Amir Temur (toʻliq ismi: Amir Temur ibn Amir Taragʻoy ibn Amir Barqul) (1336-yil 9-aprel, Kesh – 1405-yil 18-fevral, Oʻtror) – oʻrta asrlarning davlat arbobi, buyuk sarkarda, qoʻmondon, markazlashgan davlat asoschisi. Eron, Mesopotamiya, Xuroson, Shimoliy Hindiston, Onadoʻli va Markaziy Osiyo hududlarini oʻz ichiga olgan Temuriylar davlatiga asos solgan hamda Temuriylar sulolasining birinchi hukmdori hisoblanadi. Amir Temur Temuriylar uygʻonish davri asoschisi, ilm-fan, meʼmorchilik, sanʼat va adabiyot homiysi. Temur sanʼatning buyuk homiysi ham hisoblangan; u Ibn Xaldun, Hofiz Sheroziy va Hofizi Abru kabi olim va shoirlar bilan muloqotda boʻlgan. Temurning hukmronlik davri Temuriylar renessansiga yoʻl ochgan.
1320-yillarda Movarounnahrda (hozirgi Oʻzbekiston) turkiylashgan moʻgʻul qabilasi barloslar oilasida tugʻilgan. Temur 1370-yilga kelib Gʻarbiy Chig‘atoy ulusi ustidan nazoratni qoʻlga kiritdi. Oʻsha yerdan boshlab Temur bir qator harbiy yurishlarni amalga oshirib, Oltin O‘rda xonlarini, Misr va Suriya mamluklarini, yuksalib borayotgan Usmonli imperiyasini, shuningdek, Hindistondagi Dehli sultonligini magʻlub etdi va shu tariqa islom olamidagi eng qudratli hukmdorga aylandi. Ushbu fathlar Temuriylar saltanatining barpo etilishiga olib keldi, biroq mazkur imperiya Temurning vafotidan koʻp oʻtmay parchalanib ketdi. Temur bir necha tillarni, jumladan, hozirgi oʻzbek va uygʻur tilining ajdodi boʻlgan chig‘atoy tilini, shuningdek, diplomatik yozishmalarda qoʻllangan moʻgʻul va fors tillarini bilgan.
Temur Yevrosiyo dashtlarining soʻnggi yirik koʻchmanchi fotihi edi va uning saltanati XVI-XVII asrlarda yanada tartibli hamda barqaror boʻlgan islom porox imperiyalari yuksalishi uchun zamin yaratdi.
Amir Temur oʻzini „Islom qilichi“ deb atagan. Hukmronligining oxiriga kelib, Temur Chigʻatoy ulusi, Hulokuiylar davlati va Oltin Oʻrdaning barcha qoldiqlari ustidan toʻliq nazorat oʻrnatdi, hattoki Xitoyda Yuan sulolasini qayta tiklashga urindiMatthew White: Atrocitology: Humanity's 100 Deadliest Achievements, Canongate Books, 2011, , section "Timur".. U zabt etgan barcha hududlar orasida Xorazm eng ko‘p ziyon koʻrdi, chunki bu o‘lka Temurga qarshi bir necha bor isyon ko‘targan edi. Temur Xorazmga besh marotaba yurish qilgan.
Temur 1411-yildan 1449-yilgacha Markaziy Osiyoni boshqargan astronom va matematik, Temuriy sulton Mirzo Ulugʻbekning bobosi hamda Boburiylar imperiyasi asoschisi Boburning (1483–1530) katta bobosi (toʻrtinchi avlodi) boʻlgan.
Umumiy tavsifi
Ismi va shajarasi
Toʻliq ismi arab anʼanasiga (ism–nasab–nisba) muvofiq Temur ibn Taragʻay Barlas (arabcha: تيمور ابن ترغيى برلس), yaʼni barlos qabilasidan boʻlgan Taragʻayning oʻgʻli Temur shaklida boʻlgan.
