriy maqomga ega.  Shahar markaziy hukumat, maʼmuriy organlar va hukumat vazirliklarining qarorgohi, shuningdek, deyarli barcha yirik Serbiya kompaniyalari, ommaviy axborot vositalari va ilmiy muassasalarning uyidir. Belgrad muhim strategik shahar sifatida qoʻshni davlatlarga siyosiy, iqtisodiy yoki madaniy taʼsir koʻrsatadi.  Shaharda dunyodagi eng katta sigʻimga ega shifoxona majmualaridan biri — Serbiya klinik markazi, eng katta pravoslav cherkovi — Avliyo Sava cherkovi va Yevropadagi eng katta sigʻimli yopiq arenalardan biri Shtark Arena joylashgan.

Belgradda 1948-yildagi Belgrad konferensiyasi, Qoʻshilmaslik harakatining birinchi sammiti (1961), YXHTning birinchi yirik yigʻilishi (1977—1978), Eurovision qoʻshiq tanlovi (2008) oʻtkazilgan. Shuningdek, sport sohasidagi yirik xalqaro tadbir FINA suv sporti boʻyicha birinchi jahon chempionati (1973), UEFA Yevro (1976), Yozgi Universiada (2009) va uch marta (1961, 1975, 2005) EuroBasket kabi tadbirlar uchun Belgrad shahri tanlangan. Belgrad shahri 2023-yilning 21-iyun kuni Expo 2027 ixtisoslashtirilgan koʻrgazmasi mezbonligiga tasdiqlandi.

Tarixi Qadimgi davrlarda

Zemun shahridan topilgan yoʻnuvchi tosh qurollar Belgrad atrofida paleolit ​​va mezolit davrlarida koʻchmanchi chorvadorlar yashaganligini koʻrsatadi. Ushbu qurollardan baʼzilari Mustye davriga oid, ulardan neandertallar foydalangan. Hudud yaqinida Orinyak va Gravet madaniyati ashyolari ham ham topilgan. Topilmalar bundan 50 000 — 20 000 yil oldin ham hududda aholi punktlari boʻlganligini koʻrsatadi.

Mintaqada dehqonchilik bilan shugʻullangan odamlarning birinchi aholi punkti Starčevo madaniyatidir. Starčevo madaniyati neolit ​​davrida, aniqrogʻi miloddan avvalgi 6200- va 5200-yillar orasida gullab-yashnagan. Belgrad va uning atrofida bir nechta Starčevoga oid nomlar uchraydi. Starčevo madaniyati oʻrnida keyinchalik Vincha madaniyati (miloddan avvalgi 5500—4500-yillar) yuzaga keladi. Vincha madaniyati yirik aholi yashaydigan punktlari bilan mashhur, ular Yevropada eng qadimgi aholi punktlaridan biri sifatida tan olingan. Shuningdek, Vincha madaniyati bilan bogʻliq boʻlgan ashyolarda Yevropadagi eng qadimgi metallurgiya namunasi boʻlgan mis uchraydi. Qadimgi Yevropa yozuvi sifatida tanilgan Belgrad proto-yozuv shakli shumerlar yozuvi va Minoy sivilizatsiyalaridan ham avvalroq paydo boʻlgan. Shahardagi Chetinjska koʻchasidan 1890-yilda paleolit ​​davri odamining bosh suyagi topilgan, suyak qoldiqlari miloddan avvalgi 5000-yilga oid.

