Zebunniso begim (; 1638-yil 15-fevral — 1702-yil 26-may; Shohjahonobod, hozirgi Dehli) — shoira, maʼrifatparvar. Boburiylar sulolasidan Avrangzebning qizi. Onasi Dilrasbonuning shajarasi Safaviylarga va Boburning qizi — Gulbadan begimga borib taqaladi. „Maxfiy“ taxallusi bilan ijod qilgani taxmin qilinadi.
Zebunniso begim hayoti va ijodi haqida Bareliy, Sherxoni Ludiy, Hakimxon toʻra kabi tarixchi va tazkiranavis olimlar asarlarida maʼlumotlar keltirilgan.
U yetti yoshida Qurʼonni toʻliq yod olgan, keyinchalik falsafa, mantiq, yulduz ilmi, tarix, fiqh fanlarini yaxshi oʻzlashtirgan, nastaʼliq, nasʼh, shikasta xatlarini mahorat bilan yozgan, bir necha marta husnixat bilan Qurʼonni koʻchirgan.
Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarini oʻrganib, sheʼriyatga boʻlgan ixlosi oshgan, atrofidagi shoir va olimlariga turli tarjimalar, qoʻlyozmalarni koʻchirishni buyurtma qilgan, ularni maosh bilan taʼminlab kelgan. Zebunniso begimning kutubxonasi oʻz davri kutubxonalari ichida eng kattasidir.
Malika bobosining istagiga koʻra oʻz amakivachchasi Sulaymonshukuh bilan unashtirilgan. Amakivachchasi vafot etgach, umrining oxiriga qadar turmush qurmagan.
Ismi Zebunniso begimning ismi forscha „زیب“ — „Zēb“; arabcha „goʻzallik“ yoki „zeb-ziynat“ va arabcha „نساء“ — „Nissa“ yaʼni ayollar degan maʼnoni anglatadi, arabchada „Zebunniso“ — „barcha ayollarning eng goʻzali“ degan maʼnoni beradi.
Tarjimai holi Yoshlik yillari Zebunniso begim 1638 yoki 1643-yilda Shohjahonobod (hozirgi Dehli) shahrida tugʻilgan. U tugʻilgan davrda otasi – boburiy shahzoda Avrangzeb Olamgir (1618–1707) Shoh Jahon saltanatining shahzodasi va Dekan viloyatining hokimi edi. Zebunnisoning yoshlik davri murakkab, ziddiyatli voqealarga boy boʻlgan. U 19 yoshidayoq koʻplab ayanchli voqealarga guvoh boʻlgan. Avrangzeb taxt uchun kurashda akasi Doroshukuhni yengib Dehli taxtini egallagan (1658), ukasi Murodbaxshni avval qamab, keyin boshini oldirib, kasalmand otasi Shoh Jahonni uy qamogʻida saqlagan. Boshqa ukasi Shoh Shujo Birma tuproqlariga qochib ketib, qaroqchilar qoʻlida oʻlim topgan. Oʻz oʻgʻli Akbarni taxtni egallashga intilishda ayblab uy qamogʻida saqlagan.
Avrangzeb toʻngʻich farzandi Zebunniso begimni juda yaxshi koʻrgan, baʼzida u bilan maslahatlashib ish koʻrgan. Ammo keyinroq, shahzoda Akbar bilan ziddiyatga borib, Zebunnisoni ham u bilan hamfikrlikda ayblagan va Dehlidagi Salimgarhi (Asirgarh) qoʻrgʻonidan tashqariga chiqarmagan.
Shoiraning hayoti va ijodi haqidagi maʼlumotlar Bareliy („Tazkirai shoiroti urdu“ – „Urdu shoirlarining tazkirasi“), Sherxoni Ludiy („Mirot ul-xayol“ – „Xayol oynasi“), Hakimxon Hoji Muhammadxon („Muntaxab ut-tavorix“ – „Tanlangan tarixlar“) va boshqa tarixchi va tazkiranavis olimlar asarlarida uchraydi.