Turkiy tillarda Temur (Temür, Temir) soʻzi „temir“ maʼnosini anglatadi. Kastiliya elchisi Ruy González de Clavijo uni Temurbek deb ataganKlavixo, Rui Gonsales de. Dnevnik puteshestviya v Samarkand ko dvoru Timura (1403—1406). Per. so staroispanskogo, predisl. i komment. I. S. Mirokovoy. – M.: Nauka. Glavnaya redaksiya vostochnoy literaturi, 1990, s.15.
Keyingi davr fors manbalarida koʻpincha eronlashtirilgan Temur Lang (forscha: تیمور لنگ), yaʼni „Oqsoq Temur“ laqabi uchraydi. Keyinchalik bu nom Gʻarb tillariga Tamerlan, Tamerlane, Tamburlaine, Timur Lenk shakllarida kirib kelganYarlik xana Zolotoy Ordi Toxtamisha k polskomu korolyu Yagaylu 1392—1393 goda. Izdan knyazem M. A. Obolenskim. – Kazan, 1850..
Rus manbalarida u Temir Aksak (yaʼni „Oqsoq Temir“) deb atalgan. Shuningdek, eski tatar manbalarida Aqsak-Temur shakli ham uchraydi.
Amerikalik tarixchi John E. Woods oʻzining „Temurning genealogiyasi“ nomli maqolasida Temur shajarasi aynan Amir Temur davrida boshlanganini koʻrsatganManz, Beatrice Forbes. „Temür and the Problem of a Conqueror’s Legacy.“ Journal of the Royal Asiatic Society 8.1 (1998, p.37.
Temur chingiziylar sulolasiga mansub boʻlmagani sababli, rasmiy ravishda xon unvonini olish huquqiga ega emas edi va shu bois u doimo faqat amir (yaʼni sarkarda, hukmdor) unvoni bilan atalgan. Biroq, 1370-yilda u Saroy Mulk Xonimga uylanib, chingiziylar sulolasi bilan qarindoshlik rishtalarini oʻrnatgan. Shundan soʻng u Temur Koʻragon (forscha: تيمور گوركان, Temūr Gurkānī) nomini qabul qilganSultanov T. I. Podnyatie na beloy koshme. Potomki Chingiz-xana. – Almati: Dayk-press, 2001, s. 97. „Koʻragon“ soʻzi moʻgʻulcha kürügän yoki khürgän soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, „xonning kuyovi“ degan maʼnoni anglatadi. Bu esa Temurning chingiziylar bilan qarindoshlik aloqalariga ega ekanini bildirganIbn Arabshax. Istoriya Amira Temura. T., 2007.
Fors va turkiy oʻrta asr manbalarida Temur, shuningdek, Sohibqiron (forscha: صاحب كران) deb ham atalgan. Bu soʻzning asl maʼnosi ikki sayyora (masalan, Zuhra va Mushtariy yoki Zuhra va Quyosh) birlashgan paytda tugʻilgan inson deganidir. Koʻchma maʼnoda esa bu unvon baxtli, ulugʻ taqdir egasi maʼnosini bildirganMir Muxammed Amin-i Buxari. Ubaydalla-name. Tashkent. AN UzSSR. 1957..
Yoshlik yillari, oilasi, kelib chiqishi Amir Temur shabon oyining yigirma beshida, hijriy yetti yuz oʻttiz oltinchi yilda (09.04.1336), oʻn ikki hayvonli Turk yilligiga koʻra sichqon yilida Kesh shahri yaqinidagi Xoʻja ilgʻor qishlogʻida tugʻilgan. Amerikalik tarixchi Beatrice Forbes Manz Temurbekning tugʻilgan yilini oʻn toʻrtinchi yuz yillikning yigirmanchi yillariga toʻgʻri kelishi kabi qarashlarini oldinga surib keladi. Bunga sabab qilib Temurbekning 1336-yilda tugʻilganligi toʻgʻrisidagi yozuvlar uning davridan keyin yozilganini va uning davriga tegishli bir nechta manbalardagi voqealarda Temurbekning yoshi uning 1320-yillar oxirida tugʻilganini koʻrsatishini aytadi.. Biroq birorta tarix kitoblarida Temurbekning tugʻilgan yili 1336-yil emas, balki boshqa yil ekanligi toʻgʻrisida belgi umuman uchramaydi.