Antik davr Belgradning geografik joylashuvi haqidagi dastlabki maʼlumotlar turli xil qadimiy afsona va rivoyatlarda ham uchraydi. Masalan, Sava daryosining Dunayga quyilish joyida joylashgan togʻ tizmasi Yason va Argonavtlar hikoyasidagi Yason toʻxtagan joylardan biri sifatida keltiriladi. Antik davrda ham bu hududda bir qancha qabilalar, jumladan, Belgrad atrofidagi katta hududlarni boshqargan frakiyaliklar va daklar yashagan. Frakiya — daklar avlodi hisoblangan Singi qabilasi Belgrad hududida istiqomat qilgan. Miloddan avvalgi 279-yilda keltlar bosqini paytida Skordiski qabilalari shaharni singilardan tortib oladi va uni Singidun (d|ūn — „qal’a“) deb nomlaydi. Miloddan avvalgi 34—33-yillarda Rim imperiyasi qoʻshinlari Belgradga bostirib kiradi. Hudud eramizning I asrida Rim imperiyasiga boʻysunuvchi shaharga aylanadi va II asr oʻrtalariga kelib, Rim hukumati tomonidan munitsipalitet deb eʼlon qilinadi. II sr oxiriga kelib koloniyaga aylanadi. Rimning birinchi xristian imperatori — Konstantin I (Buyuk Konstantin nomi bilan ham tanilgan) — Belgrad janubidagi Neysus shahrida tugʻilgan. Yana bir xristianlikni qoʻllovchi imperator Flaviy Iovianus (Jovian) Singidunumda tugʻilgan. Jovian xristianlikni Rim imperiyasining rasmiy dini sifatida qayta tikladi va oʻzidan oldingi murtad imperator Julian davrida yuz bergan (u xristianlikka eʼtiqod qilishni taqiqlab qoʻyadi, shuning uchun xristian dunyosida murtad Julian laqabini olgan) anʼanaviy rimcha eʼtiqodlarining qisqa muddat tiklanish jarayoniga yakun yasadi. Milodiy 395-yilda bu joy Sharqiy Rim imperiyasi (Vizantiya imperiyasi)ga oʻtgan.

Oʻrta asrlar

442-yilda Belgrad hududi Attila boshliq xun qabilalari tomonidan vayron qilingan. Shahar 471-yilda ostgotlar qiroli Buyuk Teodorixning Italiyaga yurishi vaqtida bosib olingan. Ostgotlar ketishi bilan yana bir german qabilasi gepidlar shaharga bostirib kirib, uni egallab olgan. 539-yilda vizantiyaliklar shaharni gepidlardan qaytarib oladiProcopius, De Bello Gothico, III:34, quoted in Pohl 1997, pp. 89-90. 577-yilda 100 000 ga yaqin slavyanlar Frakiya va Illirikumga yurish qilib, shaharlarni talon-taroj qilishadi, keyinchalik oʻzlari ham Belgradda yashab qolishadi. 582-yilga kelib Bayan I boshchiligidagi avarlar butun mintaqani va shaharning yangi egalari — slavyanlarni butunlay boʻysundirdilarWarriors of the Steppe: a military history of Central Asia, 500 B. C. to 1700, p. 76 . Vizantiyaning De Administrando Imperio yilnomasi sahifalarida yozilishicha, oq serblar qabilasi gʻarbda Adriatika atrofidagi viloyatlarga oʻrnashib Vizantiya imperatori Gerakliyga (610—641) itoatkorlikda hayot kechirganBohlau, 1964, Slavistische Forschungen, Volume 6, p. 103. University of California.. 829-yilda xon Omurtag Singidunum va uning atrofini Bolgariya qirolligiga qoʻshib olishga muvaffaq boʻladiA Concise History of Bulgaria, R. J. Crampton, Edition 2, revised, Cambridge University Press, 2005, , p. 10.Zemya na svetoven krʼstopʼt, Boris Stoev Cholpanov, Izd. na Bʼlgarskata akademiya na naukite, 1993, str. 39.. Belgrad nomi birinchi marta 878-yil 16-aprelda Rim papasining Bolgariya hukmdori Boris I ga yuborgan nomasida tilga olingan. Taxminan toʻrt asr davomida shahar Vizantiya imperiyasi, Vengriya Qirolligi va Bolgariya imperiyasi oʻrtasidagi jang maydoniga aylandi. Basil II (976—1025) Belgradda qal’a qurdirganByzantium in the year 1000,p. 121. Shahar birinchi va ikkinchi salib yurishlari davrida urush tashkilotchilariga yordam bergan, ammo, uchinchi Salib yurishi paytida, Fridrix Barbarossa va uning 190 000 salibchilar qoʻshini Belgradni vayronaga aylantirgan. Vengriya qiroli Stephen V kuyovi Stefan Dragutinga (hukmronlik yillari 1276—1282) 1284-yilda Belgrad yerlarini hadya qiladi va shahar Sirmiya qirolligining poytaxtiga aylanadi. Dragutin (vengercha: Dragutin István) Belgradni boshqargan birinchi serb qiroli hisoblanadi.