Taʼlimi Zebunniso begim yoshligida Hafiza Maryam Bonu qoʻlida savod chiqargan. Uch yilda Qurʼonni toʻliq yod olib, yetti yoshida hofizalik darajasiga erishgan. Bundan xabar topgan Avrangzeb oʻsha kunni davlat bayrami deb eʼlon qilib, katta toʻy-u tomosha tashkillashtirgan, harbiylar ham bayram qilgan, kambagʻallarga pul ulashilgan, bayram munosabati bilan davlat idoralari ikki kun ishlamagan. Shuningdek, Avrangzeb malika Zebunnisoga 30 000 oltin tanga hadya qilgan, uning sevimli qizini hofiza qilgan Hafiza Maryam Bonuga ham 30 000 oltin tanga va „hurmatli ustoz“ martabasini bergan.
Xusrav Dehlaviy, Alisher Navoiy, Bobur asarlarini sinchiklab oʻrgangan, ularga havas qilib sheʼrlar mashq qilgan. Qizida sheʼr va shoirlikka qiziqishni sezgan Avrangzeb, oʻzining shoirlikka ixlosi yoʻqligi, saroy va maktablarda Hofiz Sheroziy asarlarini oʻqishni taqiqlagan boʻlishiga qaramay, qizi uchun istisno qilib, butun Hindiston, Kashmir va Fors boʻylab koʻzga koʻringan shoirlarni topishni va Dehliga taklif qilishni buyurgan. Oʻsha davrning mashhur olimlari hisoblangan Mullo Muhammad Ashraf Isfaxoniy va Mullo Jevonni Zebunniso begimga muallim qilib tayinlagan. Bu olimlarning tarbiyasida Zebuniso begim shoira, tanbur chertuvchi sozanda, olima va xattot boʻlib yetishgan. Keyinchalik, Zebunniso begim ilohiyotga oid bir asar yozib, uni shu ustozi Mullo Muhammad Ashraf Isfaxoniyga bagʻishlagan.
Zebunniso begim falsafa, matematika, astronomiya, mantiq, fiqh, tarix fanlarini hamda fors va arab tillarining morfologiya va sintaksisini (sarfu nahv) yaxshi oʻzlashtirgan. U nastaʼliq, shikasta va nasʼh xatlarini mahorat bilan yoza olgan. Husnixat bilan bir necha marta Qurʼonni koʻchirgan. Qurʼonga tafsir yozmoqchi boʻlgan, lekin otasi bunga qarshilik qilgan.
Homiyligi thumb|left|150px|Zebunniso begimning Abanindranat Tagor tomonidan chizilgan surati. thumb|150px|Koʻzguda oʻz aksini koʻrayotgan Zebunniso begim va uning kanizaklari. Zebunniso begimning shaxsiy kutubxonasi ham oʻz davri kutubxonalarining eng yirigi hisoblangan. U shoirlar, olimlar hamda sanʼat ahllarini oʻz atrofida toʻplab, ular uchun maosh tayinlagan va ularga gʻamxoʻrlik qilgan. Sheʼriy asarlar yozgan adiblar, qoʻlyozma koʻchirgan hattotlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlagan. Oʻz zamonida ilm va sanʼatning rivojlanishiga taʼsir koʻrsatgan. Shuning uchun ham ayrim tarixchilar uning shaxsiga yuqori baho berganlar. Jumladan, „Olami Islom“ tazkirasida „Zebuniso begim otasi hukmdorlik bilan qozona olmagan shuhratni ilm va odob bilan qozongan“, deb yozilgan.
Zebunniso begim tarixda sof qalbli, muhtojlarga yordam beruvchi shaxs sifatida qolgan. U bevalarga, yetim-yesirlarga yordam bergan, har yili odamlarni Makka va Madinaga haj safariga yuborgan. Bundan tashqari, Zebunniso begim musiqa bilan ham shugʻullangan, manbalarda qayd etilishicha, mahorat bilan qoʻshiq ham kuylagan.
Shaxsiy hayoti thumb|150px|Zebunniso begim bilan unashtirilgan amakivachchasi – Sulaymonshukuh (1635—1662) Zebunniso begim bobosi Shoh Jahonning istagi bilan amakivachchasi Sulaymonshukuh (Doroshukuhning oʻgʻli) bilan unashtirilgan. Lekin bu ish Avrangzebga yoqmagan. Manbalarda keltirilishicha, Avrangzeb akasi Doroshukuhga qarshi isyon qilib, taxtni egallagani sababli toʻy qoldirilgan Sulaymonshukuh 1662-yilda asirlikda vafot etgan, bu paytda Zebunniso begim 24 yoshda boʻlgan.
