Xitoyc imo-ishora tili (qisqartmasi: CSL yoki ZGS; ) — Xitoy hududida qoʻllaniladigan asosiy imo-ishora tili. U Tayvanda ishlatiladigan Tayvan imo-ishora tili bilan qarindosh emas. Mandarin (xitoy) tilining imo-ishoralarga koʻchirilgan sunʼiy shakli esa „Wénfǎ Shǒuyǔ“ (soʻzma-soʻz: „grammatik imo-ishora tili“) deb ataladi.
Tarixi Xitoy adabiyotida imo-ishora tiliga oid dastlabki maʼlumotlar Tan sulolasi davriga toʻgʻri keladi va unda „koʻzgu“ soʻzi uchun ishlatilgan imo-ishora hujjatlashtirilgan. Sun sulolasi davrida yashagan ijodkor Su Dongpo oʻz asarlarida imo-ishora tilining muayyan bir shaklidan foydalangan jamoani tasvirlaydi. Keyinchalik, Min sulolasi davrida dramaturg Xu Wei tomonidan yozilgan „Zen ustozi Yuyning Suy qishlogʻidagi tushi“ deb nomlangan pyesada imo-ishora tilida soʻzlashish sahnalari tasvirlangan.
Xitoydagi ilk karlar maktabi — Chefu (boshqa nomi Yantay) karlar maktabiga 1887-yilda presviterian missioneri Annetta Thompson Mills tomonidan asos solingan. Mazkur maktabda 1880-yilgi Milan konferensiyasi qarorlaridan kelib chiqqan holda, karlar taʼlimida ogʻzaki nutqqa tayanish yondashuviga asoslangan imo-ishora tili shakllantirildi. Karlar uchun yana bir maktab 1897-yilda Shanxayda fransuz katolik tashkiloti tomonidan tashkil etilgan. Xitoy imo-ishora tili aynan mana shu ikki tayanch nuqta asosida rivojlandi.
Turli hududlarda karlar uchun ochilgan maktablar, ustaxonalar va fermalar Xitoy imo-ishora tilining mamlakat boʻylab keng va muvaffaqiyatli tarqalishida asosiy vosita boʻlib xizmat qildi. Bunday ijtimoiy markazlar bilan aloqasi boʻlmagan boshqa karlar esa odatda oʻz oila davrasida shakllangan va „uy imo-ishoralari“ deb yuritiladigan imo-ishoralar majmuasidan foydalanishga moyil.
1960-yillarda madaniy va siyosiy sabablarga koʻra ayrim imo-ishoralar „tabu“ deb eʼlon qilindi. Masalan, „oltin“ soʻzining imo-ishorasi burjuaziyaning ramzi hisoblangan tilla uzuklarni eslatgani uchun; „Mao Szedun“ nomi uchun ishlatiladigan imo-ishora uning yuzidagi xolga ishora qilgani sababli hurmatsizlik sifatida baholanib taqiqlandi; „Yaponiya“ soʻzi uchun standart imo-ishora esa ushbu mamlakat bilan munosabatlarning yomonlashishi yoki yaxshilanishiga qarab bir necha bor oʻzgartirildi. Biroq, rasmiy taqiqlarga qaramay, soʻzlashuv nutqida bu imo-ishoralar qoʻllanishda davom etdi.
1992-yilda asosan AQShdan kelgan karlar tomonidan Xitoy Karlar milliy assotsiatsiyasi tashkil etildi. Ushbu tashkilot tuzilishining asosiy sababi karlar turmush darajasini boshqa imkoniyati cheklangan shaxslar uchun yaratilgan sharoitlar darajasiga koʻtarish edi. Assotsiatsiyaning bosh maqsadlari karlar farovonligini yaxshilash, karlar taʼlimi va Xitoy imo-ishora tilini oʻrganishni ragʻbatlantirish hamda Xitoydagi karlar hamjamiyatining ehtiyojlarini himoya qilishdan iborat.
Tasniflanishi Xitoy imo-ishora tilining ikkita asosiy shevasi mavjud: Janubiy Xitoy imo-ishora tili (markazi Shanxay boʻlib, Fransiya imo-ishora tili taʼsirida shakllangan) va Shimoliy Xitoy imo-ishora tili (Chefu karlar maktabidan kelib chiqqan boʻlib, Amerika imo-ishora tili taʼsirida rivojlangan). Shimoliy sheva xitoy tilining kuchliroq taʼsiriga ega hamda unda, masalan, iyerogliflarga asoslangan soʻz oʻyinlari uchraydi. Gonkong imo-ishora tili janubiy shevadan kelib chiqqan, biroq uzoq vaqt davomida alohida rivojlangani sababli, hozirda mustaqil til deb hisoblanishi mumkin. Shanxay shevasi Malayziya va Tayvanda ham uchraydi, biroq Xitoy imo-ishora tili kelib chiqishi jihatidan Tayvan imo-ishora tili (Yaponiya tillari oilasiga mansub), Malayziya imo-ishora tili (Fransiya tillari oilasiga mansub) yoki Tibet imo-ishora tili (yakkalangan til) bilan bogʻliq emas.
Inkor gaplarni hosil qilish morfologiyasi boʻyicha Xitoy imo-ishora tili Britaniya imo-ishora tili bilan oʻxshashliklarga ega. Buning sababi Shanxayda britaniyaliklar bilan boʻlgan tarixiy aloqalar bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Xitoy imo-ishora tili va Britaniya imo-ishora tilining umumiy xususiyatlaridan biri — koʻplab oʻzaro bogʻliq imo-ishoralarda (masalan, „bilmayman“ maʼnosida) ijobiy maʼno uchun bosh barmoqdan, salbiy maʼno uchun esa jimjiloqdan foydalanilishidir.
Manbalar
Turkum:Xitoyda karlar madaniyati Turkum:Xitoy imo-ishora tillari