Maritsa (1371) va Kosovo maydonidagi (1389) janglardan soʻng, Belgrad janubi Usmonli imperiyasi qoʻl ostiga oʻtadi. Hozirgi Serbiyaning shimoliy hududlari Serbiya despotati sifatida saqlanib qolinadi, uning poytaxti Belgrad boʻlgan. Shahar serb knyazi Lazar Hrebelyanovichning oʻgʻli Stefan Lazarevich davrida gullab-yashnagan. Lazarevich devor va minoralari boʻlgan qal’a qurdiradi. Qal‘adan hozirgacha faqat Despot minorasi va uning gʻarbiy devori saqlanib qolgan. Lazarevich, shuningdek, shaharning qadimiy devorlarini qayta tiklaydi, natijada Serbiya despotati Usmonlilar hujumiga qariyb 70 yil qarshilik koʻrsatadi. Bu vaqt ichida Belgrad Usmonlilar hukmronligidan qochgan koʻplab Bolqon xalqlari uchun boshpana boʻlgan va oʻsha paytlarda shahar aholisi 40 000 dan 50 000 gacha boʻlgan deb taxmin qilinadi.

1427-yilda Stefanning vorisi Đurađ Branković Belgradni Vengriya qiroliga qaytarib, oʻziga poytaxt sifatida Smederevoni tanlaydi. Garchi Usmonlilar Serbiya despotligining katta hududini qoʻlga kiritgan boʻlsalar ham, Belgradning 1440- va 1456-yillarda qamal qilinishi muvaffaqiyatsiz yakun topadi. 1456-yilda 100 000 Usmonli askari shaharni qamal qildi. Qamal vaqtida shaharni venger generali John Hunyadi boshchiligidagi xristian armiyasi muvaffaqiyatli himoya qilgan. ​​Bu gʻalaba Rim papasi Callixtus III boshchiligida butun xristian dunyosida keng nishonlanadi.

Usmonlilar hukmronligi va Avstriya bosqinlari Dastlabki qamaldan 70 yil oʻtib, 1521-yil 28-avgustda qal’a 250 000 turk askari va 100 dan ortiq kema yordamida Sulaymon Sulton tomonidan bosib olingan. Bosib olingach shaharning koʻp qismi vayron qilingan va uning butun pravoslav xristian aholisi Istanbulga deportatsiya qilingan, oʻshandan beri haydab kelingan aholi joylashgan yerlar Belgrad oʻrmoni deb nomlanadi. Belgrad shahri Smederevo poshosining qarorgohiga aylantirildi (shuningdek, Smederevo sanjoqbeyligi sifatida ham tilga olinadi) va tez orada 100 000 dan ortiq aholiga ega boʻlgan Yevropadagi ikkinchi eng yirik Usmonli shahriga aylandi (Yevropadagi eng yirik Usmonli shahri Konstantinopol boʻlgan). Usmonli hukmronligi davrida musulmon meʼmorchiligi uslubida koʻplab masjidlar qurilib, shahar qayta tiklanadi. 1594-yilda serblarning yirik qoʻzgʻoloni Usmonlilar tomonidan ayovsiz bostirilgan. Qasos olish uchun amir Sinan posho avliyo Sava ibodatxonasini yoqib yuborishni buyurgan. XX asrda ushbu voqeani xotirlash uchun Avliyo Sava cherkovi serblar tomonidan qayta qurilgan.

Belgrad Gabsburglar tomonidan uch marta (1688—1690, 1717—1739, 1789—1791) bosib olingan. Ammo Usmonlilar tomonidan tezda qaytarib olingan va har safar urushlar natijasida shahar vayron boʻlgan.

Serbiya knyazligi va Serbiya qirolligi