Eron shohi Abbos II ning oʻgʻli Mirzo Farruh ham Zebunniso begimga turmush qurish taklifini bildirgan. Zebunniso begim maktub yozib, uni Dehliga chaqirgan. Dehlidagi bogʻda Mirzo Farruh va Zebunniso (yuzida parda bilan) uchrashishgan, uchrashuvda shahzoda Farruh forschada oʻpishish maʼnosini ham beruvchi shirinlik nomini aytib soʻz oʻyini qilgan, Zebunniso esa „istagan narsangizni oshpazlarimizdan soʻrang“, deb javob bergan. Ziyofatdan soʻng Zebunniso otasiga bu yigitga turmushga chiqmasligini aytgan.
Koʻplab shahzodalar, amirzodalar, bekzoda va yirik mulkdorlar Zebunniso begimga uylanish taklifini bildirishgan, lekin Zebunniso begim ularning hech biriga unamagan. Umrining oxiriga qadar turmushga chiqmagan.
„Muntahab-ut tavorix“ asarida yozilishicha, Zebunniso begim opasinikiga mehmonga borganida opasini toʻlgʻoq tutib, qattiq azoblanayotganini koʻrgan. Shunda u — juftlikning oqibati shu boʻlsa, olamdan toq oʻtganim boʻlsin, — deb ahd qilgan.
Shivaji Hindiston tarixida oʻziga xos iz qoldirgan, Marathalar davlatiga asos solgan Shivaji (1627/30—1680) Boburiylar davlatiga qarshi urushlarda magʻlubiyatga uchrab, oʻziga qarashli boʻlgan 35 qalʼadan 23 tasini topshiradi. 1666-yil Avrangzeb Shivajini poytaxt Agraga asir sifatida olib keltirgan. Sarkarda Shivajini koʻrgan Zebunniso begim otasiga yuzlanib, agar Shivaji islom diniga eʼtiqod qila boshlasa, unga turmushga chiqishini aytgan. Bu taklifga Shivaji rozi boʻlmagan. Oqilxon Roziy Zebunniso begim hayoti yoritilgan koʻplab tarixiy va badiiy asarlarda malika Oqilxon Roziy ismli shoirtabiat yigit bilan ishqiy munosabatda boʻlgani keltiriladi. Roziyning oʻlimi haqida bir qator manbalarda turlicha fikrlar yozilgan.
Manbalardan birida aytilishicha, 1662-yil Avrangzeb bir kasalga chalinganida tabiblar unga havo almashtirishi kerakligini aytishgan. Shunda u oilasi va saroy aʼyonlari bilan Lohur shahriga borib joylashgan. Bu vaqtda Lohurni shoh vazirlaridan birining oʻgʻli Oqilxon Roziy boshqargan. Lohurda uchrashib, bir-birlarini yoqtirib qolishgan, bir-birlariga ishqiy misralar yozib turishgan, keyinroq, ular Dehlida, bogʻda uchrashib turganlarida Avrangzeb bogʻga kirib keladi. Qiz va yigit darhol yashirinishga chogʻlanadilar. Shohning gʻazabidan qoʻrqqan Oqilxon Roziy berkinish uchun panaroq joy izlab, bogʻning chekkasidagi ziyofatlar uchun hozirlab qoʻyilgan doshqozon ichiga kirib, ustidan qopqoqni yopib oladi. Buni sezgan shoh Avrangzeb toʻgʻri kelib qopqoqning ustiga chiqib oladi va bakovulni chaqirib, qozon tagida olov yoqishni buyuradi. Olov yoqilib, qozon qiziydi qozon ichidan hech qanday ovoz eshitilmaydi ammo kuygan hid bilan tutun chiqadi. Avrangzeb qopqoqdan tushib, qopqoq ochilganida qozon ichida Oqilxonning kuygan jasadi koʻrinadi. Bu voqea boʻlib oʻtgani aniq tasdigʻini topmagan, lekin shoh Avrangzeb bu yigitni oʻziga kuyov qilishdan or qilib, uni qatl qildirgan degan taxminlar bor. thumb|150px|Zebunniso begim portreti.