Temurning yoshligi Keshda kechadi. Otasi Taragʻaybek oʻz chogʻining odatlariga koʻra Temurbekka ot minish, ov qilish, yoydan oʻq otishni oʻrgatuvchilarni tayin qiladi. 18-20 yoshlarida tulporlarni yaxshi ajrata oladigan epchil otliq va qoʻrqmas bahodir boʻlib ulgʻayadi. Temurbek oʻzi toʻgʻrisida kitobida 21 yoshga toʻlganida otasining hosili yaxshi boʻlganini, qoramol va yilqilar koʻp bolalaganini, oʻzi ularni 10 tadan qilib ishchilariga boʻlib berganini yozadi. Amir Temur tabiatan ogʻir, bosiq, teran fikrli va idrokli hamda nihoyatda ziyrak, kishilardagi qobiliyat, fazilat, ayniqsa, samimiyatni tezda fahmlab oladigan inson boʻlgan. Shu tufayli oʻspirinlik chogʻlaridayoq atrofiga tengqurlari orasidan sadoqatli doʻstlarni jalb qila olgan. Uning atrofiga bolalikdagi doʻstlari va maktabdoshlari (Abbos bahodur, Jahonshohbek, Qimori inoq, Sulaymonshohbek, Idiku Temur, Sayfuddinbek, Hindushoh, Qarkara va boshqalar) toʻplanishib, birgalikda mashq qilar, musobaqalarda ishtirok etishar, asta-sekin navkar boʻlishib va harbiy guruhga birlashib, harbiy boʻlinma sifatida shakllana borgan. Keyinchalik ular Amir Temur qoʻshinida lashkarboshilik darajasigacha koʻtarilgan.
Otasi Amir Taragʻay (oʻrta chogʻ turkchasida Taragʻay – qoraquyruq qushi) barlos qabilasining beklaridan biri va qabilaning asosiy 5 ta urugʻidan birining yetakchisi ediCarter V. Findley, The Turks in World History, Oxford University Press, 2005, , p. 101.G. R. Garthwaite, The Persians, Malden, , MA: Blackwell Pub., 2007. p.148. Quotation: "Timur’s tribe, the Barlas, had Mongol origins but had become Turkic-speaking … However, the Barlus tribe is considered one of the original Mongol tribes and there are „Barlus Ovogton“ people who belong to Barlus tribe in modern Mongolia."M. S. Asimov & Clifford Edmund Bosworth, History of Civilizations of Central Asia, UNESCO Regional Office, 1998, , p. 320. „One of his followers was […] Timur of the Barlas tribe. This Mongol tribe had settled […] in the valley of Kashka Darya, intermingling with the Turkic population, adopting their religion (Islam) and gradually giving up its own nomadic ways, like a number of other Mongol tribes in Transoxania …“.. Taragʻaybek Chigʻatoy ulusining taniqli beklaridan biri boʻlib, Kesh viloyatida amirlik qilgan. Amir Taragʻay yillik Ili daryosi boʻyida Xon tomonidan chaqiriladigan yurt beklarining qurultoyiga chaqirilgan va bunday yigʻinlarda qoldirmasdan qatnashgan. Butga topinuvchi oʻlaroq tugʻilgan Taragʻaybek Chigʻatoy ulusi orasida birinchilardan boʻlib islom dinini qabul qilgan. Otasi Barqul Noʻyondek Taragʻaybek harb va siyosat ishlariga qiziqmagan va asosan islom dinini oʻrganish bilan umrini kechirgan. Temurbek tez-tez qabrini ziyorat qiladigan va keyinchalik qabri ustiga maqbara (1373–1374) qurdirgan Shamsiddin Kulol Taragʻaybekning piri boʻlgan. Sharofiddin Ali Yazdiy taʼkidlashiga koʻra:
