Guandun ()— Xitoy janubidagi provinsiya, Janubiy Xitoy dengizi sohilida. Mayd. 197,1 ming km. Aholisi 71,4 mln. kishi (1998), aksariyati xitoy (xan)lar. Maʼmuriy markazi — Guanchjou (Kanton).

Jugʻrofiyasi

Guandun hududi balandligi 1800—1900 m boʻlgan togʻ, qir hamda daryo vodiylaridagi pasttekisliklardan iborat.

Iqlimi

Iqlimi subtropik, janubida tropik. Pasttekisliklarda yanvarning oʻrtacha temperaturasi 8—16 °C, iyulniki 26—28 C°. Yillik yogʻin miqdori 1200 — 2000 mm. Daryolari (Sitszyan, uning irmogʻi Beyszyan va boshqalar) sersuv. Guandun hududining qariyb yarmi doim yashil oʻrmon (qaragʻay, kunningamiya, lavr va choy daraxtlari, evkalipt, xin va boshqalar).

Iqtisod

Iqtisodiyotida qishloq xoʻjaligi yetakchi oʻrinda, Guandun Xitoyning tropik ekinlar eqiladigan muhim rayoni. Asosiy qishloq xoʻjaligi ekini — sholi, shuningdek, batat, shakarqamish, moyli ekinlar (yer yongʻoq, soya, kunjut, kameliya, tung), mevali oʻsimliklar (sitruslar, banan, ananas, mango), jut, rami, sizal va boshqalar yetishtiriladi. Ipakchilik rivojlangan. Chorvachiliqda koʻproq qoramol, choʻchqa va parranda boqiladi. Baliqchilik va baliq ovlash bilan ham shugʻullaniladi. Tuz olinadi.

Sanoat

Sanoatining yetakchi tarmogʻi — oziq-ovqat va toʻqimachilik. Foydali qazilmalardan bitumli slaneslar, volfram, marganes, surma rudalari va b. bor. Mahalliy koʻmir va temir rudasi asosida qora metallurgiya sanoati barpo etilgan. Har xil mashinasozlik korxonalari Guanchjou, Chjanszyan, Shantouda joylashgan. Kimyo va sellyuloza-qogʻoz sanoati rivojlangan.

Transport

Sitszyan daryosi va uning irmoqlarida kema qatnaydi. Dengiz portlari: Guanchjou, Chjanszyan, Shantou, Xaykou.

Yana qarang

Shenjen Meizhoudagi yoʻlning qulashi (2024)

Manbalar

Adabiyotlar OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Turkum:Guandun