„Tazkirati shoiroti urdu“ asarida Oqilxon Roziy qatl qilinishi vaqtida Zebunnisoga atab bir gʻazal oʻqigani yozilgan.
„Maosiri Olamgiriy“ asarida keltirilishicha, tanholikda umr kechirish yoʻlini (goʻshanishinlik) tanlagan Oqilxon Roziyga 9000 rupiy miqdorida nafaqa tayinlangan.
Eronda chop etilgan „Hunar va mardum“ jurnalida Oqilxon Roziy Avrangzebning yetti vaziridan biri sifatida tasvirlangan. Unda yozilishicha, Zebunniso begim Oqilxon Roziyni yoqtirib qoladi. Bir kuni ular maxfiy tarzda uchrashib ahdu-paymon qiladilar. Soʻng doimiy ravishda bir-birlariga mushoira tarzida sheʼrlar yozib soʻzlashadilar. Bu gapdan xabar topgan Avrangzeb gʻazablanadi lekin mish-mishlar rost yoki yolgʻonligini tekshirib koʻrishni istaydi. Shu sababli yetti vazirini bir kecha-kunduzdan saroyda navbatchilik qilishini talab qiladi va Oqilxon Roziyning ortidan kuzatuvchi qoʻyadi. Oqilxon shohning maqsadini anglab, oʻzini kasallikka soladi va Zebunniso begim bilan uchrashuvga chiqmaydi.
Uy qamogʻida saqlanishi va oʻlimi thumb|150px|Zebunniso begimning saroyi. Avrangobod. 1880-yil olingan rasm Manbalarda Zebunniso begimning uy qamogʻida saqlanishiga doir turli fikrlar mavjud. Ayrim manbalarga koʻra, Oqilxon Roziy bilan qizining munosabatlaridan norozi boʻlgan Avrangzeb Zebunniso begimni Salimgarhi saroyida tutqunlikda saqlagan.
Boshqa manbalarda Zebunniso begimning uy qamogʻida saqlanishiga uning oʻta erkin fikrli shoiraligi va musiqachiligi sabab boʻlgani yoziladi, uning bu xususiyatlari oʻta dindor boʻlgan otasining qarashlariga mos kelmagan.
Yana boshqa manbalarga koʻra, Zebunniso begimning tutqunlikda saqlanishiga uning 1681-yilda Avrangzebga qarshi bosh koʻtargan shahzoda Akbarni (Zebunniso begimning ukasi) qoʻllab-quvvatlab, unga xat yozishi sabab boʻlgan. Zebunniso begim uy qamogʻiga tashlangach, uning bor boyligi musodara qilingan, unga ajratiladigan 4 lakx miqdoridagi nafaqa ham toʻxtatilgan. Zebunniso begim vafotiga qadar Salimgarhi saroyida uy qamogʻida yashagan.
Shohjahonobod shahridagi Salimgarhi saroyida 20 yillik uy qamogʻida saqlangan Zebunniso begim 7 kun davom etgan xastalikdan soʻng vafot etgan. Uning vafot yili ayrim manbalarda 1701-yil, ayrimlarida 1702-yil deb yozilgan.
„Olami Islom“ asarida yozilishicha, malikaning vafotiga bagʻishlab fors tilida, abjad hisobida quyidagi gʻazal bitilgan:
Mazmuni: „Oh, Zebunniso qazo hukmi bilan nogahon koʻzdan yashirindi. Ilm-u fazl va husn-u latofat manbai Yusuf kabi chohga yashirindi. Vafot yilini aqldan qidirdim, gʻoyibdan oy yashirindi, degan ovoz keldi“. Tadqiqotchilar shu abjad hisobiga koʻra Zebunniso begimning vafot yilini hijriy 1113, milodiy 1702-yil deb qabul qilganlar.
thumb|150px|Agra yaqinidagi Akbar maqbarasi, Zebunniso begimning hoki shu maqbara yoniga koʻchirilgan.