"ulamo va sulaho va muttaqiylarga mushfiq va mehribon erdi va bularning majlisiga borur erdi…"
Onasi Takina xotun (Takina Mohibegim) tug'ilgan joyi to'g'risida Amir Temur davridagi manbalarda ma'lumot berilmagan. Zafarnomada yolgʻiz otigina keltirilgan. 1403-yilda Temurbek Jenoa, Fransiya, Angliya qirollariga elchi qilib yuborgan, Sultoniya bosh rohibi (arxiyepiskop) Johannes de Galonifontibus Takina Xotunning oddiy oiladan ekanini yozadi. Temur saroyida yozilgan, biroq yozuvchisi aniq bilinmagan Muyizz al-Ansab (tarjimasi: Izzatli nasablar) asarida Takina Xotun barlos qabilasi bilan chegaradosh boʻlgan Chigʻatoy ulusining Yasaʼur qabilasidan ekanligi yoziladi. Arab tarixchisi Ibn Xaldun esa 1401-yilda Temur bilan shaxsan uchrashganini va Temurning oʻzi onasi afsonaviy Eron hukmdori Manuchehr avlodidan ekanini aytganini yozib qoldirgan. Ahmad ibn Arabshoh oʻzining Ajoyib ul-maqdur fi navaib (fi axbor) at-Taymur (arabcha: عجائب المقدور في نوائب تيمور – tarjimasi: Temurdagi taqdirning ajoyibotlar) asarida uning Chingizxonning naslidan ekanligini yozadi. XVIII asrda yozilgan Amir Temur kimligi toʻgʻrisidagi kitoblarda Takina Xotun Buxoro „Sadr ash-Sharia“ (Shariat qonunlarini izohlovchi)si Ubaydullo Mahbubiyning qizi ekanligi qayd qilingan. Oʻzbek tarixchisi Turgʻun Fayziyev oʻzining „Temuriylar shajarasi“ (Toshkent, 1995) kitobida Temurbekning onasi toʻgʻrisida „Jangnomayi Amir Temur Koʻragon“ kitobiga tayangan holda Buxoro ulamolarining eng ulugʻi „Sadr ash-Sharia“ning qizi ekanligini keltiradi.
Temurbekning opasi Qutlugʻ Turkon ogʻo va singlisi Shirinbeka ogʻo edi. Ular Temurbekdan oldin vafot etishgan va Samarqanddagi Shohi Zinda majmuasidagi maqbaralarda koʻmilishgan. Shuningdek, Mu‘izz al-ansab manbasiga ko‘ra, Temurning yana uch nafar ukasi — Juki, Alim Shayx va Suyurg‘atmish ham bo‘lgan.
Temur 1362-yilda Seyistonga birinchi kelishi chogʻida oʻng oyogʻidan va oʻng qoʻlidan Mamaqtuv (Yazdli Sharafiddin, Zafarnoma 19a,19b, 89b) tomonidan yoydan otilgan oʻqdan yaralangan. Temurbek Islom dini bilimlariga tayanib yurishlar qiladi va oʻzini „Islom qilichi“ sifatida taniltiradi. Islom dinini yoyish yoʻlida qilgan yurishlaridan keyin Abu Fotih otini oladi. 1402-yilda Izmir qal’a qamalida katolik gospitaliyerlarini, Gurjiston (Gruziya) nasroniylarini bir necha bor yutishi ortidan Abu Gʻoziy otini oladi. Turklar oʻz odatiga koʻra oʻz yetakchilarini Bek deb atashardi. Shu yuzdan Temurbek ham Bek otini oladi. 1404-yilda Samarqandda boʻlgan Kastiliya (ispaniya) elchisi Rui Gonzales de Klavixo oʻzining sayohat qoʻlyozma kundaligida ham Temurbek otini qoʻllaydi.