Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti — Oʻzbekistonning koʻzga koʻringan universitetlaridan biri hisoblanib, Andijon shahrida joylashgan. Universitetga Andijon davlat pedagogika instituti negizida 1992-yilda asos solingan. 1991-yil 2-iyulda Zahiriddin Muhammad Bobur nomi berilgan. Universitet tuzilmasida 9 ta fakultet, 34 ta kafedra, magistratura va maxsus-sirtqi boʻlimlari, axborot-resurs markazi, "Qatagʻon qurbonlari xotirasi" muzeyi hamda akademik litsey mavjud. Universitet rektori (2024-yildan) — B. B. Akbaraliyev.
Tarixi
1931-yilda Fargʻona davlat pedagogika insitituti qoshida Andijon kechki pedagogika instituti tashkil etildi. 1939-yilda institutda kunduzgi boʻlimga ham talabalar qabul qilinib, til va adabiyot (oʻzbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti), fizika-matematika (fizika va matematika mutaxassislilari), tabiiy geografiya (tabiiy fanlar va geografiya), tarix fakultetlarida kunduzgi boʻlimda 114 nafar, kechki boʻlimda 152 nafar talabalar tahsil olgan.
Oliygoh 1939 — 1953-yillar davomida oʻqituvchilar instituti sifatida faoliyat koʻrsatdi. Bu davrda u xalq taʼlimi uchun 2500 dan ortiq pedagog kadrlar tayyorladi. 1952-yil 19-iyulda Ittifoq Oliy taʼlim vazirligi oʻqituvchilar instituti negizida pedagogika institutini tashkil qilish toʻgʻrisidagi buyrugʻi chiqarildi. 1956-yilda institutga yangi bino qurib berildi (hozirgi Andijon viloyati xalq taʼlimi xodimlarini malakasini oshirish va qayta tayyorlash markazi binosi). 195 — 1976-yillarda institut rektori sifatida faoliyat yuritgan G.X.Abdullayev davrida institutda oʻquv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirishga katta eʼtibor berildi hamda uning moddiy texnik bazasi mustahkamlandi. Bu davrda 30 dan ortiq pedagog xodimlar doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qildilar. 1966-yilda pedagogika instituti negizida tillar instituti tashkil etildi. 70-yillar boshida institut xodimlarining 50 foizi ilmiy daraja va unvonlarga ega boʻlgan. Oʻz navbatida bu kadrlar tayyorlash sohasida ham oʻz natijalarini bergan.
1976-yilda institutga biologiya fanlari nomzodi (keyinchalik, biologiya fanlari doktori, professor, akademik) Akmal Qosimovich Qosimov rektor etib tayinlandi. Bu davrda institutda barcha jabhalarda oʻsishga erishdi. Institutning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, kafedra va fakultetlar kengaydi. Ushbu davrda oʻquv, ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqot ishlarini yanada rivojlantirishda katta yutuqlarga erishildi. 1981-yilda institutning hozirgi Universitet koʻchasidagi binosi qurib bitkazildi, 1982-yildan bino toʻliq quvvat bilan ish boshladi. Bu yillarda A.Qosimov, G.P.Dubovskiy, X.Razzaqov, S.Vohidova, I.Poʻlatov, M.Mirzakarimov, M.Qoraboyev, Q.Yoʻldoshev, A.Nurmonov, A.Tojiboyev, R.Shamsutdinov va boshqalar doktorlik, 40 dan ortiq pedagoglar nomzodlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildilar. 1989-90-oʻquv yilida institutda 10 nafar fan doktori, 112 nafar fan nomzodlari faoliyat yuritgan. Shuningdek, talabalarni ham ilmiy ishlarga jalb etish darajasi ortib bordi. "ADPI talabalar ilmiy jamiyati" tashkil etildi. 1970-yilda 1007 nafar talaba ilmiy ishlarda ishtirok etgan boʻlsa 1989-yilda bu koʻrsatkich 1853 nafarga yetdi. Vaholanki, 1970-yilda talabalarning umumiy soni 4047 nafar, 1989-yilda 4035 nafarni tashkil etgan. Kunduzgi boʻlim talabalarining 92,8 foizi ilmiy-tadqiqot ishlarida qatnashdi.
Sport sohasida ham yutuqlar katta boʻldi. Institutda tahsil olgan Oʻlmasova Svetlana — Ittifoqda xizmat koʻrsatgan sport ustasi, yengil atletika boʻyicha xalqaro toifadagi sport ustasi, ikki karra Yevropa, 10 karra Ittifoq chempioni, Jahon kubogi sovrindori, Zamira Zaytseva — 3000 metrga yugurishda jahon rekordi sohibasi, Yevropa va Jahon chempionati kumush medali, SSSR-AQSH xalqaro turniri uch karra gʻolibi, Feliks Pak — boks boʻyicha Yevropa chempioni, Ittifoqning besh karra gʻolibi, Nail Muhammediyorov — ogʻri atletika boʻyicha Seul olimpiadasi rekordchisi va boshqa nomdor sportchilar institut faxriga aylandilar. thumb|259x259px|AndDU 1991-yilda mustaqillikka erishgach, mamlakatimiz rivojlanishning yangi yoʻliga oʻtdi. Taʼlim tizimida ham qator oʻzgarishlar, yangilanishlar amalga oshirildi. 1992-yil 28-fevraldagi prezident farmoniga asosan Andijon davlat pedagogika instituti negizida Andijon davlat universiteti tashkil etilishi belgilandi. Universitetning birinchi rektori sifatida ish boshlagan Akmal Qosimov 1992-yilda Andijon viloyati hokimining ijtimoiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga oʻtkazilgani munosabati bilan professor Qodirjon Parpiyev rektor etib tayinlandi.
1993-yilda rektor vazifasiga qaytarilgan A.Qosimov 1995-yilda Oliy Majlis raisi oʻrinbosari lavozimiga oʻtgunga qadar faoliyat yuritdi. Universitetga 1995-1996-yillarda dotsent Bahrom Jalilov, 1996-2006-yillarda professor Sirojiddin Zaynobiddinov rektorlik qildilar. Bu davrda oʻquv rejalar, darslik va oʻquv qoʻllanmalar bilan taʼminlash, mavjud boʻlmagan darsliklarni markaziy oliy oʻquv yurtlaridan keltirish, universitetga yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan taniqli olim va professorlarni jalb qilish, kutubxona faoliyatini tubdan yaxshilash boʻyicha qator amaliy ishlar bajarildi. 1996 — 1997-oʻquv yilidan boshlab universitet qoshida litsey-internat faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
2006-2015-yillar davomida universitetga biologiya fanlari nomzodi T.Madumarov rektor sifatida faoliyat olib bordi. 2015-yildan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari boʻyicha qoʻmita raisi oʻrinbosari lavozimiga saylangani bois lavozimidan ozod etilgan. Bu davrda oʻquv-uslubiy, maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy ishlar va ayniqsa, moddiy-texnik bazani mustahkamlash sohalarida amalga oshirilgan ishlar natijasida universitet respublikada yetakchi oliy taʼlim muassasalari qatoriga qoʻshildi. 2010-yili Vazirlar Mahkamasi qarori bilan universitet tarkibiga Andijon davlat tillar pedagogika instituti qoʻshildi.
Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2011-yil 20-maydagi PQ-1533-sonli qarori asosida, shuningdek, universitetda oʻquv jarayonini yaxshilash, bir smenali oʻqishni taʼminlash maqsadida universitetga 60 mlrd. soʻm mablagʻ ajratildi. Ushbu mablagʻlar oʻzlashtirilib, universitetning 1000 oʻrinli binosi, Fizika-matematika fakulteti uchun 500 oʻrinli oʻquv binosi, Axborot-resurs markazi binosi hamda 18x36 oʻlchamdagi Barkamol avlod sport zali qurilib, foydalanishga topshirildi. Oʻquv jarayonini boshqarishni axborotlashtirish, dars jarayonlarini axborot kommunikatsion texnoligiyalaridan foydalangan holda yangi pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etish maqsadida 500 dan ortiq kompyuter, 16 ta lingofon, 67 ta proektor, 16 ta elektron doska va 68 ta ekran keltirildi.
Mustaqillik yillarida universitetda ilmiy ishlarda ham katta yutuqlarga erishildi. Koʻplab olimlar ilmiy maktablar yaratib, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorash ishida yuksak muvaffaqiyatlarga erishdilar. Ulardan akademik Akmal Qosimov rahbarligida biofizika va biokimyo sohasida koʻplab fan doktori va fan nomzodlari muvaffaqiyatli himoya qildilar. Biologiya fanlari doktori, professor Abdurashid Dariyev rahbarligida 2 nafar fan doktori va 12 nafar fan nomzodlari dissertatsiyalarini himoya qildilar.
Olimlar qatorida filologiya fanlari doktori, professor Abdulhamid Nurmonovning samarali faoliyatini alohida taʼkidlash lozim. U oʻzbek tilshunosligiga oid 50 yaqin darslik, risola, oʻquv qoʻllanmalari, 500 ga yaqin ilmiy, maʼrifiy maqolalar muallifidir. Uning rahbarligida 8 ta doktorlik, 30 ga yaqin nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilingan.
Tarix fanida oʻziga xos iz qoldirgan Oʻzbekistonda Respublikasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, tarix fanlari doktori, professor, Oʻzbekistonda Arxivshunoslik fani otasi Ibrohimjon Alimov faoliyati ham juda samarali boʻlgan. Olim tomonidan yettita tilda 70 ga yaqin darslik, oʻquv qoʻllanma, monografiya, hujjatlar toʻplami hamda 400 dan ortiq ilmiy, maʼrifiy maqolalar eʼlon qilingan. Bevosita uning rahbarligida 8 ta doktorlik, 20 dan ortiq nomzodlik dissertatsiya himoya qilingan. 2015-yil may oyidan boshlab universitetga biologiya fanlari doktori, professor A. S. Yuldashev rektor etib tayinlandi va hozirgi kunga qadar samarali faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Soʻnggi yillarda universitetda taʼlim taraqqiyotning yangi bosqichiga koʻtarildi.
Soʻnggi yillarda mehnat bozorini hisobga olgan holda qator zamonaviy taʼlim yoʻnalishlari ochildi. Xususan, bakalavriaturada 5321000 — Oziq ovqat texnologiyasi (mahsulot turlari boʻyicha), Mexanika, Fizika va astronomiya oʻqitish metodikasi, Arxivshunoslik, Vokal sanʼati, Cholgʻu ijrochiligi, Anʼanaviy xonandalik kabi 10 ga yaqin yangi taʼlim yoʻnalishlari, magistraturada Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va barqaror atrof-muhit fizikasi (bu mutaxassislik boʻyicha universitet tayanch hisoblanadi), Ekologiya, Taʼlim va tarbiya nazariyasi (maktabgacha taʼlim), Taʼlim va tarbiya nazariyasi (boshlangʻich taʼlim va sport tarbiyaviy ishi), Taʼlimda axborot texnologiyalari, Ijtimoiy fanlarni oʻqitish metodikasi (huquq taʼlimi) kabi mutaxassisliklari ochildi.
Shuningdek, universitetda 2017-yildan maxsus-sirtqi, 2018-yildan boshlab sirtqi taʼlim tashkil etilib, 12 ta yoʻnalish boʻyicha mutaxassislar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. 2015-2018-yillar davomida 7 ta doktrolik va 36 ta falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun tayyorlangan dissertatsiyalar muvaffaqiyatli himoya qilindi. Bu yillarda 2 mlrd 167 mln soʻmlik davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi loyihalar va xalqaro grantlar oʻzlashtirldi. Doktoranturaga qabul 31 ta oʻringacha oshirildi.
2018-yilda universitet tuzilmasida boshqalar uchun namuna boʻladigan "Qatagʻon qurbonlari xotirasi" muzeyi tashkil etildi.
Sport sohasida ham jahonshumul yutuqlar qoʻlga kiritildi. Bir qancha Osiyo, Jahon va Olimpiya sportchilari yetishib chiqdi. 2016-yilda Braziliyaning Rio de Janeiro shahrida oʻtkazilgan Yozgi Olimpiada oʻyinlarida universitetning ikki nafar talabasi Ruslan Nurutdinov hamda Hasanboy Doʻstmatovlar muvaffaqiyatli ishtirok etib, oltin medalni qoʻlga kiritdilar.
2015-2018-yillarda Erasmus+ dasturi orqali 4 ta: RENES — "Muqobil energiya manbalari va turgʻun atrof-muhit ixtisosligi boʻyicha magistrlik dasturini ishlab chiqish" loyiha qiymati 80,62 AQSh dollari, ModeHEd "Universitetlarda salomatlikka oid oʻquv dasturlarini modernizatsiya qilish" loyiha qiymati 46,28 AQSh dollari, IQAT "Oliy taʼlimda salohiyatni oshirish" loyiha qiymati 72,4 AQSh dollari, STEM "Ingliz tilini oʻrgatish" loyiha qiymati 46,4 AQSh dollari boʻlgan loyihalar ustida ish olib borilmoqda. Yosh olimlarning qisqa muddatli ilmiy stajirovkasi AQSH, Italiya, Angliya, Turkiya, Rossiya Federatsiyasining 10 ga yaqin universitetlari bilan yaxshi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib hozir universitetning 10 ga yaqin tayanch doktorantlari ilmiy tadqiqot mavzulari boʻyicha stajirovka oʻtamoqdalar. Erasmus+ dasturi doirasida jami 13 nafar yosh mutaxassislar xorijiy ilmiy stajirovkalarda boʻlib qaytdilar.
Universitet rektorlari - 1957 — 1976-yil fevral — Gʻani Xolmatovich Abdullayev. Falsafa fanlari nomzodi, professor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, II Jahon urushi qatnashchisi.
- 1976-yil fevral — 1992-yil, 1993-yil fevral — 1995-yil — Akmal Qosimovich Qosimov. Yirik davlat va jamoat arbobi, Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi, biologiya fanlari doktori, professor. 1995-2000-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi raisi oʻrinbosari. thumb|276x276px|Akramjon Sultanmurodovich Yuldashev - 1992 — 1994-yil fevral (rektor v.b.) — Qodirjon Gʻofurovich Parpiyev. Fizika-matematika fanlari nomzodi, professor. 1977-1992-yillarda Andijon davlat pedagogika instituti oʻquv ishlari boʻyicha prorektori.
- 1995-yil yanvar — 1996-yil — Bahrom Jalilovich Jalilov. Filologiya fanlari nomzodi, dotsent.